Ukrainada urushning 808-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- O‘n birinchi may kuni Rossiya mudofaa vazirligi Xarkiv oblastida beshta aholi yashash manzili egallangani haqida xabar berdi — bu orqali ushbu hududda yurish boshlangani rasman tan olindi.
- RIA Novosti agentligi Ukraina qurolli kuchlari HIMARS orqali Donetskda «DXR tashkil etilganining o‘n yilligi» munosabati bilan uyushtirilgan avtopoyga ishtirokchilarini o‘qqa tutgani haqida xabar tarqatdi.
- Yevroittifoq mamlakatlari elchilari Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini kelishib olgan — lekin bu YeI mamlakatlari o‘z harbiylarini harbiy harakatlar hududiga yuborishini ko‘zda tutmaydi.
- Belgorod oblasti rasmiylari hudud Ukraina tomonidan navbatdagi bor o‘qqa tutilishi oqibatida sakkiz kishi yaralangani haqida xabar berdi.
- O‘zini o‘zi e’lon qilgan LXR nazorati ostidagi Rovenki shahrida neft baza yonib ketdi. Mahalliy rasmiylar ukrain harbiylari bazani ATACMS raketalari bilan o‘qqa tutganini bildirgan.
- Kursk va Belgorod oblastlari rasmiylari ukrain harbiylari uchirgan dronlardan portlovchi moddalar tashlanishi oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lganini xabar qilgan.
Donetsk o‘qqa tutilishi
RIA Novosti agentligi 11 may kuni Ukraina qurolli kuchlari HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan anneksiya qilingan Donetsk shahrining Lenin rayonini o‘qqa tutgani haqida xabar berdi. U yerda o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR «mustaqilligi»ning o‘n yilligi sharafiga avtopoyga uyushtirilgandi. Mash telegram-kanalining Donbassdagi muxbiri hamda hukumatparast «harbiy muxbir» Semyon Pegov avtopoyga ishtirokchilari yig‘ilgan maydon yaqinidagi «Paradiz» restorani zarbaga uchraganini xabar qilgan. Pegovning ma’lumotiga ko‘ra, mashinalar start olishga tayyor turgan mahalda portlash sodir bo‘lgan, shundan keyin takroriy zarba xavfi tufayli ushbu avtopoygani bekor qilishga qaror qilingan.
Hududning Rossiya tomonidan tayinlangan gubernatori Denis Pushilin bergan ma’lumotga ko‘ra, zarba oqibatida uch kishi halok bo‘lgan — «Paradiz» restorani xodimi hamda ikki mijoz. Yana sakkiz kishi, jumladan 12 yoshli qiz jarohatlangan.
Volchanskdan evakuatsiya
RF mudofaa vazirligi Xarkiv oblastidagi yurish doirasida ukrainlarning quyidagi beshta aholi yashash punktlari «ozod etilgani» to‘g‘risida ma’lumot berdi: Borisovka, Ogursovo, Pletenevka, Pilna va Strilecha. Avvalroq Ukraina mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini oblastning chegaradosh hududlarida yangi yurish boshlagani to‘g‘risida xabar bergandi. Volodimir Zelenskiy bu regionda «shiddatli janglar» ketayotgani, ammo Rossiya kuchlari hujumilari artilleriya olovi bilan to‘xtatilganini ma’lum qilgandi.
Rossiya qo‘shini juma kuniyoq Xarkiv oblasti shimolini o‘qqa tutishni kuchaytirgandi. Rossiya bilan chegaradan 10 kilometr masofada joylashgan Volchansk shahri hammadan ko‘p jabr ko‘rmoqda. Ukraina hukumati shahar aholisini evakuatsiya qilishga kirishgan.
Xarkiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya qo‘shini harbiy harakatlarni faollashtirgan hududdan jami 4073 kishi evakuatsiya qilingan.
Avdiyivka yaqinidagi ukrain askarlari
Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Avdiyivka shahrini fevral oyi o‘rtalarida egallagandi. Bir necha oylik janglarda Avdiyivkaning bir qismi butkul vayronaga aylangan. Ukraina qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari shahar atrofidagi pozitsiyalarda mudofaalanishda davom etmoqda.