Qaysi omillar narx oshishiga eng ko‘p darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin? – MB inflyatsion kutilmalarni e’lon qildi

Iqtisodiyot 16:38 / 15.05.2024 4328

Markaziy bank aprel oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, aholining inflatsiya bo‘yicha yillik kutilmalari 1,2 foiz bandga ko‘tarilib, 14 foizni tashkil qilgan.

Aholi kelgusida narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (55 foiz);
  • valuta kursi o‘zgarishi (55 foiz);
  • monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi (29 foiz);
  • transport xarajatlarining oshishi (28 foiz).

Aprel oyida kelgusida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida kommunal xizmatlar narxining oshishini qayd etgan respondentlar ulushi ko‘paygan bo‘lsa, valuta kursining o‘zgarishi va narxlarning sun’iy oshirilishini omil sifatida belgilagan respondentlar ulushi kamaygan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining inflyatsion kutilmalari

Aprel oyi yakunlari bo‘yicha kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishiga oid respondent tadbirkorlik sub’yektlarining kutilmalari 13,3 foizni tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 1,1 foiz bandga oshgan.

Biznes vakillari narxlar oshishiga quyidagi omillar ta’sir qiladi deb hisoblaydi:

  • valuta kursining o‘zgarishi (60 foiz);
  • kommunal xizmatlarning qimmatlashishi (54 foiz);
  • transport xarajatlarining qimmatlashishi (31 foiz);
  • soliq yukining yuqoriligi (31 foiz).

Kommunal xizmatlarning qimmatlashishi va soliq yukining yuqoriligini narxlarga oshiruvchi bosim ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy omil sifatida qayd etgan tadbirkorlar ulushi oshgan bo‘lsa, ish haqi va nafaqalarning ko‘tarilishini inflatsiyaga asosiy sabab bo‘ladi deb belgilaganlar salmog‘i kamaygan.

So‘rovnomada qatnashganlar orasida eng yuqori inflyatsion kutilma qurilish (15,1 foiz) sohasida ishlovchilarda kuzatilgan. Eng past kutilmani talabalar belgilagan. Tadbirkorlik sub’yektlari orasida eng pessimistik kutilma AT va OAV (16) sohasiga, eng optimistik kutilma esa turizm (11,3) sohasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahri (17,2 foiz) va Buxoro viloyatida (15,7 foiz) kuzatilgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston (10,2 foiz) va Jizzax viloyatida (12,4 foiz) qayd etilgan. O‘z navbatida tadbirkorlarning kutilmalari Toshkent shahri (14,8 foiz) va Toshkent viloyatida (14,5 foiz) baland, Surxondaryoda (11,3 foiz) esa eng past bo‘lgan.

Daromadlari 4 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori shakllangan.

Ko‘proq yangiliklar: