Yevropa Ittifoqi kengashi Ukraina bilan bojsiz savdo rejimini yana bir yilga, 2024 yil 6 iyundan 2025 yil 5 iyuniga qadar uzaytirishni ma’qulladi. Bu haqda Yevropa kengashining 13 may, dushanba kuni tarqatilgan press-relizida aytiladi.
Ukraina uchun savdo imtiyozlari ikki istisno bilan uzaytirilmoqda. Birinchidan, «muntazam monitoring asosida mavjud himoya mexanizmining mustahkamlangan versiyasi» qo‘llanadi, bu esa Yevropa komissiyasiga «ma’lum shartlar yuzaga kelganda zarur choralarni ko‘rish» imkonini beradi, deyiladi press-relizda. Amalda, Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining haddan tashqari importi tufayli Yevropa Ittifoqi bozorida yoki biron bir a’zo davlatda muammolar yuzaga kelsa, YeK uni qanday cheklash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi bozori Bryusselda parranda go‘shti, tuxum, shakar, jo‘xori, don, makkajo‘xori va asalni o‘z ichiga olgan Ukrainaning «sezgir» qishloq xo‘jaligi mahsulotlari raqobatidan himoyalanadi. Agar ushbu tovarlarning import hajmi 2021 yil ikkinchi yarmida hamda 2022 va 2023 yillar davomida qayd etilgan o‘rtacha ko‘rsatkichdan oshsa, ularga tariflar qaytadan joriy etilishi mumkin. Ushbu «avtomatik tormoz» ilgari Yevropa komissiyasi tomonidan taklif qilingan va Yevropa parlamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
YeI kengashi Moldova uchun savdo imtiyozlarini uzaytirishni ham ma’qulladi
Xuddi shu press-relizda Moldova uchun ham savdo imtiyozlarini 2024 yil 25 iyuldan 2025 yil 24 iyulgacha uzaytirish to‘g‘risida so‘z boradi. Gap Moldova tovarlarining yetti toifasiga: pomidor, sarimsoq, uzum, olma, gilos, olxo‘ri va uzum sharbatiga nisbatan barcha bojxona va import bojlari qo‘llanishini yanada to‘xtatib turish haqida bormoqda. Moldova assotsiatsiya shartnomasi bo‘yicha Yevropa Ittifoqiga boshqa ko‘plab mahsulotlarni bojsiz yetkazib beradi.
Yevropa kengashi ikki davlat bilan savdoni liberallashtirish «Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sharoitida davom etayotganini, u Moldovaga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishda davom etayotganini va natijada Ukraina hamda Moldovani iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zaruriyatini hisobga olgani»ni ta’kidladi. 2022 yil iyun oyida bu ikki davlatga Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomi berilgan va ular bilan muzokaralarni 2023 yilning dekabrida boshlashga qaror qilingandi.