“Yangi Toshkentda ekologik toza shahar qurmoqchimiz” – yangi shahar qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

O‘zbekiston 13:09 / 14.05.2024 8592

Toshkent shahrining 2045 yilgacha bosh rejasi doirasida “Yangi Toshkent” konsepsiyasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 2023 yil mart oyida davlat rahbari loyiha qurilishiga tamal toshini ham qo‘yib bergandi. Shundan so‘ng yangi shahar Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida barpo qilinishi, u 20 ming gektarlik hududni egallashi ma’lum qilindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yangi Toshkent direksiyasining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Saidazim Sharipov Gazeta.uzʼga bergan intervyusida yangi Toshkent loyihasiga oid batafsil ma’lumotlar bilan bo‘lishgan.

Foto: Yangi Toshkent direksiyasi

Yangi Toshkent hududi qayerda joylashadi?

Sharipovning ta’kidlashicha, yangi Toshkent poytaxtning sharqiy qismiga tutashgan bo‘ladi. Toshkentning sharqiy chegarasi esa 4P12 avtomagistrali bilan belgilanadi.

Shimoliy chegara Yangibozor shahrining quyi chegaralarida tugaydi. Sharqiy chegarasi Qorasuv daryosi bo‘ylab o‘tadi. Janubda shahar taxminan Toshkent tugaydigan joyda tugaydi”, – deydi u.

Rasmiy vakil hozirgi kunga qadar 20 ming gektarning qanchasi uchun qurilish rejasi ishlab chiqilgani va sotuvga qo‘yilgan lotlarni ham ochiqlagan.

Prezidentga 20 ming gektarning Toshkent tomoniga tutash hududi bilan yana 5 ming gektarning umumiy konsepsiyasini ko‘rsatdik. Hozir 6 ming gektar maydonning birinchi bosqich bosh rejasini ishlab chiqdik. Ushbu 6000 gektar maydon ichida biz 1000 gektarni batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqdik. Ya’ni bu yil sotiladigan uchastkalar 1000 gektar ichida bo‘ladi”, – deydi Sharipov.

Yangi Toshkentning vizual ko‘rinishi / Foto: Yangi Toshkent direksiyasi

Gazeta.uzʼning yozishicha, 13 may holatiga ikkita lot allaqachon sotuvga qo‘yib bo‘lingan. Kun.uz mazkur intervyudan ayrim qismlarni o‘zbek tiliga o‘girdi.

Shaharni rejalashtirish qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

Toshkent – juda unikal shahar. Unda shaharsozlik tarixida mavjud bo‘lgan barcha turlarni uchratish mumkin. Shaharning markaziy qismi radiusli bo‘lib, asosan o‘qsimon magistral ko‘chalardan iborat, boshqa qismlari esa to‘r ko‘rinishida. Hozirgi hududda sovet mahallalari, mikrorayonlar va tarixiy mahallalar bor.

Toshkent va xalqaro tajribani o‘rganib, asosiy ko‘chalari diagonal tartibda bo‘lgan tarmoq sxemasi bugungi kunda shahar hududini tashkil etishning eng samarali yo‘li deb aytish mumkin.

Barcha cxemalar aslida qulay harakatlanish uchun yaratilgan. Misol uchun, radial sxema miloddan avvalgi II asrdan beri ma’lum. Lekin XV-XVIII asrlardan mashhur bo‘lishni boshladi. Asosiy shaharlar aynan shu tartib bilan qurilgan. Bu shakl sovet shaharlarini qurish bilan davom ettirildi.

Foto: Yangi Toshkent direksiyasi

Ammo muammo shundaki, radial shahar piyodalar uchun qulay bo‘lib, insonga zarur bo‘lgan barcha asosiy vazifalari shahar markazida bo‘ladi, markaz atrofida esa turar joy binolari joylashadi. Radial rejalashtirish mafkurasi shundan iboratki, har bir inson o‘ziga kerakli xizmatlarni eng qisqa vaqt ichida olishi mumkin.

Sanoat inqilobidan keyin shaharni rejalashtiruvchilar motorli transport vositalarining harakatlanishini osonlashtirish uchun to‘r ko‘rinishidagi sxemalarini yaratishga kirishdi. Keyin shaharlarni rejalashtirishning to‘rli-diagonal shakli rivojlana boshladi. Qiziqarli misollar qatoriga Barselona va Vashington shahrini aytish mumkin. U yerda to‘r shakli diagonal ko‘chalar orqali kesiladi, shunda siz nafaqat chorrahalarda chapga va o‘ngga burilishingiz, balki diagonal bo‘ylab ham harakat qilishingiz mumkin. Bu shakllarni o‘rganar ekanmiz, biz ularni birlashtirishimiz kerak degan xulosaga keldik. Ammo biz to‘rli shaklni asos qilib olamiz.

Ekologik hududlar, piyodalar va velosiped infratuzilmani shakllantirish uchun biz o‘zida jamoat bog‘lari, qirg‘oqlar, velosiped va piyodalar yo‘laklarini birlashtirgan organik asosni yaratamiz. Bir necha o‘n yillar davomida shakllangan mahallalarni ham Yangi Toshkent hududida saqlab qolamiz. Biz ularni umumiy konsepsiyamizga birlashtirmoqchimiz. Shaharning ayrim joylarida bizning hududimizda shakllangan tarixiy mahallalarga alohida urg‘u beramiz. Biz nusxa ko‘chirishni rejalashtirmayapmiz, ammo biz tarixiy shahar zamonaviy versiyada [bo‘lishi mumkinligini] eslatmoqchimiz.

Foto: Yangi Toshkent direksiyasi

Yangi Toshkentning arxitektura qiyofasi qanday bo‘ladi?

Arxitektura uslublari binolarning vazifasi, joylashuvi va turlariga qarab farqlanadi. Biz yangi Toshkent arxitekturasini XXI asr zamonaviy o‘zbek me’morchiligi sifatida ko‘ryapmiz. Bu zamonaviy arxitektura bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston me’morchiligining boy tarixiga ishora qiladi. Bu bir necha asrlar davomida shakllangan va mintaqaning iqlimiy xususiyatlarini hisobga olgan zamonaviy materiallar, an’anaviy yondashuvlar hamda elementlarning sintezidir. Biz ana shu asosiy elementlarni birlashtirib, O‘zbekistonning zamonaviy arxitekturasini yaratmoqchimiz.

Arxitektura va shaharsozlikda jamoat hamda shaxsiy hududlar, shuningdek, semi-private (yarim shaxsiy), semi-public (yarim jamoat) deb ta’riflanadigan tushunchalar mavjud.

Hammasi bo‘lib 4 ta toifa bor:

  • jamoat – ko‘cha;
  • yarimjamoat – har bir kishi faqat savdo markazi orqali kirishi mumkin bo‘lgan savdo hududlari;
  • shaxsiy – xususiy hududlar;
  • yarimshaxsiy – masalan, faqat talabalar va o‘qituvchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan OTM.

Agar an’anaviy o‘zbek me’morchiligi haqida gapiradigan bo‘lsak, unda asosan shaxsiy va yarimshaxsiy makon turlaridan foydalanilgan. Bu – bizning mintaqamizning o‘ziga xosligi. Bu din, mentalitet va tabiiyki, issiq iqlim bilan bog‘liq. Gap asosan mikroiqlimni saqlab qolish uchun ixcham hovlilar haqida ketmoqda. Bunday hovlilar qanchalik kengaysa, salqin haroratni saqlash imkoniyati shunchalik kamayadi.

Shahar yuqoriga qarab o‘ssa va zamonaviy qurilish materiallari, texnologiya imkoniyatlari bilan hududni kengaytirsak, uning shaxsiy hudud xususiyatini boy beramiz. Bu – juda falsafiy mavzu, bu borada chuqurlashishni istamayman. Ammo savolingizga qisqacha javob berish uchun quyidagilarni aytaman.

Biz yangi Toshkentda ekologik toza shahar qurmoqchimiz. Gap nafaqat yashil shahar haqida, balki zamonaviy materiallar, zamonaviy qurilish usullaridan foydalangan holda hovlilar qurmasdan turib ham mikroiqlim, ochiq mikrohududlar, shaxsiy makon yaratish haqida ketmoqda. Tabiiyki, biz hamma joyda ochiq joylar yoki yopiq hududlar qilishni xohlamaymiz. Bu binolar vazifasiga ko‘ra aralash hududlar bo‘ladi.

Yangi Toshkent yashil shahar bo‘ladimi?

Loyihamizga ko‘ra, yangi Toshkent hududining 23 foizi umumiy foydalanishi mumkin bo‘lgan yashil maydonlar uchun ajratiladi. Bundan tashqari, bizda muassasalarga o‘z maydonining bir qismini daraxt ekish uchun ajratish talablari qo‘yilgan.

Masalan, universitet hududining 50 foizi yashil maydonlar yaratish uchun ajratilishini talab qilamiz va bu ko‘rsatilgan 23%ga kiritilmagan, chunki universitet hududi yarimjamoat joyi bo‘lib, uning hududi hamma uchun ham ochiq bo‘lmaydi. Shaxsiy hududlarni hisobga olgan holda, yashil maydonlar sezilarli darajada 23% dan oshadi.

Odamlar ko‘chaga chiqishi, sayr qilishi va dam olishi uchun qulaylik yaratish maqsadida sokin jamoat bog‘i qurishni boshladik. Bu butun yangi Toshkent asosiy yashilligining bir qismi. Bog‘larda sun’iy kanal va turli funksiyalarni uchratish mumkin bo‘ladi. Bu ekotuzilma butun yangi Toshkent hududini qamrab oladi. Ya’ni siz bog‘ning bir qismida sayr qilishni boshlashingiz va kanallar, bog‘lar bo‘ylab shaharning boshqa qismiga velosipedda yetib borishingiz mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, har bir kvartalda jamoat bog‘i ko‘rinishidagi o‘ziga xos yashil hudud ham joy egallaydi.

Biz jamoat transportiga ustunlik berishni va shu tariqa zaharli tashlanmalar, shaxsiy avtomobilga qaramlikni kamaytirmoqchimiz.

Ekologiya tozaligi qanday resurslardan foydalanayotganimiz va chiqindilarni qanday qayta ishlayotganimiz hamda shahar infratuzilmasini qanday tashkil qilishimizga bog‘liq.

Ekologik tozalik binolarni qurishda qanday materiallardan foydalanishimizga bog‘liq. Buning uchun ma’lum standartlar mavjud. Loyihalovchi va quruvchilar ekologik standartlarga rioya qilishlari, bu standartlarning minimal talablariga javob berishlari uchun talablarni belgilashni rejalashtiryapmiz.

Ekologik tozalik biz qanday resurslardan foydalanishimiz, chiqindilarni qanday qayta ishlashimiz, shahar infratuzilmasini qanday tashkil qilishimizga bog‘liq. Shahar infratuzilma, ekologik jihatdan qulay bo‘lishi uchun issiqlik, sovuq va elektr energiyasini bir vaqtda ishlab chiqaradigan trigeneratsiyali qozonxonalar qurishni rejalashtirganmiz.

Quyosh energiyasidan foydalanishni ham rejalashtirganmiz. Bunga erishish uchun yangi Toshkentdan tashqarida quyosh elektr stansiyalarini quramiz. Qolaversa, mavjud gidroelektrostansiyalarni keyinchalik modernizatsiya qilish bilan ularning energiyasidan foydalanamiz.

Yangi shaharni har xil turdagi ma’lumotlarni to‘playdigan aqlli shahar sifatida ko‘ramiz. Uning tahliliga asoslanib, biz shahardagi sharoitlarni doimiy ravishda yaxshilash imkoniyatiga ega bo‘lamiz, bu hamma: piyodalar, velosipedchilar, jamoat transporti va avtoulovchilar – umuman hammasini muvozanatda saqlash uchun.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili dekabr boshida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasini moliyalashtirish nazarda tutilgan qarorni tasdiqlagandi. Unga ko‘ra, birinchi bosqichda 40 mlrd so‘m ajratilishi e’lon qilingan.

Poytaxt bosh rejasi ishlab chiqilgani va hukumatga tasdiqlash uchun kiritilgani haqida shu yil fevral oyida Kun.uzʼga intervyu bergan “ToshkentboshplanLITi” direktori o‘rinbosari Sherzod Ziyayev ma’lum qilgandi. Shuningdek, u hujjat jamoatchilikka ham e’lon qilinishi, shundan so‘ng qabul qilinishini aytgandi. Ammo hozircha bosh reja jamoatchilikka taqdim qilingani yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: