Ukraina prezidenti: Havo hujumidan mudofaa ehtiyojlari chorak qismga yopildi

Jahon 08:56 / 18.05.2024 4712

Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimlariga bo‘lgan ehtiyoji atigi chorak qismga yopildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 18 may, shanba kuni chop etilgan AFP agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Bundan tashqari, Rossiyaning havodagi ustunligini tugatish uchun mamlakatga 120-130 ta zamonaviy jangovar samolyot kerak, deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari F-16 ko‘p maqsadli qiruvchilarini misol sifatida keltirib. 

Qo‘shinlarning ruhiy holati haqida 

Shu bilan birga, Zelenskiy harbiy xizmatchilarning yetishmasligi va Ukraina Qurolli kuchlari ruhiy holati bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ta’kidladi. «Biz zaxiralarni to‘ldirishimiz kerak», dedi u. Mavjud brigadalar orasida «asosiy qismi bo‘sh», deb tushuntirdi Ukraina rahbari. «Biz buni qilishimiz kerak, shunda yigitlar normal rotatsiyaga ega bo‘ladilar», - deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari. Ukrainada 18 may kuni keng ko‘lamli safarbarlik to‘g‘risidagi qonun to‘liq kuchga kirdi. 

Rossiya uchun «eng katta ustunlik» 

Shu bilan birga, Zelenskiy G‘arb davlatlarining Rossiya hududiga hujumlar uchun ular yetkazib bergan qurollardan foydalanishni taqiqlovchi pozitsiyasini tanqid qildi. Bu holat Rossiya Federatsiyasi uchun «eng katta ustunlik», deb hisoblaydi u. «G‘arb Rossiya urushda yutqazib qo‘yishidan qo‘rqishini ko‘rib biz g‘alati vaziyatga tushib qoldik. U Ukraina ham yutqazishini istamaydi», - deya ta’kidladi AFP suhbatdoshi. 

«Albatta, biz urushning adolatli yakunlanishini istaymiz, G‘arb urushning tezroq tugashini xohlaydi», — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Xarkiv viloyatida vaziyat nazoratga olingan 

Zelenskiy Rossiyaning Xarkiv viloyatidagi hujumini e’tiborsiz qoldirmadi. Ukraina rahbari so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan hujumlarning «birinchi to‘lqini» bo‘lishi mumkin. Rossiya qo‘shinlari Ukraina armiyasi tomonidan to‘xtatilgunga qadar chegaradan «besh-o‘n kilometr» ichkariga o‘tishdi, dedi u. 

Mintaqada vaziyat «nazorat qilinmoqda», ammo «barqarorlashtirilmagan», deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. Uning fikriga ko‘ra, rus qo‘shinlari Xarkivga hujum qilish niyatida, ammo bu «juda qiyin» bo‘lishini tushunyapti. Shu bilan birga, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Rossiya armiyasi «bugungi kunda» Xarkivni egallashni rejalashtirmagan, balki Belgorod viloyati bilan chegaradosh hududlarda «sanitar zona» yaratishga harakat qilmoqda. 

Kiyev dushman foydasiga ishlaydigan har qanday sulhga qarshi 

Bundan tashqari, Ukraina rahbari Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlari vaqtida sulh tuzish taklifiga shubha bilan qaradi. «Birinchidan, biz Putinga ishonmaymiz. Ikkinchidan, u qo‘shinlarni olib chiqib ketmaydi. Uchinchidan, Rossiya bu vaqtdan foydalanib, bizning hududimizga o‘z qo‘shinlarini kiritmasligiga kim kafolat beradi?» – tushuntirdi Zelenskiy. «Biz dushman foydasiga ishlaydigan har qanday sulhga qarshimiz», deb ta’kidladi Ukraina davlati rahbari. 

Xitoy va Shveytsariyadagi tinchlik sammiti haqida

Shu bilan birga, Zelenskiy Xitoyning Ukraina bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan tinchlik sammitida ishtirok etishidan manfaatdorligini bildirdi. Xitoy uchun urushda Rossiyaning ehtimoliy mag‘lubiyati «G‘arb g‘alabasini» anglatadi va Pekin «ular o‘rtasida muvozanatni topishni xohlaydi», dedi Ukraina rahbari. «Shuning uchun men Xitoyning Shveytsariyada 15-16 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan konferensiyasida ishtirok etishini istardim», deb tushuntirdi agentlik suhbatdoshi. Xitoy kabi global o‘yinchilarning tadbirda ishtirok etishi muhim, chunki ular Moskvaga ta’sir o‘tkazishga qodir, deb hisoblaydi Ukraina prezidenti. 

Ko‘proq yangiliklar: