RF mudofaa vazirligining Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Yuriy Kuznetsov o‘ta yirik miqdorda pora olishda gumonlanib ushlangan, deb xabar bermoqda Tergov qo‘mitasi.
Ayblov ushbu harbiy RF qurolli kuchlari Bosh shtabining 8-boshqarmasini (bu idora Rossiya qurolli kuchlarining Davlat sirlarini himoya qilish xizmati markaziy organi hisoblanadi) boshqargan 2010-2023 yillarga aloqador. 55 yoshli general Kadrlar bosh boshqarmasiga 2023 yil mayida boshliq bo‘lgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kuznetsov «tijoriy tuzilmalar vakillaridan ularning foydasiga muayyan harakatlar amalga oshirgani evaziga pora olgan». Jinoiy ish bo‘yicha hozircha boshqa tafsilotlar ma’lum emas.
Generalning yashash joyida tintuv o‘tkazilgan — unikidan rubl va xorijiy valutadagi jami 100 million rubldan ortiq naqd pul vositalari, oltin tangalar, kolleksiya qilingan soatlar va qimmatbaho buyumlar musodara qilingan, deyiladi Tergov qo‘mitasi xabarida.
Avvalroq «VChK-OGPU» telegram-kanali Yuriy Kuznetsov «uyda ushlangani», kelgan xavfsizlik kuchlari esa «qasddan qattiq harakat qilishgani» va «bosh harbiy kadrchining Istra rayonidagi uyida lomlar bilan darvoza va derazalarni sindirib tashlashgani» haqida xabar tarqatgandi.
TASS agentligining huquq-tartibot organlaridagi manbasi ma’lum qilishicha, Kuznetsovni «generalga qarshi ko‘rsatma bergan ish doirasidagi ikkinchi figurantni so‘roq qilishdan keyin» ushlashgan. JK 290-modda, 6-qismi bo‘yicha Kuznetsovga 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid qilmoqda.
Yuriy Kuznetsov qo‘lga olinishi haqida 13 may kuni kechqurun hukumat ta’siridagi telegram-kanallar hamda OAVning huquq-tartibot organlaridagi manbalari xabar bergandi. Jurnalistlar sud saytida mudofaa vazirligi kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Vasilevich Kuznetsovning ismi-familiyasiga mos keladigan kartochkani uchratishgan. 13 may kuni Moskvadagi 235-garnizon harbiy sudida gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash bo‘yicha majlis o‘tkazilgan. «Kommersant» nashrining tergov organiga yaqin manbasi sud generalni o‘ta yirik miqdorda pora olish ayblovi bo‘yicha hibsga olganini ma’lum qilgan.
Bu so‘nggi vaqtlarda RF mudofaa vazirligi rahbariyatiga qarshi ikkinchi shov-shuvli jinoiy ish bo‘lmoqda. 2024 yil aprel oyi oxirida Moskvada RF mudofaa vaziri o‘rinbosari, harbiy-sanoat kompleksiga mas’ul bo‘lgan Timur Ivanov qo‘lga olingandi. Ushbu generalga ham o‘ta yirik miqdorda — bir milliard rubldan ortiq pora olish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. OAV uning ishida davlatga xiyonat bo‘yicha epizod ham borligini xabar qilgan, ammo Ivanovning advokati bu ma’lumotni rad etgan.
24 aprel kuni Moskvadagi Basmanniy sudi Ivanovni o‘ta yirik miqdorda pora olganlikda ayblab, 23 iyunga qadar tergov izolyatoriga jo‘natdi. Xuddi shu kuni u lavozimidan chetlatildi. Bir kundan keyin sud Ivanov va uning qarindoshlarining ko‘chmas mulki, aktivlari va bank hisobraqamlarini xatlovga olgandi.
Bloomberg nashri yozishicha, Sergey Shoyguning yaqin safdoshlaridan birining qo‘lga olinishi hukumatda kutilayotgan kadrlar almashuvi arafasida uning mudofaa vaziri sifatidagi pozitsiyasini zaiflashtirgan.
12 may kuni Vladimir Putin Sergey Shoyguni mudofaa vaziri lavozimidan iste’foga chiqarib, uni RF Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimiga tayinladi. Shoygu vazirlikni qariyb 12 yil mobaynida — 2012 yil noyabridan 2024 yil mayiga qadar boshqargandi. Harbiy idora rahbarligi uchun esa bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Andrey Belousovning nomzodi ilgari surilgan.