Eron prezidenti vertolyoti halokatga uchradi

Jahon 18:27 / 19.05.2024 63186

Bortida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyot Ozarboyjon bilan chegara yaqinida «qattiq qo‘nish»ni amalga oshirgan, bu haqda Associated Press agentligi Eron davlat televideniyesiga asoslanib xabar tarqatgan.

Qayd etilishicha, qutqaruvchilar poytaxt Tehrondan taxminan 600 km shimoli-g‘arbda ro‘y bergan voqea joyiga yetib borishga harakat qilmoqda. Qutqaruv amaliyotini noqulay ob-havo sharoiti qiyinlashtirmoqda — hududda tuman, yomg‘ir va kuchli shamol kuzatilmoqda.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy ham prezident vertolyoti bilan bog‘liq hodisa faktini tasdiqlagan va qutqaruv brigadalari hozircha voqea joyiga yetib bora olmaganini bildirgan.

Ayni vaqtda Qizil Yarim oy qutqaruvchilari, harbiy xizmatchilar va politsiyachilar ishtirokida keng ko‘lamli qidiruv amaliyoti o‘tkazilmoqda.

Vertolyotda Eron prezidentidan tashqari mamlakat tashqi ishlar vaziri Hussayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmati, oyatullohning Sharqiy Ozarboyjon viloyatidagi vakili Muhammad Ali al-Hoshim va boshqa bir necha mulozimlar ham bo‘lgan.

Bortida Eron prezidenti bo‘lgan vertolyotga nima bo‘lgani mavhumligicha qolmoqda. Erondagi turli axborot agentliklarida bir-biriga zid keluvchi xabarlar tarqalmoqda. Ammo bu xabarlar bitta ma’lumotni tasdiqlaydi, unga ko‘ra, prezident va uning a’yonlarini Eron shimoli-g‘arbidagi chegaradosh hududdan olib qaytayotgan uchta vertolyotdan biri kuchli tuman tufayli qiyinchilikka uchragan.

Hozircha hodisa oqibatida prezident jabrlangan yoki yo‘qligi ma’lum emas, u va uning hamrohlari bilan hozircha aloqa o‘rnatilmagan.

Raisiy 19 may kuni tongda Ozarboyjonda prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashgandi. Davlatlar rahbarlari Araz daryosidagi to‘g‘on ochilishi marosimida ishtirok etgandi.

IRNA agentligi Araz daryosi bo‘yidagi marosimdan keyin Raisiy uchib ketishi vaqtida olingan suratni namoyish etdi

Eronda vertolyotlar ko‘p, ammo xalqaro sanksiyalar ularni ta’mirlash va xizmat ko‘rsatishni qiyinlashtirgan. Mamlakat harbiy-havo floti asosan 1979 yilgi Islom inqilobidan oldin tashkil etilgandi.

Avval mamlakat sud tizimiga rahbarlik qilgan 63 yoshli Raisiy Eron oliy diniy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiyning yaqin kishisi hisoblanadi va tahlilchilar uni  85 yoshli yetakchining vorisi sifatida ko‘rishardi.

Raisiy Eronda 2021 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongandi, bu saylov Islom respublikasi tarixida davomat eng past darajada bo‘lgan ovoz berish jarayoniga aylangandi. Raisiy 1988 yilda Eron-Iroq urushi vaqtida minglab siyosiy mahbuslar ommaviy qatl etilishiga aloqadorligi tufayli Amerika sanksiyalariga uchragandi.

Ko‘proq yangiliklar: