Markaziy bank raisi o‘rinbosari energetika tariflarining inflatsiyaga ta’sirini izohladi

Iqtisodiyot 21:01 / 20.05.2024 6072

Senatning 18 may kungi yalpi majlisida hisobot bergan Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev senatorlarning may oyida aholi uchun elektr toki va tabiiy gaz tariflari o‘zgarishi inflatsiyaga qanday ta’sir qilishi haqidagi savoliga javob berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Uning aytishicha, regulyator bunga oldindan tayyorgarlik ko‘rib kelgan.

“Asosiy stavkani o‘tgan yili mart oyida 17 foizdan 14 foizga tushirdik. 14 oydan beri asosiy stavkani ushlab turibmiz. Biz bunga hukumat, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan tayyorgarlik ko‘rib kelganmiz. Bilardikki, bu yil aprel-may oylarida narxlar erkinlashtiriladi. Oldingi anjumanlarda nima uchun MB baland foiz stavkasini ushlab turadi degan savollar bo‘lardi. Chunki Markaziy bank [energetika tariflari oshishiga] tayyorlanib kelayotgandi. Hozirgi qat’iy sharoitlar inflatsiyaning ko‘tarilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Moliyaviy shartlar O‘zbekiston sharoitida juda qattiq. Bu birinchi omil”, – dedi Behzod Hamroyev.

MB raisi o‘rinbosariga ko‘ra, yana bir omil – yuridik va jismoniy shaxslar uchun tariflar o‘zgarishi har xil xususiyatga egaligi bilan bog‘liq.

“O‘tgan yil oktyabrda yuridik shaxslar uchun narxlar oshirilgandi, 1 maydan aholiga oshirildi. Bu ikkovi xususiyat, inflatsiyaga ta’siri nuqtayi nazaridan farq qiladi. Tadbirkorlik, ishlab chiqarishga oshirilganda u ma’lum bir ikkinchi oqibatlarni, zanjir effektini keltirib chiqarishi mumkin. Chunki tadbirkorlar [bu xarajatlarni mahsulot] narx ichiga qo‘shib yuborishi mumkin. Lekin aholiga oshirilganda ikkinchi zanjir bo‘lmaydi. Bu yerda to‘g‘ri kommunikatsiya juda muhim rol o‘ynaydi”, – dedi u.

Behzod Hamroyevning qo‘shimcha qilishicha, yil oxirida umumiy inflatsiya 9 foizni tashkil etishi kutilyapti. “May oyidagi narxlarni erkinlashtirish bu bir martalik va qisqa muddatli [shok]. Ammo yil oxirigacha joyiga qayta tushadi”, – dedi u.

“Chunki buyoqda bazaviy inflatsiyani oshirishga sharoit yo‘q, pastga ketaveradi. Bitta narsani inobatga olishimiz kerak, bu kommunikatsiya muammosi deb o‘ylayman. Oziq-ovqat bozorini to‘ldirish bo‘yicha hukumat komissiyasi bor, viloyatlarda rahbarlari bor. Doimiy ravishda bozorlar o‘rganib boriladi, qanaqadir oziq-ovqat narxlarining oshishiga signallar bo‘lsa, tezkor choralar ko‘riladi. Inflatsiyaning hozirgi pasayishi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror qolgani bilan bog‘liq. 2021 yilda inflatsiyani keltirib chiqargan omil oziq-ovqat edi, 2022-2023 yillarda oshib kelib, hozir o‘sishdan to‘xtagan.

Hozirgi tarif islohoti bozorlarni mahsulotga to‘ldirishga va narxlarni o‘rta muddatda pasaytirishga yordam beradigan islohot”, – dedi MB raisi o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: