Yaqin Sharqdagi urush: isroillik besh askar Jabaliyada o‘z tanki qurboniga aylandi

Jahon 17:51 / 16.05.2024 17683

Bu hodisa anklav shimolidagi Jabaliya shahrida ro‘y bergan, mazkur hududda Isroil qo‘shini Hamasga qarshi amaliyot olib bormoqda. Harbiylar ro‘y bergan hodisa tafsilotlari va sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.

Dastlabki tergov ishlari ko‘rsatishicha, askarlar Jabaliyadagi qochqinlar lagerida joylashgan binoga kirishgan, bu bino isroilliklarning shu hududda turgan tanklaridan bir necha o‘n metr masofada bo‘lgan. Tank ekipaji binoda qurollarni ko‘rib, unga qarata ikki bor o‘q uzgan.

Do‘stona zarbadan yana yetti nafar askar yaralangan, ulardan uch nafarining ahvoli og‘ir.

Avvalroq TsAHAL o‘z qismlarini Jabaliyadan olib chiqqandi, ammo dushanba kuni isroilliklar yana shaharga kirishdi, bu u yerda Hamas a’zolari qaytadan guruhlanayotgani bilan izohlangan.

TsAHAL Jabaliya bo‘ylab aviazarbalar berishni boshlagan shanba kunidan buyon u yerni o‘n minglab tinch aholi vakillari tark etgan.

AQSh Isroilga qo‘shimcha qurol yubormoqda

OAV ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti ma’muriyati Kongressni Isroilga 1,2 milliard dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketi yubormoqchi ekanidan xabardor qilgan. Shu bilan birga, Oq uy so‘nggi vaqtlarda ko‘p marta Isroilni Rafahda yirik va qonli amaliyot boshlamaslikka chaqirgandi va aviabombalarning bir partiyasini namoyishkorona to‘xtatib qo‘ygandi.

Yangi yordam paketi Kongress tomonidan ma’qullanishi kerak. Associated Press agentligi ma’lumotiga ko‘ra, uning tarkibi tanklar uchun 700 mln dollarlik o‘q-dorilar, 500 mln dollarlik zirhli mashinalar va 60 mln dollarlik minomyot minalardan iborat bo‘ladi.

«Biz harbiy yordam jo‘natishda davom etamiz va Isroil barcha qurollarni to‘liq hajmda olishini kafolatlaymiz», — degan dushanba kuni jurnalistlarga prezident Baydenning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan qonunda Isroil, Ukraina va Tayvan uchun ko‘p milliardlik yordam ajratish ko‘zda tutilganini nazarda tutib.

So‘nggi oylarda AQSh ma’muriyati Isroilni G‘azodagi urushni tartib bilan olib borish va tinch falastinliklar hayotini asrashga chaqirib kelayotgandi. O‘tgan haftada prezident Jo Bayden AQSh Isroilga 900-kilogrammlik aviabombalar partiyasini yetkazib berish to‘xtatilganini tasdiqlagandi.

«Bu bombalar qo‘llanishi oqibatida G‘azoda tinch aholi halok bo‘lmoqda», — degandi Bayden CNN uchun intervyuda.

Isroilga harbiy yordam yetkazib berish Baydenni shu yil noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyaning Falastin tarafdorlari bo‘lgan elektorati ovozidan mahrum qilishi mumkin.

Respublikachi kongressmenlarning bir guruhi bu vaqtda Isroilga qurol va o‘q-dori yetkazib berishni to‘xtatishni taqiqlashga doir qonun loyihasini kiritgan. Bu hafta Vakillar palatasida ushbu loyiha bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tadi.

Loyiha Senatga o‘tishi dargumon, ammo agar bu ro‘y bergan taqdirda, Oq uy unga veto qo‘yishni va’da qilgan.

Davlat departamenti o‘tgan haftada e’lon qilgan hisobotida Amerika yetkazib bergan qurollar va o‘q-dorilar Isroil tomonidan G‘azoda xalqaro huquqni buzgan holda qo‘llanganini tan olgandi.

Shu bilan birga, Davlat departamenti Isroil kuchlarini xalqaro huquqni buzishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblamagan va Isroil «Amerika o‘q-dorilaridan qonuniy talablarga muvofiq tarzda foydalanilganiga «ishonchli» kafolat berganini qayd etgandi.

Isroil armiyasi Rafah ichkarisiga yurmoqda

Bu vaqtda Isroil armiyasi Rafahda ham, G‘azo sektorining boshqa qismlarida ham harbiy amaliyotlarni davom ettirmoqda. Seshanba kuni uning tanklari Rafah janubi-sharqidagi turar joylar hududi tomon ichkariladi.

Isroil armiyasi press-attashesi, kontr-admiral Daniel Hagari navbatdagi brifingda isroillik harbiylar bir hafta davomida Rafahdagi to‘qnashuvlarda 100 dan ortiq jangarini o‘ldirgani, shuningdek 10 ta tunnel va ko‘p miqdorda qurollarni aniqlagani haqida ma’lum qilgan.

G‘azo sektorining boshqa hududlarida ham harbiy harakatlar faollashgan. Hamas nazoratidagi mahalliy hukumat bir kun ichida sektorda 82 nafar falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ularning qanchasi qurollangan jangchilar bo‘lgani va qanchasi tinch aholi vakillari ekaniga, odatdagi kabi aniqlik kiritilmagan.

Jabaliya, 14 may. Harbiy harakatlar nafaqat janubdagi Rafah atrofida, balki sektorning Isroil armiyasi anchadan buyon nazorat ostiga olgandek ko‘ringan hududlarida ham davom etmoqda

Seshanba kuni sektor shimolidagi Jabaliyada qochqinlar shaharchasida shiddatli otishmalar bo‘lib o‘tgan, holbuki isroillik harbiylar bu hududni o‘tgan yil kuzidayoq, amaliyotning birinchi bosqichida to‘liq o‘z nazoratiga olgandi.

Daniel Hagarining so‘zlariga ko‘ra, Isroil kuchlari so‘nggi kunlarda Jabaliyada 80 ga yaqin jangarini o‘ldirib, bir necha raketa qurilmalari va qurol ustaxonalarini yakson etgan.

Sektorning qariyb butun shimoliy qismini tashkil etuvchi G‘azo shahrining o‘zida ham portlash va o‘q ovozlari eshitilgan. Xususan, mahalliy rasmiylarga ko‘ra, G‘azodagi uylardan biriga aviazarba berilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan; boshqa tumanda isroilliklarning zirhlangan buldozerlari tanklarga yo‘l ochish uchun uylarni buzib tashlashgan.

Jyeyk Sallivan bu hafta oxirida Isroil va Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda ishtirok etishni rejalashtirgan.

Amerikaning Axios nashri anonim manbaga asoslanib, Isroil ushbu tashrifga qadar G‘azoda yirik amaliyot boshlamaslikka va’da berganini xabar qilgan. Oq uy bu xabar yuzasidan izoh bermagan.

Reuters agentligi ham amerikalik anonim mulozimga tayanib, Isroil Vashingtonni xabardor qilmasdan Rafahga katta yurish boshlamaslikni va’da qilgani haqida xabar qilgan.

Ayni vaqtda bu shaharda anklavning 2,3 millionlik aholisidan qariyb yarmi boshpana topgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 600 ming atrofidagi kishi Rafahni tark etgan, anklav shimolida ham janglar qaytadan boshlangani uchun yana 100 ming kishi o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: