Trampning savdo urushlaridan maqsadi nima? Kim ko‘proq yutqazadi?

Jahon 15:34 2178

Pandemiya inqirozidan chiqar-chiqmay harbiy urushlarga ro‘baro‘ bo‘lgan dunyoga, Donald Tramp yangi g‘alva – savdo urushlarini olib keldi.

Donald Tramp AQSh hokimiyatiga qaytganiga ikki hafta bo‘lar-bo‘lmas, Amerika tarixidagi eng katta savdo urushlarini boshlab yubordi.

AQSh iqtisodiyoti nominal, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri hajmda o‘lchaganda – dunyoning birinchi iqtisodiyoti. Lekin sotib olish qobiliyati pariteti bilan o‘lchaganda, bugun dunyoning birinchi iqtisodiyoti – Xitoy Xalq Respublikasi. Dunyo iqtisodiyotini 100 foiz deb olsak, AQShning ulushi 15 foizni, XXR ulushi esa 18 foizni tashkil qiladi.

Donald Tramp AQShning eng asosiy birinchi uchta savdo-iqtisodiy hamkoriga qo‘shimcha tariflar joriy qildi, o‘z navbatida ular ham javob choralarini e’lon qildi. Bu – savdo urushi deyiladi.

Tramp boj kiritgan uchala davlat ham AQShning bevosita va bilvosita qo‘shnilari: shimol va janubdagi Kanada va Meksika hamda Tinch okeanining narigi sohilidagi Xitoy Xalq Respublikasi. Kanada va Meksikaning Amerikaga kirayotgan barcha mahsulotlariga 25 foizlik tarif, ya’ni boj solig‘i joriy qilindi. Xitoy mahsulotlariga esa avval joriy etilgan tariflarga qo‘shimcha yana 10 foizlik tarif kiritildi (Tramp o‘zining birinchi to‘rt yilligida va undan keyingi Bayden ham, Xitoy mahsulotlariga jami 20 foizlik boj joriy qilgan edi).

Tasavvur qiling, AQShga Kanada yoki Meksikadan kirayotgan bitta tovarning ulgurja narxi 100 dollar deylik, endi shu mahsulot kamida 25 dollarga qimmatlashadi. Natijada, bu mahsulot o‘zining raqobatdoshligini yo‘qotadi.

Bu uchta davlat – AQShning eng muhim savdo hamkorlari. AQSh tashqi savdo aylanmasining salkam yarmi shu uchta qo‘shnining hissasiga to‘g‘ri keladi. Birgina XXR bilan AQShning bir yillik oldi-sotdisi 550 milliarddan 720 milliard dollargacha yetadi. AQSh importining 18 foizi XXRga, 14 foiz Meksikaga, 12 foizi Kanadaga to‘g‘ri keladi. Amerika eksportining 17 foizi Kanadaga, 15 foizi Meksikaga, taxminan 7 foizi XXRga to‘g‘ri keladi. Misol uchun, AQSh Kanada neftisiz yashay olmaydi.

Tramp ushbu davlatlarga, qolaversa, Yevropa Ittifoqiga qarshi savdo urushi ochish niyati borligini aytganida, mutlaq ko‘pchilik ishonmagandi. Chunki “Tramp o‘zining oyog‘iga bolta urmasa kerak – AQShning o‘ziga zarar bo‘ladi-ku?!” deyishdi. Lekin, ko‘rib turganimizdek, Tramp bu urushni boshladi.

Rasman, Tramp “bu davlatlarga qo‘shimcha ta’rif joriy qilishga sabab, bu davlatlardan narkotik moddalar va migrantlar kirmoqda” deb asosladi. Maqsad – Kongressni aylanib o‘tgan holda savdo urushini boshlash edi.

Xo‘sh, Trampning niyati yoki o‘ylab turgan loyihalari nima? U nimaga erishmoqchi? Bu o‘rinda bir qancha sabablar bor.

Birinchidan, Tramp – respublikachi. Respublikachilar odatda ishlab chiqaruvchilarga va oddiy odamlarga soliqlarni pasaytiradi. Har safar respublikachilar hokimiyatga kelganda, soliqlar pasayishi natijasida AQSh budjetiga pul yetishmay boshlaydi. Tramp ham soliqlarni pasaytirib, bojlar orqali yetishmayotgan 2-3 trillion dollarni yig‘moqchiga o‘yshaydi. Lekin, bu ishlamasligi ehtimoli ko‘proq.

Ikkinchidan, Tramp agressiv ishlar orqali o‘zini kuchli siyosatchi sifatida ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi: “Hech kim qilmagan va qila olmagan ishlarni mana men qila olaman”. Bu ishlar bilan Tramp o‘z partiyasi va amerika xalqini o‘z atrofida birlashtirishni yaxshi ko‘radi. “Balki yana va yana, uchinchi va to‘rtinchi marta ham saylanarman”, dedi u yaqinda.

Uchinchidan, Tramp savlov kampaniyasi vaqtida “men bojlarni oshiraman, shunda narxlar arzon bo‘ladi va Amerikada ish o‘rinlari ko‘payadi” degandi. Bu savdo urushi, yangi bojlar orqali o‘z va’dasini bajargandek bo‘lyapti: “Mana, va’da bergan edim va bajarayapman!” Lekin amerikalik ekspertlar: “Ha, Tramp va’dasini bajaryapti, lekin bu va’dani bajarishidan bugun amerikalik oddiy ishchilar, iste’molchilar qo‘rqa boshladi” deyishmoqda.

Bugun amerikalik iste’molchilar bu savdo urushi natijasida ularning topish-tutishi yaxshilanmasligi, aksincha, yomonlashishi haqida har kuni OAVda eshityapti. Bojlar sabab Amerikaga kirayotgan mahsulotlar qimmatlaydi. Boshqa davlatlarning javobi sabab, Amerika mahsulotlari ham kamroq sotiladi. Natijada, amerikalik iste’molchilar qimmatroqqa sotib oladi, eksport qiyinlashgani uchun ishchilarning oyligi kamayadi, ish o‘rni qisqaradi. Chunki qolgan davlatlar ham Amerikaning mahsulotlarini kamroq oladi.

To‘rtinchidan, Tramp bu savdo urushlari orqali o‘sha davlatlar bilan savdolashmoqda. Kanadaga “yangi shtatim bo‘l, yoki mahsulotlarimni ko‘proq sotib ol” demoqchi. Meksikaga esa “migrantlarni o‘tkazma, chegarani mustahkamla” demoqda. Xitoyga ham “menga ko‘p narsa sotyapsan, lekin mendan hech narsa sotib olmayapsan, ko‘proq narsa ol!” degan mujda yo‘llayapti.

Shu narsa aniqki, bu savdo urushidan Amerika yutmaydi. To‘g‘ri, qolgan davlatlar ko‘proq yutqazadi. Ayniqsa, Kanada va Meksika. Xitoy esa tashqi savdoda boshqa davlatlarga e’tiborini kuchaytiradi. Lekin Amerikaning o‘zi ham katta yutqazadi. Chunki boshqa davlatlarning javobi ham ayni bo‘ladi – AQSh mahsulotlari ham qimmatlashadi, kamroq sotiladi. Shu tariqa, Xitoyda AQSh bilan savdosini qisqartirgan mamlakatlardagi bo‘shliqni o‘z mahsulotlari bilan to‘ldirish imkoni tug‘iladi.

Trampning savdo urushi – iqtisodiy natsionalizm, iqtisodiy millatchilik deyiladi. Katta, qonli, harbiy urushlar odatda boshqa sohalarda boshlanadi, bir-biriga javoblar natijasida. Turli sohalardagi urushlar olovlanib, harbiy urushga aylanib boradi. Dunyo keyingi o‘n yilliklarda katta qadamlar bilan iqtisodiy o‘sdi. Buning asosiy sabablaridan biri – erkin savdo edi. Lekin, mana Tramp erkin savdoning o‘rniga savdo urushlarini boshladi.

Savdo urushlarida hamma yutqazadi, lekin, eng qiyini – kambag‘al va rivojlanayotgan, iqtisodiyoti nisbatan kichik davlatlarga bo‘ladi. Kambag‘al va rivojlanayotgan davlatlarning iqtisodiy zaxirasi katta bo‘lmaydi, shuning uchun ular tez toliqadi. Koviddan keyin dunyo o‘ziga kelayotgan edi, Tramp yana yangi savdo urushi boshlab, dunyoni inqiroz tomon burgandek...

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: