Xitoyda har bir yosh toifasiga mos tarzda bolalarning ekranga qarash vaqti cheklangan. Britaniyalik olimlarning o‘rganishlariga ko‘ra, bu cheklovlarning natijasi ijobiy.
Xitoy cheklovlariga ko‘ra, 8 yoshdan kichik bolalar kuniga uzog‘i 40 daqiqa davomida videokontent ko‘rishi mumkin. Bu kontent boshlang‘ich ta’lim, qiziqishlar, mustaqil san’at ta’limiga oid bo‘lishi kerak. 8 yoshdan kattaroq bolalarga kuniga 60 daqiqadan ko‘p videoga qarash mumkinmas. Bu yoshdan ularga nazorat ostida ko‘ngilochar kontent ko‘rishiga ruxsat beriladi. Kompyuter o‘yinlarini esa haftasiga 3 soatdan ko‘p o‘ynash mumkin emas.
Bundan tashqari, kompyuter o‘yinlari ishlab chiquvchilar yosh omilini e’tiborga olishi, o‘qituvchilarning bolalarga beradigan uyga vazifalari kamaytirilgan edi. Natijada, Xitoyda bolalarning zerikarli o‘tadigan vaqti va harakatsiz tarzdagi mashg‘ulotlari qisqardi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, cheklovlar bilan bolalarning harakatsiz mashg‘ulotlari 13,8 foizga kamaygan. Bu – shahar hududida yashovchi bolalar uchun bir kunda 45 daqiqa harakatsiz bo‘lib o‘tirish mumkin bo‘lgan vaqt hisoblanadi.
Bunday xulosaga kelish uchun tadqiqotchilar 9 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 7 ming nafar yuqori sinf o‘quvchilarining ma’lumotlarini o‘rganishgan. Ma’lumotlar ekranga qarash vaqtiga cheklov qo‘yilishidan oldingi va keyingi muddat: 2020 va 2021 yillarga tegishli.
Cheklovlar sabab bolalarning ekran vaqti o‘rtacha 10 foizga kamaygan, bu taxminan 10 daqiqa atrofidagi vaqtga to‘g‘ri keladi.
JSST 5-17 yoshdagi bolalar va o‘smirlar uchun jismoniy faollikning muhimligini qayd etgan. Ular har kuni kamida 60 daqiqa o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy harakat bilan shug‘ullanishi kerak. Bolalarga uzoq muddat bir joyda o‘tirish kabi harakatsizlik mumkin emas.