Rossiya armiyasi Vovchanskka kirdi. Ukrainaning Xarkiv oblastidagi birinchi mudofaa chizig‘i nega dosh berolmadi?

Jahon 22:05 / 16.05.2024 28381

Rossiya armiyasi Xarkiv oblasti shimoli-sharqida, Rossiya-Ukraina chegarasidan 4 km masofadagi Vovchansk shahriga kirdi va boshqa yo‘nalishda — oblast markazidan shimolida joylashgan Lipsi qishlog‘i tomon oldinga siljishga harakat qilmoqda. 10 may kuni Belgorod oblasti orqali Xarkiv tomon boshlangan yurish davomida chegara hududidagi o‘ndan ortiq qishloq egallab olingan, Ukraina qurolli kuchlari chegaradan bir necha kilometr ortga surilishga majbur bo‘lgan. Ukraina rahbariyati vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘linganini aytmoqda. Ammo rossiyaliklar nima uchun chegaradan o‘tib, bu qadar chuqur yorib kira oldi?

Rossiya Xarkiv frontini ochdi. Bu nega ro‘y berdi va buyog‘iga nima bo‘ladi?

Rossiya armiyasi katta suv to‘siqlari yoqalab ikki yo‘nalishda hujum qilmoqda.

Birinchisi — Travyanskiy suv ombori qirg‘oqlari bo‘ylab Xarkivdan 16 km shimoldagi Lipsi posyolkasi yo‘nalishida. Ikkinchisi — Shimoliy Don daryosi yoqalab oblast markazidan 45 km shimoli-sharqdagi Vovchansk shahriga.

Xarkiv oblastida vaziyat keskinlashgani munosabati bilan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zi ishtirokidagi barcha xalqaro tadbirlarni keyinga qoldirishga topshiriq bergan.

Rossiya qo‘shini Vovchansk hududiga shimoldan kirib kelgan va shaharni sharqdan aylanib o‘tgan, deb xabar bermoqda nemislarning Bild nashri harbiy eksperti Yulian Ryopke. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya Vovchansk yo‘lida Pletenyovka, Ogursovo, Gatishche va Bugrovatka qishloqlarini egallab olgan, bunga parallel ravishda Lipsi tomon yurish qilmoqda, ammo shturm faqat piyodalar orqali amalga oshirilmoqda. «Strelka, Krasnoye, Pilnaya, Borisovka egallangan, Lukyanka va Glubokoyega kirilgan», — deya yozadi Ryopke Lipsi yo‘nalishidagi vaziyat borasida.

Rossiyaliklar Vovchansk hududidagi pozitsiyalarni egallamoqda, shahar okkupatsiya qilinmoqda, deya uning ma’lumotini tasdiqlagan Oliy rada deputati Oleksiy Goncharenko.

Vovchanskda vaziyat og‘ir, dushman shahardagi ko‘chalarni egallamoqda, faol janglar davom etmoqda, deb xabar bergan ukrain telegram-kanallari politsiyaga tayanib.

«Vovchanskda shahar markazi yarim halqaga olindi, merganlar faol ishlayotgani tufayli yaqinlashish qiyin kechmoqda», — deya yozgan rossiyaliklarning «Arxangel spetsnaza Z» harbiy telegram-kanali.

Vovchansk aholisining aksari evakuatsiya qilingan, mahalliy rasmiylar shaharda qolganlarni ham zudlik bilan bu yerni tark etishga chaqirmoqda

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi 15 mayga o‘tar kechasi Xarkiv oblastining Lukyansi (Lipsini o‘z ichiga oladi) va Volchansk rayonlaridagi bo‘linmalar nisbatan qulayroq pozitsiyaga ko‘chgani haqida xabar tarqatdi.

Ukrainaning harbiy va siyosiy rahbariyati vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lingani, raqibning yurishi  esa sekinlashganiga ishontirmoqda. Ammo rossiyaliklar nima uchun Ukraina qurolli kuchlarining birinchi mudofaa liniyasini bu qadar tez ortda qoldirgani va bu chiziq raqib hujumini to‘xtatishga qanchalik tayyorlangani borasidagi savollar javobsiz qolmoqda.

Ukrainaning ushbu yo‘nalishda jang qilayotgan razvedka rotasi komandiri Denis Yaroslavskiyning so‘zlari katta rezonans keltirib chiqardi, u Vovchansk atrofidagi birinchi mudofaa chizig‘i «shunchaki bo‘lmagani» va rossiyaliklar «piyoda kirib kelgani» haqida aytgandi.

Jurnalist Yuriy Butusov (o‘rtada) va sobiq politsiyachi, hozirda razvedka rotasi komandiri Denis Yaroslavskiy (undan o‘ng tomonda) birinchi bo‘lib Xarkiv oblastida yaxshi tayyorlangan mudofaa marralari yo‘qligi to‘g‘risida xabar berishgan

Ukrainalik jurnalist, «Tsenzor.net» nashri muharriri, voqea joyida bo‘lgan Yuriy Butusov ham bu versiyani tasdiqlagan.

«Shaharda va uning atrofida hech qanday mudofaa inshootlari belgilari yo‘q edi», — degan u 13 may kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, mudofaa chizig‘i chegaradan ancha uzoqda, ammo negadir balandliklarda emas, pasttekisliklarda joylashgan.

Harbiy muxbirning qayd etishicha, bu yo‘nalishda minalangan maydonlar bor, ammo ular shunday joylashtirilganki, dushmanning faqat zirhli texnikalariga to‘sqinlik qiladi, piyoda harakatlanadigan bo‘linmalariga esa yo‘q.

Ekspertlarning bir qismi fikriga ko‘ra, raqibni munosib qarshi olish bo‘yicha tayyorgarlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani «Xarkiv» operativ-taktik qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni kutilmaganda almashtirilishiga sabab bo‘lgan. Yuriy Galushkin o‘rnini Ukraina QK Bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Mixail Drapatiy egalladi. U o‘tgan yili Xerson oblastining o‘ng sohildagi qismida «Kaxovka» operativ-taktik qo‘shinlar guruhiga qo‘mondonlik qilgandi.

Harbiy ekspert va tarixchi Mixail Jiroxov yangi qo‘mondon ushbu uchastkadagi mudofaaga yondashuvni o‘zgartira olishiga ishonch bildirgan.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, buning uchun «Xarkiv» operativ-taktik qo‘shinlar guruhi ixtiyoriga bir necha yangi brigadalar ajratilgan. Bosh shtabdagilar ham ushbu yo‘nalishga zaxira kuchlar yo‘naltirilganini aytishmoqda. Ayrim bo‘linmalar, masalan, Ukraina qurolli kuchlarining 3-shturm brigadasi o‘z sahifalarida Xarkivga borib joylashgani to‘g‘risida rasman xabar bergan.

«Ammo bu yo‘nalishga yanada ko‘proq operativ zaxiralarni ko‘chirib o‘tkazish xavfli bo‘lishi mumkin», — deydi Jiroxov.

Ukrainada istehkomlarni qurish jarayoni shunday tuzilganki, bu jarayon uchun to‘liq mas’ul bo‘lgan yagona organ yo‘q. Mudofaa klassik tuzilishga ega bo‘lgan uchta chiziq va predpole (bosh mudofaa pozitsiyasidan oldindagi mustahkamlangan uchastka), ya’ni ta’minot polosalaridan iborat bo‘lgani tufayli ularning har birini qurishga alohida idoralar mas’ul bo‘lgan. Eng oldingi marra — otishmalar xavfi tufayli — ushbu uchastkani himoya qiluvchi harbiy qism kuchlarining o‘zi tomonidan barpo etilgan, keyingi chiziqlarga esa pudratchilar va oblast ma’muriyatlari jalb etilgan.

Aprel oyi boshida, Xarkivga yurish xavfi haqidagi mish-mishlar fonida prezident Volodimir Zelenskiy bu yerga tashrif buyurgandi. U Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov bilan birgalikda mudofaa chizig‘ini ko‘zdan kechirgandi.

«Biz tayyor turishimiz kerak. Rossiyaliklar biz mudofaaga tayyorligimizni ko‘rishi kerak. Va odamlarimiz agar dushman yurish qilishga harakat qilsa, Ukraina tayyor ekanini ko‘rishi kerak», — deya qayd etgandi o‘shanda Zelenskiy.

Rossiya yurishi boshlanganidan keyin BBC Ukraina xizmati muxbiri Oleg Chernish istehkomlar nima uchun raqibni to‘xtata olmagani xususida Oleg Sinegubov bilan suhbatlashdi.

Oleg Sinegubov Xarkiv oblasti ma’muriyatiga 2021 yildan buyon rahbarlik qiladi

Istehkomlar qayerda?

BBC: Iltimos, tushuntirib bering, Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati mudofaaning barcha chiziqlariga javob beradimi yoki muayyan bittasigami?

Oleg Sinegubov: Darhaqiqat, istehkomlarga kelsak, mudofaaning bir necha chizig‘i mavjud. Ular davlat chegarasiga yoki to‘qnashuv chizig‘iga yaqinligi bo‘yicha o‘zaro bo‘linadi.

Biz mudofaaning uchinchi chizig‘ini qurganmiz, ayrim joylarda — ikkinchisini ham. Barchasi to‘qnashuv chizig‘i yoki chegaraga qancha kilometr borligiga qarab. Birinchi liniya va ikkinchi liniyaning asosiy qismi — Qurolli kuchlar va ushbu pozitsiyalardagi harbiy qismlar zimmasida.

Birinchi liniyada beton konstruksiyalar, katta qurilish texnikalaridan foydalanib qurilish qilish oson ish emas.

Biz chegara yoki front chizig‘idan 10-15-20 va hatto 30 km masofada ikkinchi va uchinchi mudofaa chiziqlarini qurish bilan band bo‘lganimizda ham dushman bizning texnikalarimizga zarba berib, yo‘q qildi.

Bizda 30 dan ortiq qurilish texnikalari yakson etildi, to‘rt kishi halok bo‘ldi, 15 dan ortiq kishi yaralandi. Bular bizning tinch aholi vakillari bo‘lgan pudratchilarimiz, tegishli yo‘nalishlardagi ishlarni bajargan xarkivliklar.

Shu tufayli shuni ta’kidlashni istardimki, ma’muriyat o‘z ish doirasi uchun mas’uldir, harbiylar esa birinchi va ikkinchi liniyadagi bajarilgan ishlari to‘g‘risida jamoatchilikka ma’lumot berishi kerak.

BBC: Demak, siz qurgan ikkinchi va uchinchi liniyalarga rossiyaliklar hali yaqinlashmaganmi?

O.S.: Dushmanning yaqinlashishi masalasida barchasi shartli. Qayerdadir harbiylarimiz istehkomlarni egallab turibdi va hokazo.

Volodimir Zelenskiy va Oleg Sinegubov istehkomlarni tekshirmoqda, 9 aprel
Sinegubovning aytishicha, oblast ma’muriyati mudofaaning faqat uchinchi va qisman ikkinchi chiziqlarini qurishga mas’ul bo‘lgan

BBC: Istehkomlarni qurish bo‘yicha jadal ishlar qachon boshlangandi? Men eslaymanki, aprel oyi boshida Xarkivga  prezident Zelenskiy kelgan, u allaqachon bajarib bo‘lingan ishlarni ko‘zdan kechirgandi.

O.S.: Yo‘q, bu tugallangan ishlar emasdi, bu hali davom ettirilayotgan ishlar edi. Bir qismi 30 aprelgacha, bir qismi 1 iyunga qadar tugallanishi lozim edi.

BBC: Ya’ni, Xarkivdagi istehkomlar qurilishi faqat 1 iyunda to‘liq yakunlanishi kerak edimi?

O.S.: Ko‘ryapsizmi, bu juda shartli. Chunki bizda qura olmaydigan pozitsiyalar bor va tinimsiz otishmalar tufayli muddatni kechiktiramiz. Shuning uchun biz o‘z rejalarimizga o‘zgartirishlar kiritamiz. Otishma bo‘lmayotgan va minalardan tozalash ishlari o‘tkazilgan joylarda istehkomlar qurish bo‘yicha oldimizga qo‘yilgan vazifalar allaqachon bajarilgan va ishlar to‘liq yakunlangan.

BBC: Siz mas’ul bo‘lgan bu liniya Ukraina qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi uchun beton boshpanalar bilan jihozlangan va himoyalanganmi?

O.S.: Men sizga shunday deyman: biz qurilish ishlarini mudofaa vazirligi so‘rovi bo‘yicha bajarganmiz. Qanday qurilgan, nima qurilgan, nega aynan shu yerda va buni kim rejalashtirilgan kabi manipulyatsiyalar bo‘lmasligi uchun.

Biz — faqat buyurtmani ijro etuvchilarmiz. Plan-sxemalar, joylashuv, nima aynan qayerda bo‘lishi, qanday beton, qanday konstruksiyalar ishlatilishi — bularning bari mudofaa vazirligi loyihasida ishlab chiqilgan. Va biz bularning barchasini, albatta, harbiy muhandislar kuzatuvi ostida qurdik.

BBC: Nima bo‘lganda ham, fuqarolik hokimiyati, xususan, oblast harbiy ma’muriyati qandaydir tarzda mudofaaning birinchi va ikkinchi chiziqlarini tekshirishda ishtirok etganmi. Yoki sizga ruxsat berilmagan va ularni harbiylarning o‘zi nazorat qilganmi?

O.S.: Bu bizning funksiya emas.

Mart oyida Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati matbuot xizmati «Rossiya bilan chegara yaqinida» mudofaa chiziqlari qurilayotgani to‘g‘risidagi fotohisobotni taqdim etgandi

Xarkiv uchun xavf

Vovchansk Rossiya yurishi boshlanishi bilanoq intensiv o‘qqa tutilmoqda

BBC: Tushunishimcha, Vovchansk — chegaradan 5 km masofada va mudofaaning birinchi chizig‘ida?

O.S.: Bu harbiylarimiz qayerda bo‘lganiga bog‘liq. Ular butun mudofaaning birinchi marrasida butun chiziq bo‘ylab joylashadi.

BBC: Voqealar rivojini qanday ko‘rasiz? Siz ruslarda to‘g‘ridan to‘g‘ri Xarkiv tomon siljish istagini ko‘ryapsizmi yoki ular kuchlarini aynan Vovchanskni egallash uchun jamlamoqdami?

O.S.: Biz ko‘ryapmizki, ularning maqsadi — vahima uyg‘otish, tinch aholi vakillari orasida vahimali kayfiyat tarqatish. Dushman dezinformatsiya, IPSO (axboriy-psixologik maxsus amaliyot — tahr)dan keng foydalanmoqda. Ayrimlar bunga ishonib qolmoqda. Shuning uchun biz piar qilish va Ukraina qurolli kuchlarini hamda davlat hokimiyati organlarini obro‘sizlantiradigan noto‘g‘ri axborotlar tarqatish vaqti emasligini tushuntirishga majburmiz.

BBC: Men Xarkivga ehtimoliy tahdid bo‘yicha javobingizni tushunmadim. Siz hozir bunday xavf ko‘rmayapsizmi?

O.S.: Hozir biz ko‘ryapmizki, ularda Xarkiv shahrini egallash niyatini amalga oshirish uchun yetarli kuchlar yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: