“Daromad solig‘ini hisoblashda progressiv shkalaga qaytish rejalashtirilmagan” - SQ

Iqtisodiyot 15:41 / 17.05.2024 6248

“Rossiya – Islom olami: KazanForum – 2024” xalqaro iqtisodiy sammitida Soliq qo‘mitasining strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Timur Ismoilov O‘zbekiston daromad solig‘ini hisoblashda amaldagi bir chiziqli shkaladan voz kechib, progressiv soliqqa tortish shkalasiga qaytishi mumkinligi haqida aytib o‘tgan. Bu haqda Spot xabar berdi.

Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, progressiv soliq shkalasi amaliyotda bo‘lgan paytda ish haqining ko‘p qismi konvertda to‘langan. Yagona ijtimoiy to‘lov va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalarining pasaytirilishi esa “tadbirkorlik sub’yektlari uchun xodimlarni ishga rasman jalb qilishni yanada foydali qilish” istagi bilan izohlangan.

Soliq qo‘mitasi vakilining ta’kidlashicha, aksariyat xorijiy mamlakatlarda soliqqa tortishning progressiv shkalasi qo‘llanadi.

“O‘ylaymanki, vaqt o‘tib, tizim to‘liq shakllanib bo‘lganidan so‘ng, soliqqa tortishning progressiv shkalasiga o‘tish haqida o‘ylashimiz mumkin”, – degan Timur Ismoilov tinglovchilar tomonidan berilgan savolga.

Rossiya, Qirg‘iziston va Ozarboyjon soliq organlari vakillari ham progressiv soliq shkalasiga o‘tishni qo‘llab-quvvatlagan. Argumentlardan biri sifatida ijtimoiy adolatni ta’minlash keltirilgan.

“Daromad solig‘ini hisoblashda progressiv shkalaga qaytish rejalashtirilmagan”

Kun.uz Soliq qo‘mitasi axborot xizmati bilan bog‘lanib, “Yaqin kelajakda O‘zbekistonda yana daromad solig‘ini hisoblashda tabaqalashtirilgan tizimga qaytilishi mumkinmi?” degan savol bilan yuzlandi.

“O‘zbekistonda 12 foizlik qat’iy daromad solig‘i to‘lash tizimiga o‘tilgani rasmiy ish o‘rinlarini ko‘paytirib, legalizatsiyaga yordam berdi. Buni oldin ham ko‘p bor aytganmiz. Ammo, progressiv shkalaga o‘tish borasida hali Soliq qo‘mitasida hech qanaqa reja yo‘q”, deydi qo‘mita axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Timur Ismoilov tinglovchilar tomonidan berilgan savolga o‘zining shaxsiy fikrini bildirgan.

Progressiv soliq tizimi nima?

Progressiv soliq tizimi – daromad miqdorining ortib borishi bilan soliq stavkasining ham oshib borishiga asoslangan. Ya’ni qancha ko‘p daromad olinsa, soliq stavkasi ham shuncha balandroq bo‘ladi.

Masalan, AQShda daromad solig‘i qat’iy belgilangan stavkaga ega emas. To‘lovlar odamlarning daromad miqdori va oilaviy ahvoliga bevosita bog‘liq. Minimal soliq stavkasi 10 foiz bo‘lib, yillik daromadi 11 ming dollargacha bo‘lganlar uchun qo‘llanadi. Maksimal stavka – 37 foiz. Yiliga 578 ming dollardan ortiq pul topadiganlar shuncha miqdorda daromad solig‘i to‘lashi kerak. O‘rtacha ish haqi oladigan odamlar esa o‘z daromadining 22 foizi miqdorida soliq to‘laydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ham 2019 yilgacha jismoniy shaxslarning daromadlarini soliqqa tortish bo‘yicha 7,5 foizdan 22,5 foizgacha bo‘lgan tabaqalashtirilgan tizim amal qilgan. Ayni paytda hamma bir xil – 12 foizdan daromad solig‘i to‘laydi.

Ko‘proq yangiliklar: