AQShning Janubiy Karolina shtatida 13 yil ichida birinchi marta mahbusga o‘lim jazosi qo‘llandi, deb xabar bermoqda CNN. Jazo inʼeksiya yordamida ijro etildi.
46 yoshli Freddi Ouens 1999 yilda Grinvilldagi do‘konda sodir etilgan o‘g‘irlik paytida sotuvchini o‘ldirgani uchun hukm qilingandi. Erkakka, odatda uy hayvonlarini uxlatish uchun qo‘llanadigan tinchlantiruvchi dori — pentobarbital yuborildi.
CNN nashrining yozishicha, 19 sentabr kuni Janubiy Karolina Oliy sudi hukm ijrosini kechiktirishni rad etdi. Shtat gubernatori Henri Makmaster mahbusni afv etishdan bosh tortdi.
Advokatlar Ouensning huquqlari buzilganini ta’kidlamoqda — jarayondan oldin unga in’yeksion dori haqida ma’lumot berilmagan. Dastlab, Ouensning qatl etilishi 2021 yil 25 iyunga belgilangandi.
Janubiy Karolina jinoyatchilarni qatl etish bo‘yicha AQSh shtatlari orasida yetakchilardan biri edi. Shu bilan birga, mintaqa qatl uchun zarur bo‘lgan dori vositalarini olishda muammolarga duch keldi. Shtatda dori yetishmasligi tufayli otib o‘ldirish orqali qatl etishga ruxsat berildi.
2019 yil yozida, Tramp prezidentligi davrida, AQShda federal darajada chiqarilgan o‘lim hukmlarini ijro etishga qaytish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘sha paytda mamlakatda 2003 yildan beri birorta o‘lim jazosi qo‘llanilmagan, ammo shtatlar hukumatiga uni mustaqil ravishda tayinlash va amalga oshirishga ruxsat berilgandi. Agar ayblanuvchilar qotillik sodir etishdan oldin odamlarni tahqirlagan yoki yosh bolalarni zo‘rlagan bo‘lsa, unga oliy jazoni qo‘llash taklif etilgan.
2021 yil iyul oyida AQSh bosh prokurori Merrik Garland mamlakatda o‘lim jazosiga vaqtinchalik moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Qaror Adliya vazirligi o‘lim inʼeksiyalari orqali qatl etishning qanchalik insoniylikka mos ekanligini tekshirishi, shuningdek, Tramp davrida Oq uy ma’muriyati tomonidan ushbu jazo bo‘yicha kiritilgan o‘zgartirishlarni o‘rganishi zarurati bilan qabul qilindi.