Umumta’lim maktablarida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri cheklangan holda o‘tkaziladi 

O‘zbekiston 23:22 / 13.05.2024 13435

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim muassasalarida 2023-2024-o‘quv yilini yakunlash va «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirini o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi. 

Unga ko‘ra, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri 25 may kuni soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tashkil etiladi. Tadbirga maktab o‘quvchilari sonidan kelib chiqqan holda faqat 1-, 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilari jalb etiladi. 

Tadbir mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilingan holda tashkil etiladi. Unga faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, mahalla faollari, maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi. 

Shu bilan birga, tadbirda yil davomida a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar rag‘batlantirilishi mumkin. 

2023-2024-o‘quv yilini yakunlash va «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbirini o‘tkazishda quyidagilar taqiqlanadi: 

- turli restoran va kafelar, xonadonlarda «Bitiruv oqshomi»ni o‘tkazish, imtihon va yakuniy davlat attestasiyasini o‘tkazishda, ta’lim muassasasini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bahonasida o‘quvchilardan pul yig‘ish;

- o‘quvchilardan qimmatbaho sovg‘alar uchun pul yig‘ish, bitiruv kechalariga atab qimmat kiyimlar olish, yengil avtomashinalarda sayr tashkil etish;

- o‘quvchilarning guruh-guruh bo‘lib xiyobonlar, istirohat bog‘lari, cho‘milish havzalariga borishi. 

Ko‘proq yangiliklar: