Putin: Rossiya va Xitoy yangi gaz quvurini quradi

Jahon 09:43 / 18.05.2024 4888

Rossiya va Xitoy energetika sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida. Rossiya gazini Mo‘g‘uliston orqali Xitoyga o‘tkazish uchun «Sibir qudrati 2» gaz quvurini qurishdan ikki davlat ham manfaatdor ekanini tasdiqladi, dedi Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17 may, juma kuni Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida.

«Strategik jihatdan Rossiya ham, Xitoy ham yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasida hamkorlikni rivojlantirishni xohlaydi va kompaniyalar «Sibir qudrati 2» gaz quvurini qurish bo‘yicha ikki tomonning ham manfaatdorligini tasdiqladi. Bunga parallel ravishda neft quvurini davom ettirish mumkin. Bir koridorda ham gaz, ham neft quvurini yotqizish mumkin, lekin eng yaxshisini mutaxassislar hal qilishi kerak», dedi Putin.

O‘zaro hisob-kitoblar muammosi

«Xitoy iqtisodiyoti o‘sib bormoqda, bu o‘sishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan energiya resurslarini ko‘paytirish talab qilinadi», dedi Rossiya prezidenti. U Rossiya va Xitoy o‘zaro hisob-kitoblarga oid yechimni topishiga ishonch bildirdi, bu Xitoy banklariga Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida AQSh tomonidan joriy qilingan ikkilamchi sanksiyalar tahdididan qochish imkonini beradi.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak kecha ikki davlat yaqin kelajakda «Sibir qudrati 2» gaz quvurini qurish bo‘yicha kelishuv imzolashni rejalashtirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mo‘g‘uliston orqali 50 milliard kub metrgacha Rossiya gazini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolash ko‘zda tutilgan.

Rossiya-Xitoy loyihalari

Rossiya Yamal yarimorolidan Mo‘g‘uliston orqali Xitoyga gaz yetkazib berish uchun 2600 kilometrlik «Sibir qudrati 2» gaz quvurini qurish bo‘yicha ko‘p yillardan beri muzokaralar olib bormoqda. Uzunligi 3 ming kilometr bo‘lgan, allaqachon qurilgan «Sibir qudrati» gaz quvuri Rossiya gazini Sibirdan Xitoy shimoli-sharqidagi Xeylunszyan provinsiyasiga yetkazib beradi.

Putinning Xitoyga tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari strategik hamkorlikning «yangi davri»ni boshlab berishdi, deya ta’kidlaydi axborot agentliklari. Putin Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumi tufayli G‘arb tomonidan kiritilgan sanksiyalardan aziyat chekayotgan Rossiya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun tobora ko‘proq Xitoyga yaqinlashmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: