Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi - OAV

Jahon 20:43 3079

Oktyabr oyida Isroilning Eron harbiy obektlariga bergan zarbalari oqibatida Tehron yaqinidagi yadroviy qurol tadqiqot markazi vayron bo‘ldi. Bu haqda Axios nashri Isroil va AQSh rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Gap Eron poytaxtidan taxminan 30 kilometr janubi-sharqda Parchin harbiy majmuasi hududidagi Telegan-2 inshooti haqida ketmoqda. 2003 yilda «muzlatib» qo‘yilgunga qadar u Eronning yadro quroli dasturining bir qismi edi.

Taxminlarga ko‘ra, ushbu obektda yadroviy qurilmani harakatga tushiruvchi portlovchi moddalar sinovdan o‘tkazilgan. Zarba oqibatida bunday tadqiqotlar uchun mo‘ljallangan murakkab uskunalar yo‘q qilingani ta’kidlanmoqda.

AQSh va Isroil razvedka xizmatlari obektdagi faollikni yil boshida payqagan. Nashr manbalarining da’vo qilishicha, Eron yadro qurolini yaratishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan, biroq ayni paytda fuqarolik yadroviy dasturi doirasida taqdim etilgan joyda tadqiqot ishlarini qayta boshlagan.

«Ular yadroviy qurol ishlab chiqarishga asos soladigan ilmiy izlanishlar olib borgan. Bu sir edi. Bu haqda Eron hukumatining oz qismigina bilardi», dedi manbalardan biri.

Nashr eslatishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden oktyabr oyidagi Isroil zarbasidan oldin bosh vazir Binyamin Netanyahudan Eron bilan urush qo‘zg‘atmaslik uchun yadro obektlariga hujum qilmaslikni so‘ragan edi.

Axios manbalarining ta’kidlashicha, obektning vayron bo‘lishi Eronning yadroviy qurol bo‘yicha tadqiqotlarni qayta boshlash harakatlariga «sezilarli» putur yetkazgan.

26 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil mudofaa kuchlari Erondagi harbiy obektlarga bir qator havo zarbalarini berdi. Eron Isroil hujumiga «muvozanatli va puxta» javob berish bilan tahdid qildi.

Eron yadroviy qurol yaratish rejasini rad etib keladi. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) boshqaruvchilar kengashi yaqinda Eronni tashkilot bilan hamkorlik qilmayotganligi uchun qoralovchi rezolyutsiyani ovozga qo‘yishi kutilmoqda. Eron bunga javoban AEXA bilan hamkorlikni yanada cheklashi mumkinligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: