Niderlandiyadagi to‘rt o‘ng qanot partiya hukumat koalitsiyasini tuzishga kelishib oldi. «Biz kelishuvga erishdik», dedi «Ozodlik partiyasi» (PVV)ning o‘ta o‘ngchi yetakchisi Gert Vilders 15 may, chorshanba kuni.
Koalitsiya tarkibiga PVV’dan tashqari o‘ng markazchi Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi (VVD), Fermerlik-fuqarolik harakati va «Yangi ijtimoiy kelishuv» partiyalari kirgan. Ularning yetakchilari ushbu siyosiy kuchlar parlamentdagi fraksiyalari bilan kelishib olishlari kerak bo‘ladi. Hujjat mazmuni 16 may kuni ommaga e’lon qilinadi.
Yangi bosh vazir kim bo‘lishi hozircha aniq emas. Nomzodlik muhokamasi keyinroq bo‘lib o‘tadi, deya tushuntirdi Vilders. Siyosatchining o‘zi bir necha hafta oldin vazirlar mahkamasiga rahbarlik qilishdan bosh tortganini ma’lum qilgan edi.
Ryutte vazirlar mahkamasi iste’foga chiqqanidan keyin navbatdan tashqari saylovlar
2023 yil iyul oyida Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte vazirlar mahkamasi iste’foga chiqishini e’lon qildi, bu esa muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi. Iste’foga Ryuttening mamlakat migratsiya siyosatini qat’iylashtirish taklifi sabab bo‘ldi, uni Niderlandiya hukumati koalitsiyasida ishtirok etuvchi to‘rt partiyadan ikkitasi qo‘llab-quvvatlamadi.
Qirollikda navbatdan tashqari parlament saylovlari 2023 yilning 22 noyabrida bo‘lib o‘tdi va 150 o‘rindan 37 tasini olgan o‘ng qanot populistlarining g‘alabasi bilan yakunlandi. Biroq, Vildersning koalitsiya tuzishga bo‘lgan birinchi urinishi PVV muzokarachisi iste’fosi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mart oyida tomonlar yangi vazirlar mahkamasi a’zolarining qariyb yarmini siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan, biroq ma’lum bir masala bo‘yicha ekspert bo‘lgan kishilar tashkil etishi haqida kelishib oldilar.