Fransiyaning dengiz ortidagi hududi bo‘lmish Yangi Kaledoniyada bir haftadan buyon ommaviy tartibsizliklar davom etmoqda. Bunga fransuz parlamentining oroldagi mahalliy saylovlarda metropoliyadan kelganlarga ovoz berish huquqini taqdim etish to‘g‘risidagi qarori sabab bo‘ldi, mahalliy aholi vakillari buni Parijning arxipelagdagi ta’sirini kuchaytirish hamda ularga mustaqillikka erishishga yo‘l qo‘ymaslikka urinish sifatida baholamoqda. Fransiya Yangi Kaledoniyada favqulodda holat e’lon qilgan — va kutilmaganda Ozarboyjonni norozilik namoyishlarini tashkillashtirishga aloqadorlikda ayblagan.
Yangi Kaledoniya qanday joy o‘zi?
Yangi Kaledoniya — Tinch okeanida shu nomdagi katta orol hamda uning atrofidagi bir qancha kichik orollardan iborat arxipelag bo‘lib, Avstraliyaning sharqiy sohillaridan taxminan bir yarim ming kilometr masofada, yashil qit’a va Fidji orollari o‘rtasida joylashgan. Avvaliga fransuz hukumati bu hududdan mahbuslarni saqlash joyi sifatida foydalangan: 1864 yildan 1897 yilga qadar bu yerga 22 ming atrofida jinoyatchi yuborilgan. XIX asrda bu yerdagi asosiy mahalliy aholi — kanaklar (Melaneziya xalqlaridan biri) bir necha bor isyon ko‘targan.
Bugungi kunda orol aholisi — 300 ming kishi atrofida. Shundan 40 foizdan ortig‘ini (112 ming kishi) kanaklar tashkil etadi, yana 25 foizga yaqinini — yevropaliklar, qolgan qismi — metislar va boshqa xalqlar vakillaridan iborat. Yangi Kaledoniyada xrom, kobalt, molibden va oltin, shuningdek nikel qazib olinadi, uning zaxiralari bo‘yicha Yangi Kaledoniya dunyoda Indoneziyadan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi.
Yangi Kaledoniya Fransiyadan muxtor avtonomiya bo‘lsa-da, ko‘p masalalarda, jumladan mudofaa va ta’lim masalalarida unga jiddiy qaram. U shuningdek Parijdan katta subsidiyalar oladi.
Yangi Kaledoniya rasman «maxsus maqomga ega ma’muriy-hududiy birlik» sifatida Fransiya tarkibiga kiradi. Bunday alohida maqom 1998 yilda kanaklarning mustaqillik uchun yigirma yil davom etgan qurolli kurashidan keyin fransuz qonunchiligida mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, Yangi Kaledoniya Fransiya tarkibida qolgan, ammo Parij 20 yildan keyin mustaqillik bo‘yicha kamida uchta referendum o‘tkazilishini kafolatlagan. Referendumlar 2018, 2020 va 2021 yillarda o‘tkazildi — uch safar ham saylovchilarning ko‘pchilik qismi (56 foiz, 53 foiz va 95 foizdan) mustaqillikka qarshi ovoz berishgan.
Shu bilan birga, 1998 yilgi kelishuvda Yangi Kaledoniyadagi referendumlar va mahalliy saylovlarda faqat o‘sha vaqtda arxipelagda yashab turganlar hamda ularning avlodlari ovoz berishi mumkinligi belgilab qo‘yilgandi. Fransiyaning Yevropadagi qismidan Yangi Kaledoniyaga keluvchi va tabiiyki Parijdagi hokimiyatga moyil bo‘lgan, mustaqillikka qarshi kuchlar ustunlikka erishmasligi uchun shunday yo‘l tutilgan. 2024 yilga kelib bunday odamlar soni 42 mingga yetdi — bu orol aholisining qariyb beshdan bir qismidir.
Bunday aholi soni oshishi munosabati bilan Fransiya parlamenti ularga ovoz berishni taqiqlovchi cheklovlarni bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi: 2 aprel kuni senat mamlakatning Yangi Kaledoniyada rasman 10 yildan ortiq vaqt mobaynida yashab kelayotgan barcha aholisiga ovoz berish huquqini taqdim etishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi — ular muqaddam ushbu regionga hech qanday aloqador bo‘lmagan bo‘lsa ham. Aynan shu holat tartibsizliklar keltirib chiqardi.
Tartibsizliklar keltirgan zarar Yangi Kaledoniya yalpi ishlab mahsulot hajmining 2,5 foizini tashkil etadi. Ularni bostirish uchun armiya jalb etilgan
Qonun loyihasi tufayli ko‘pdan ko‘p aksiyalar (ular tarafdorlar tomonidan ham, qarshilar tomonidan ham o‘tkazildi) aprel oyi o‘rtalarida boshlangan va avvaliga tinch kechayotgandi. Ammo 13 may kuni, hujjat Fransiya parlamentining quyi palatasida muhokama qilinishi arafasida unga qarshilarning navbatdagi namoyishi tartibsizliklarga aylanib ketdi: miting ishtirokchilari do‘konlar va yonilg‘i quyish shoxobchalarini talashdi va o‘t qo‘yishdi, mashinalarni ag‘darib, politsiyachilar bilan to‘qnashuvlarga kirishdi. Tartibsizliklar keyingi kunlarda ham davom etdi.
15 may kuni Parij Yangi Kaledoniya hududida rasman 12 kun muddatga favqulodda holat e’lon qildi. FV rejimai doirasida rasmiylar TikTok platformasini bloklashdi, bu xitoyliklarning ushbu ijtimoiy tarmog‘ida tartibsizliklarga chaqiriqlar keng tarqalgani bilan izohlandi — bu ushbu ijtimoiy tarmoqning Yevroittifoq a’zosi bo‘lgan mamlakat tomonidan bloklanishi bilan bog‘liq ilk holatdir. Maktablarda darslar to‘xtatildi, ommaviy yig‘ilishlar o‘tkazish va alkogol sotishga rasman taqiq qo‘yildi, shuningdek, komendantlik soati joriy etildi. Metropoliya rasmiylari Yangi Kaledoniyaga huquq-tartibot organlarining ming kishilik kontingentini yubordi, politsiyachilarga yordam uchun muntazam armiya qismlari joylashtirildi.
Fransiya bosh vaziri Gabriel Attal harbiylar Yangi Kaledoniyada joylashgan portlar va asosiy aeroport xavfsizligini ta’minlashini ma’lum qilgan.
Tartibsizliklar chog‘ida ko‘plab supermarketlar talonchilikka uchragani tufayli Yangi Kaledoniyada oziq-ovqat ta’minotida taqchillik boshlandi, poytaxt Numeada ulkan navbatlar paydo bo‘ldi. Ayrim supermarketlar bir vaqtning o‘zida kiradigan odamlar soniga, shuningdek bir qo‘lga sotiladigan mahsulotlar miqdoriga cheklovlar kiritdi. Bu fonda Fransiya hukumati orolga qo‘shimcha oziq-ovqat zaxiralari yuborilishini e’lon qildi.
To‘qnashuvlar oqibatida besh kishi halok bo‘lgan — namoyishchilarning uch nafari va huquq tartibot organlarining ikki xodimi. Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanenning ma’lum qilishicha, yuzlab kishilar, jumladan 100 ga yaqin politsiyachi yaralangan. 200 ga yaqin kishi qo‘lga olingan, talonchilik tashkilotchiligida gumonlangan o‘nlab kishilar uy qamog‘iga tashlangan. To‘rt kunlik tartibsizliklar davomida 200 million yevro miqdorida zarar yetkazilgan — bu ushbu region YaIMning 2,5 foizi demakdir. 17 may tongida rasmiylar talonchilik holatlari kamayganini, ammo vaziyat keskinligicha qolayotganini ma’lum qildi.
Tartibsizliklarga qaramay, 15 mayga o‘tar kechasi Fransiya parlamentining quyi palatasi qonun loyihasini 351 ovoz bilan (153 kishi qarshi) qabul qildi. Endi hujjat parlamentning quyi va yuqori palatalarining qo‘shma yig‘ilishida uzil-kesil tasdiqlanishi lozim, bunda deputatlarning uchdan ikki qismining qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.
Fransiya Ozarboyjonni tartibsizliklarga aloqadorlikda aybladi. Bokudagilar barchasini rad etdi
Fransiyada yuz minglab etnik armanlar yashaydi, shuning uchun rasmiy Parij azaldan Armanistonning ittifoqchisi sanaladi. Masalan, Qorabog‘dagi so‘nggi urushda prezident Emmanuel Makron Ozarboyjonning kuch qo‘llashini dunyodagi barcha yetakchilardan ko‘ra keskinroq ohangda qoralab chiqqandi.
O‘tgan oyda Fransiya Ozarboyjondan o‘z elchisini chaqirib olgan, Ozarboyjon bunga javoban Fransiyani «buzg‘unchilik faoliyati»da ayblagan.
Fransiya bilan munosabatlar yomonlashishi fonida Ozarboyjon 2019 yildayoq Kaledoniya mustaqilligi tarafdorlari bilan aloqalarni rivojlantirishni boshlagandi, buni «mustamlaka qilingan xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi»ni qo‘llab-quvvatlash bilan izohlagan. 2023 yil iyulida Boku tashabbus guruhi tuzilgan — rasmiy ravishda hukumatdan mustaqil hisoblanadigan bu tashkilot maqsadi fransuz mustamlakachiligiga qarshi kurashish edi. 2024 yil aprel oyi oxirida — namoyishlar fonida — Ozarboyjondagi davlat nashrlari Bokuga Yangi Kaledoniya parlamenti deputati Bokuga tashrif buyurgani va Ozarboyjonga mustaqillikka intilishlarni qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgani haqida xabar bergan.
Yangi Kaledoniyadagi namoyishchilarga Ozarboyjon tomonidan qandaydir moliyaviy yordam ko‘rsatilganiga hech qanday dalil yo‘q. Shu bilan birga, mustaqillik tarafdorlari namoyishlar chog‘ida Ozarboyjon bayroqlari hamda ushbu mamlakat prezidenti Ilhom Aliyevning portretlarini ko‘tarib yurishgan.
16 may kuni esa Fransiya IIV rahbari Jyerald Darmanen to‘g‘ridan to‘g‘ri Ozarboyjon hukumati Yangi Kaledoniyadagi voqealarga aloqadorligi haqida aytdi. «Bu fantaziya emas, be reallik. Afsuski, Yangi Kaledoniya mustaqilligini talab qilayotgan ayrim ayirmachilar Ozarboyjon bilan kelishuvga ega, bunga shubha yo‘q», — degan dushanba kuni France 2 telekanaliga bergan intervyusida. U «agar aralashuvga urinishlar bo‘lgan taqdirda ham, Fransiya baribir o‘z hududi ustidan suverenitetni saqlab qolishi»ni qo‘shimcha qilgan.
Darmanen gap aynan qanday aralashuv haqida borayotganiga aniqlik kiritmagan, ammo Ozarboyjon TIV bu ayblovga javoban maxsus bayonot e’lon qilib, «fransuzlar vazirining asossiz fikrlari to‘liq rad etilishi»ni ma’lum qilgan va o‘z navbatida Parijni «tuhmatlar kampaniyasi» o‘tkazishda ayblagan.
«Fransiya ichki ishlar vaziri Ozarboyjonni Yangi Kaledoniyadagi mustaqillik tarafdorlarining norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblagandan ko‘ra, o‘z mamlakatining dengiz ortidagi hududlarida bunday namoyishlarga sabab bo‘lgan muvaffaqiyatsiz siyosatiga e’tibor qaratishi lozim, — deyilgan Boku bayonotida. — Biz Fransiyani yana bir bor mamlakatimizga qarshi asossiz da’volarni to‘xtatishga chaqiramiz».