Germaniya kansleri Olaf Shols iyun oyida Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan Ukraina tinchlik konferensiyasi Rossiya hujumini to‘xtatish maqsadiga erishishda muvaffaqiyat keltirishini kutmayapti. «Hech kim ortiqcha umidlarga ega bo‘lmasligi kerak. Biz urushning tugashi haqida muzokaralar olib borayotganimiz yo‘q», dedi u 14 may, seshanba kuni chop etilgan nemis haftalik nashri Stern’ga bergan intervyusida.
«Gap AES xavfsizligi, g‘alla eksporti, asirlar almashinuvi va yadroviy qurolni taqiqlash haqida bo‘ladi»
Uning so‘zlariga ko‘ra, Byurgenshtokdagi uchrashuv «eng yaxshi holatda Ukraina va Rossiya o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga olib kelishi mumkin bo‘lgan jarayonning boshlanishini ko‘rsatadi». «Shveytsariyada gap atom elektr stansiyalarining xavfsizligi, g‘alla eksporti, asirlar almashinuvi masalasi va yadro qurolidan foydalanishga oid zarur taqiqlar haqida bo‘ladi», dedi Germaniya kansleri.
Shu bilan birga, Shols Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘paytirish chaqirig‘idan keyin yevropaliklar tomonidan kerakli munosabat bo‘lmaganidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirdi. «Afsuski, (Germaniyadan) o‘rnak olganlar hali ham kam, chunki Ukraina zudlik bilan qo‘shimcha havo mudofaa tizimlariga muhtoj», dedi u va Rossiyaning Ukraina hududiga yangi hujumlariga ishora qildi. Rossiya «aftidan, Ukraina infratuzilmasini yo‘q qilmoqchi», deya qo‘shimcha qildi Germaniya hukumati rahbari.
Tinchlik sammiti iyunda Rossiya ishtirokisiz o‘tadi
Ukraina bo‘yicha global tinchlik sammiti 15-16 iyun kunlari Lyutsern yaqinida joylashgan Byurgenshtok kurortida bo‘lib o‘tadi. Anjumanda 100 ga yaqin davlat ishtirok etishi kutilmoqda. Sammit 2023 yilda Daniya, Saudiya Arabistoni va Maltada, 2024 yil 14 yanvarda Davosda bo‘lib o‘tgan Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha to‘rtta oldingi konferensiyaga o‘xshashi kerak.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina Byurgenshtokdagi uchrashuvga Xitoy rahbari Si Jinpingni ham taklif qilgan. Ukrainaga qarshi urushni tugatish imkoniyatlari muhokama qilinadigan Shveytsariyadagi sammitga Rossiya taklif qilinmadi. Moskva, o‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi ishtirokisiz bunday uchrashuv mantiqiy bo‘lmasligini ta’kidladi.