Rossiyaga kelayotgan mehnat migrantlari rus tilini bilishi, mamlakat an’analari va madaniyatini hurmat qilishi shart. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
«Bizda ishlash uchun keladiganlar rus tilini bilishi, urf-odatlarimizni, madaniyatimizni hurmat qilishi biz uchun muhim. Va bizning umumiy tariximiz ham bor, menimcha, buni hech kim unutmagan», dedi Volodin.
U Rossiyaga do‘stona bo‘lgan davlatlar bilan ishlash va u yerda fuqarolarga rus tilini o‘rgatish uchun shart-sharoitlarni yaratishga chaqirdi va bu ularga Rossiyada yashash uchun asqotishini ta’kidladi.
Davlat Dumasi spikerining so‘zlariga ko‘ra, odamlar vatanida rus tilini o‘rganmagan, shu tufayli Rossiyaga kelganida ko‘plab muammolarga yo‘liqmoqda.
«Biz bunga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», dedi u.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda yashash, ishlash yoki vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma olmoqchi bo‘lgan xorijliklar avvalo rus tili, Rossiya tarixi va Rossiya qonunchiligi asoslaridan imtihon topshirishi kerak. Rossiya bilan birgalikda Belarus, Armaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonni o‘z ichiga olgan YeOII mamlakatlari fuqarolari bunday sinovdan o‘tish zaruratidan ozod qilingan.
Rossiyaning 12 ta universiteti va Moskva hukumatining bitta tashkiloti chet elliklardan imtihonlarni qabul qilishi mumkin.