Forumni Senat raisi Tanzila Norboyeva ochib berib, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga murojaatini o‘qib eshittirdi. Murojaatda O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash, mustahkamlash borasida yuqori o‘rinlarda ekanligi alohida qayd etildi.
“Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotida, muhim qarorlar qabul qilinishida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli ravishda kengayib bormoqda. Qisqa davr ichida sohaga doir xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirildi, so‘nggi 5 yilda 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi bunga yorqin misoldir. “Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi muhim qonunlar qabul qilindi va amaliyotga joriy etildi”, dedi Senat raisi.
Tanzila Norboyeva, shuningdek, ayollar uchun imtiyozlar, maxsus kvotalar ajratilgani, magistraturada o‘qiydiganlarning kontrakt to‘lovlari to‘liq davlat budjetidan qoplab berilishini davlat o‘z zimmasiga olgani va natijada bugungi kunga kelib qiz bolani o‘qitmaslik, uyda o‘tirishi kerak degan stereotiplarga barham berilayotganini qayd etdi.
“Hozirda oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talabalarning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Agar oliy ta’limga qamrovning 2017 yildagi 9 foizni hozirgi 43 foiz qamrov bilan solishtirsak, oliy ta’limda qizlar ulushi keskin ortganini ko‘rishimiz mumkin”, dedi u.
Forum davomida quyidagi maqsadlar belgilab olingan:
— BMTning xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi, Pekin deklaratsiyasi va Harakat platformasi qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq xalqaro, mintaqaviy va milliy tajriba hamda innovatsion yondashuvlarni keng muhokama qilish;
— Xotin-qizlarning ta’lim olishi, sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishi, munosib ish bilan ta’minlanishi, shuningdek, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalardan foydalanishi uchun imkoniyatlar yaratish;
— Iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surish, bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar va imkoniyatlarni yanada birlashtirish;
— Xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini to‘liq ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan gender tenglikni milliy va mintaqaviy darajada amalga oshirishni yanada rag‘batlantirish masalalarida yuqori natijalarga erishish;
— COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan muammolar va iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etishda xotin-qizlarning rolini oshirish va ijodiy salohiyatidan kengroq foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
— Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni muhokama qilish, tajriba almashish;
— Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati bilan bog‘liq bilim va tajriba almashishni kengaytirish;
— Siyosiy jarayonlar va qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning ishtirokini yanada oshirish bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish uchun manfaatdor tomonlarning hamkorligini ta’minlash.