Davlat xususiylashtirish nizolarida sudlashmoqchi emas. Mediatsiya instituti kengayadi

Iqtisodiyot 19:20 / 18.05.2024 4559

19 aprelda imzolangan prezident qarori bilan, davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish hamda ijaraga berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar doirasida yuzaga keladigan nizolar va da’volarga nisbatan, birinchi navbatda, mediatsiya tartib-taomili qo‘llanadi.

Bunda, tomonlar professional mediatorni o‘zaro kelishuv asosida, investitsiya, xususiylashtirish va kapital bozorida tajribaga ega shaxslar orasidan tanlanadi.

Qarorda Davaktiv agentligi va boshqa idoralarga 3 oy ichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilgan.

Xo‘sh, xususiylashtirish jarayonlarida investorlar va davlat organlari o‘rtasida qanday nizolar kelib chiqishi mumkin, ularning asosiy sabablari nimada va nizolarni hal qilishda mediatsiya nima uchun kerak? Ayni savollarga Investitsiya institutlari milliy uyushmasi raisi Bahodir Otaxonov Kun.uz'ga bergan intervyusida gapirib berdi.

Uyushmangiz xususiylashtirish borasida investorlar bilan qanday ishlaydi?

— Biz nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lib, yuridik shaxslar birlashmasimiz. Asosiy a’zolarimiz investor va sotuvchilar, investitsiya vositachilari hisoblanadi. Vositachilar ikkala tomonning muammolaridan xabardor bo‘ladi, chunki u davlat va investor o‘rtasida bitim imzolanishidan manfaatdor tomondir. Biz ikkala tomonning muammolaridan xabarimiz borligi uchun investor duch kelayotgan muammolarni davlat idoralariga yetkazamiz. Biz o‘zimiz ko‘targan masalalardan to‘g‘ridan to‘g‘ri manfaat ko‘rmaymiz. Davlat idorasi va investor o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, muammolar ijobiy hal etilishi uchun harakat qilamiz.

— Xususiylashtirishdagi nizolarni hal qilish uchun mediatsiya, bu nima degani o‘zi?

— Mediatsiya to‘g‘risida 2018 yildan beri amalda bo‘lgan qonunimiz bor. Unda davlat idoralariga faoliyati davomida yuzaga keladigan nizolarni mediatsiya tartib-taomillari qo‘llansin degan topshiriq berilgan. Amalda unga rioya qilinishida oqsoqlik bo‘lgan, qonunchilik amaliyotda ko‘p qo‘llanmagani bois tajriba yetarli bo‘lmagan.

Undan keyin nizolarni muqobil hal qilishning mexanizmlari bo‘yicha 2020 yildan so‘ng Adliya vazirligi bu sohada tartibga soluvchi organ etib belgilangan. Qonunchilik ancha yetarli yo‘lga qo‘yilgan, ammo uning ijrosida oqsoqlik bor.

Amaliyotda ko‘p nizolar davlat organlari tomonidan sudda ko‘rilishi afzal deb bilingan. Sud tartib-taomili bilan ko‘riladigan nizolar ko‘p vaqt talab etadi va ko‘pincha xarajatlar ham katta. Nizolar kelib chiqish ehtimoli baland, ular bo‘ladi ham. Shuning uchun tadbirkorlar, investorlar sudda ko‘rilishini afzal ko‘rmagan. Bizning uyushma Investitsiya institutlari milliy uyushmasi bo‘lib, asosan investorlar bilan ishlaymiz, ular nizolarni sud tartibida ko‘rib chiqishni yakuniy, agarda boshqa hech qanday imkoniyat ko‘rilmagandagina boradigan chora deb bilishadi. Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun bilan bunday imkoniyat yaratilgan, ya’ni muqobil usul bilan nizolarni hal qilsa bo‘ladi degan imkon bor. O‘tgan oy qabul qilingan prezident qarorida bunga yana bir bor urg‘u berilgan: nizo kelib chiqadigan bo‘lsa, birinchi navbatda buni sudga muqobil bo‘lgan mediatsiya yo‘li bilan hal qilish nazarda tutilgan.

Mediatsiya – fuqarolik munosabatlarida turli nizolar kelib chiqqanda, tomonlar o‘zaro maqbul qarorga kelish uchun ikki tomonning roziligi asosida mediator ko‘magida nizolarni ko‘rib chiqishga yo‘naltirilgan institut.

Mediator mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs hisoblanadi.

— Aytib o‘tganingizdek, mediatsiya to‘g‘risidagi qonun bor. Uni yana qayta boshqa hujjatga xususiylashtirishga oid nizolarni hal qilishda mediatsiya tartib-taomilini qo‘llash sifatida kiritishga qanday zarurati bor edi?

— Investorlar ko‘pincha davlat idoralari bilan urushishni xohlashmaydi, ular bilan munosabatlarni buzishni xohlamaydi. Biladiki, O‘zbekistonda ishini yuritadi, ayrim hollarda davlat idoralariga tobe ham. O‘zining tushunchasidan kelib chiqib, davlat idorasi noto‘g‘ri harakat qilgan bo‘lsa ham uni sudga berishdan tiyiladi. Biladiki, nizo ertaga bir tomonlama hal bo‘ladi, lekin ertangi faoliyatimga ta’sir qiladi deb andishalikka boradi. Demak, muqobil yo‘l, muammoni do‘stona hal qilish chorasi – mediatsiya.

Mediatsiya biror tomonga majburiyat yuklab, nizoni hal etishga qaratilgan emas, balki yarashtirish nazarda tutiladi. Bu oilaviy nizolarda, ajrashishlarda keng qo‘llanadi. Shu usulni tadbirkorlik faoliyati va davlat idoralari bilan munosabatlarda qo‘llasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu yangi institut. Bungacha O‘zbekistonda bunday amaliyot bo‘lmagan. Bu davlat idorasi va tadbirkorga yana bir eslatma. O‘zim ham davlat organlarida ko‘p yillar ishlaganman, murojaatlarga “agar bizning javobimizdan qoniqmasangiz, sud yoki yuqori turuvchi organga murojaat qilishingiz mumkin” deb javob yozardik. Bunday amaliyot hali ham davom etyapti. Murojaat qilgan tadbirkormi, fuqaromi – ularga shunday javob beriladi. Bu yana bir eslatma. Amaliyotda esa tadbirkor sudga murojaat qilishdan oldin vaqt va xarajatni o‘ylaydi, jarayon yillarga cho‘zilishi mumkin. Endi davlat organi “sudga bor” deya olmaydi, mediatsiya to‘g‘risidagi qonun, xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunda ham bunday mediatsiya imkoniyati qayd etilgan.

— Ko‘plab investorlar keldi, ular va davlat idoralari o‘rtasidagi nizolar jamoatchilik orasida keng bahslarga sabab bo‘ldi. Siz investorlar bilan ishlaydigan uyushma raisi sifatida davlat organlari va investorlar o‘rtasidagi nizolarning asosiy sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

— Muammolar bor, ularning asosiy sabablaridan biri – ikkala tomon bir-birini tushunmasligi. Shartnomaviy munosabatlarda tomonlarning har xil yondashuvi. Investorlar o‘zaro yozishmalar, xatlar, imzolanadigan hujjatlardagi bandlarni qanday tushunyapti, davlat idorasi qanday tushunyapti – shu yerda ko‘p oqsoqliklar bor. Oqibatda ikki tomon ham emotsiyaga berilib ketadigan holatlar bor.

Shunda investorlarni sudga borishdan tiyilishga undaydigan yana bir narsa, sudlar davlat tomonga yon bosadi deb o‘ylashi bilan bog‘liq. Qo‘shtirnoq ichida “davlat manfaati” nuqtayi nazaridan yondashadi deb hisoblaydi. Bu tushuncha ham nozik, chunki davlat idorasining pozitsiyasini davlat manfaati deb bo‘lmaydi. Chunki uzoq muddatli oqibatlarga qarash kerak, unda davlat manfaatlariga zid narsalar bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun sudga ishonch yuqori emas. Prezident ham sudlarda oqsoqlik borligini ta’kidlagan. Biz sudyalar bilan doimiy ishlaymiz, yaxshi islohotlar ham bu yo‘nalishda olib borilyapti. Zora bu yo‘lga tushib ketib, sudlarga ishonch oshar. Ammo dunyo tajribasida mediatsiya, arbitraj institutlari qo‘llanadi va unga talab juda kuchli. Amerikada ham ko‘plar sudlarga boravermaydi, ko‘proq mediatsiya bilan hal qilishga harakat qiladi. Bunga asosiy motivlardan biri – nizolarning maxfiyligi bilan bog‘liq. Sud tartibida ko‘riladigan nizolar, agarda tomonlar sud yopiq ko‘rilishini istamasa, ochiq ko‘riladi. Mediatsiya tartibida esa tomonlar nizolarni sir saqlaydi, bunday nizo bo‘lganini hech kim bilmasligi mumkin. Bundan har ikki tomon manfaatdor bo‘lishi mumkin. Mediatsiya tartib-taomilini qo‘llash muddati juda chegaralangan. Davlat organi bilan ko‘riladigan nizo muddati – 15 kun.

— Xususiylashtirishda nizolarni mediatsiya tartibi asosida hal qilish qanday kechadi?

— Xususiylashtirish jarayoni yaxshi ketyapti deb o‘ylayman, obektlar tezroq sotilyapti. Hozir xususiylashtirish jadallashgan paytda statistika nuqtayi nazaridan qarasak ham nizolar soni oshadi, nizolar oshgan vaqtda ular tushunmovchilikdan kelib chiqadi. Shartnomani o‘qiyotgan vaqtda bizning davlat idoralaridagi yuridik boshqarmalar shartnomani juda puxta yozishga harakat qiladi, o‘ziga hech qanday muammo keltirib chiqarmasligi uchun shartnomani o‘zi uchun “puxta” yozadiki, narigi tomon tushunmasligi ham mumkin. Investor nima deb yozganini ham tushunmaydi, muammo emasdir deb imzo qo‘yib beradi. Ma’lum muddat o‘tganidan keyin muammo kelib chiqadi. Shunaqa paytda ikkala tomondan ham mustaqil, xolis, xususiylashtirish va kapital bozorida ekspert bo‘lgan shaxs o‘rtada turib, muammoni hal qilishga yordam beradi. Har ikkala tomonni tinglab, muammoni hal qilish yo‘llarini taklif qiladi.

Bunda, suddan farqli ravishda, mediatorning roli – tomonlarni kelishtirish. Mediator ikkala tomonga hech qanday topshiriq bera olmaydi. Sudya qaror chiqargandan keyin esa uni bajarish ikki tomonga ham majburiy. Mediatsiyada ikkala tomon ham mediatorning obro‘ va tajribasiga ishonadi, tomonlar kompromissga borishi uchun ma’qul yo‘llarni taklif qiladi. Agar yechim tomonlarga ma’qul kelsa, o‘rtada mediativ kelishuv imzolanadi. Uning ham yuridik kuchi bor, keyinchalik nizoga sud tartib-taomili qo‘llansa, sud mediativ kelishuv bo‘lganini inobatga oladi.

Mediatsiyaning yana bir afzalligi, ikkala tomon ham tanlangan mediatorga rozi bo‘lishi kerak. Davlat idorasi biror mediatorni tanlasa, ikkinchi tomon nomzodni rad etish huquqiga ega.

— Hozir xususiylashtirish jarayonlarida eng ko‘p kuzatilayotgan nizolar mundarijasi qanday?

— Hozir haqida emas, umuman xususiylashtirish jarayonlari haqida ayta olaman. O‘zbekistonda xususiylashtirish 1990 yildan boshlangan bo‘lsa, 2010-2015 yillarda xususiylashtirilgan obektlarni davlat noto‘g‘ri sotilgan degan vaj bilan qaytarib olgan holatlar bo‘lgan. Hozir ham investorlar yana shunday bo‘lmas ekanmi deb cho‘chiydi. Qonunda xususiylashtirish qayta ko‘rib chiqilmaydi, deb aniq yozilgan. Biroq amalda bunday holatlar bo‘lgan, qayta ko‘rib chiqilgan ham. Hozir men sotib oldim, pul to‘ladim, u yerga qo‘shimcha pul kiritdim-da, vaqt o‘tib kimgadir yoqmay qoldi-da, sudga berib xususiylashtirishni bekor qildi. Bunaqada investorda davlatga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi.

O‘ylaymanki, bundan davlat rahbari ham, xususiylashtirishga mas’ul idoralar ham yaxshi xabardor. Davlat imijiga juda katta ta’sir qiladi. Nimaga xususiylashtirish jadallashmayapti deymiz-ku, lekin bularni unutish kerak emas. Investorlar hali unutmagan.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: