Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari boshqa idoralar bilan hamkorlikda 5 ta holatda qariyb 172,4 ming quti tamaki mahsulotlarini noqonuniy muomaladan olib qo‘ygan. Mazkur tamaki mahsulotlari jamoatchilik ishtirokida yoqib yuborildi.
16 may kuni Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan, qiymati 2 mlrd so‘mlik 172 392 quti tamaki mahsulotlarini yo‘q qilish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. Unda bojxona, ekologiya, sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari, majburiy ijro tuzilmalari xodimlari ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari boshqa idoralar bilan hamkorlikda 5 ta holatda 172 392 quti tamaki mahsulotlari noqonuniy muomaladan olib qo‘ygan.
Jumladan, birgina 2023 yil 24 avgust kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2 nafar fuqaro muqaddam mamlakat hududiga noqonuniy ravishda olib o‘tilgan 32 nomdagi 154 320 quti tamaki mahsulotlarini yashash xonadonida saqlab kelayotgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudining 2024 yil 23 fevraldagi hukmi bilan ushbu shaxslar Jinoyat kodeksining 1861-moddasi 3-qismi “a” bandida (tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan. Ularga 4,5 yildan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Tadbirda sud hukmi bilan yo‘q qilinishi belgilangan tamaki mahsulotlari jamoatchilik guvohligida yoqib yuborildi. Ma’lum bo‘lishicha, ashyoviy dalil tariqasida olingan, qiymati 2 mlrd so‘mlik 172 392 quti tamaki mahsulotlari xorijda ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular raqamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan va aksiz markalari bilan qadoqlanmagan.
Rasmiylarga ko‘ra, yo‘q qilingan tamaki mahsulotlari quyidagilarga ko‘ra kontrafakt va sifatsiz hisoblanadi:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilgan bo‘lib, tamaki mahsuloti qutisida tibbiy ogohlantirish, ya’ni tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi axborotlar mavjud emas.
Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublika hududida barcha tamaki mahsulotlari maxsus kod bilan markirovkalanishi shart etib belgilangan bo‘lsa-da, ushbu tamaki mahsulotlari markirovkalanmagan.
Uchinchidan, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida tamaki mahsulotlariga va spirtli ichimliklarga aksiz markalarini joriy etish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, aksiz solig‘i yig‘imining to‘liqligi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish, shuningdek, nolegal ishlab chiqarishning va respublika hududiga keltirishning oldini olish maqsadida O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan va uning hududiga chetdan keltiriladigan tamaki mahsulotlari majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalanishi lozim. Biroq ushbu holatda tamaki mahsulotlarida aksiz markalar mavjud emas.
Qayd etilishicha, bojxona organlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2023 yilda aniqlangan 291 ta holatda qiymati 92,2 mlrd so‘mlik 5,7 mln quti, joriy yilda esa 196 ta holatda qiymati 17,7 mlrd so‘mlik salkam 798 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.