AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 14 may, seshanba kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida AQSh yangi harbiy yordamining bir qismi allaqachon Ukrainaga yetib borgani, bir qismi esa «yo‘lda» ekanini ma’lum qildi. «Biz bilamizki, bu Ukraina uchun qiyin davr va Amerikaning harbiy yordami Rossiya bilan davom etayotgan qarama-qarshilikda Ukraina Qurolli kuchlariga jang maydonida yordam berishi kerak».
Blinken ta’kidlaganidek, Rossiya «Ukrainada vayron qilgan narsalarni tiklash uchun» pul to‘lashi kerak. «Xalqaro qonunlar buni talab qiladi va Kongress bizga Rossiyaning AQShdagi aktivlarini musodara qilish huquqini berdi, bundan foydalanish niyatidamiz», dedi AQSh davlat kotibi.
Bundan tashqari, u yaqinda Ukrainada safarbarlik qoidalarini kuchaytiruvchi yangi qonunning qabul qilinishini «qiyin, ammo zarur qaror» deb atadi. «Ikki yildan ortiq mardlik bilan chiziqni ushlab turgan himoyachilar yordamga muhtoj - ular dam olishlari kerak», dedi Entoni Blinken.
Zelenskiy AQShga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Blinken bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘zining Telegram-kanalida post e’lon qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ular ikki davlat o‘rtasidagi mudofaa sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni muhokama qilishgan. «Xususan, biz Xarkiv va Xarkiv viloyati kabi shaharlarimiz va hududlarimizni himoya qilish uchun Ukrainaga Patriot havo mudofaasi tizimlari haqida gaplashdik», deb yozdi Ukraina rahbari. Unga ko‘ra, Xarkiv viloyati uchun ikkita Patriot qurilmasi hududni himoya qilishda sezilarli darajada yordam berishi mumkin.
Bundan tashqari, tomonlar global tinchlik sammitiga tayyorgarlikni muhokama qilishdi, dedi Ukraina davlati rahbari. «Biz uchun AQSh va prezident Baydenning ishtirok etishi va Amerika qoidalarga asoslangan dunyo tartibini saqlashdagi roli zaiflashmasligi muhim», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.
U, shuningdek, Amerika xalqi va AQSh hukumatiga ukrainaliklarni ozodlik va mustaqillik uchun kurashda qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya Xarkiv viloyatida oldinga siljimoqda
Bir kun avval Volodimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya qo‘shinlari hujumga o‘tgan Xarkiv viloyatining chegara hududlarida mudofaani davom ettirayotganini aytdi. Mahalliy harbiy ma’muriyat rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, Xarkivga quruqlikdagi operatsiyadan hech qanday xavf yo‘q. Chegaradagi Vovchansk shahridan aholi evakuatsiya qilinmoqda. Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaning ushbu hududini intensiv ravishda o‘qqa tutmoqda, qurbonlar bor.
Amerikaning Politico nashriga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Xarkiv viloyatidagi hujumi urush natijasi uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi jangning boshlanishidir. O‘rtaga nafaqat Kiyevning Ukraina ikkinchi yirik shahri ustidan nazoratini davom ettirishi, balki G‘arbning Ukrainani Rossiyadan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qat’iyati ham tikilgan, deb yozadi kuni gazeta. Politico’ning qayd etishicha, may-iyun oylarida Rossiyaning uzoq kutilgan Ukraina mudofaasini yorib o‘tishga urinishi allaqachon boshlangan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, aftidan, G‘arbning yangi qurollari va o‘q-dorilari Ukrainaga kelguniga qadar imkoniyat oynasidan unumli foydalanmoqchi, deya davom etadi u.
AQShning Ukrainaga harbiy yordami
So‘nggi haftalarda Vashington Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qancha yangi majburiyatlar to‘g‘risida e’lon qildi. Aprel oyida AQSh Kongressi bir necha oylik muhokamalardan so‘ng Kiyevga 61 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni ma’qullagan edi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 50,6 milliard dollarlik harbiy yordam ko‘rsatgan.