“Humo” to‘lov tizimi operatori aksiyadorlik jamiyatiga aylantirildi – Davaktiv

Iqtisodiyot 16:45 / 14.05.2024 4153

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Milliy banklararo protsessing markazi” (Humo to‘lov tizimi operatori) mas’uliyati cheklangan jamiyati aksiyadorlik jamiyati shaklida qayta tashkil etilganini ma’lum qildi. Bu to‘g‘risida Davaktiv agentligining tegishli buyrug‘i qabul qilingan va jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi 2024 yil 13 may kuni Davlat xizmatlari markazidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

“Hozirda “Milliy banklararo protsessing markazi” aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini birlamchi chiqarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Ma’lumot uchun, prezidentning 2023 yil 30 noyabrdagi 381-son qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi belgilangan.

OAVdagi xabarlarga ko‘ra, 2024 yil boshidan beri bir nechta to‘lov tizimlari, xususan, Click va Brio Group tuzilmasi aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida O‘zbekistonda yangi xususiylashtirish dasturi e’lon qilingandi. Undan Humo to‘lov tizimi bilan bir qatorda “O‘zavtosanoat” tarkibidagi o‘nlab korxonalar, issiqlik elektr stansiyalari, Toshkent metallurgiya zavodi, Silk Avia aviakompaniyasining xususiylashtirish rejalari o‘rin olgan. Bundan tashqari, NKMK, OKMK va boshqa bir qator yirik davlat korxonalari xorijiy va/yoki mahalliy fond bozorlarida IPO/SPO o‘tkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: