Peterburgda daryoga qulagan avtobus haydovchisi avariyadan oldinroq tormozda muammo payqagani haqida aytdi

Jahon 17:25 / 12.05.2024 29420

Sankt-Peterburgdagi Oktyabr rayoni sudi 10 may kuni Moyka daryosiga tushib ketgan avtobus haydovchisi Rahmatshoh Qurbonovni 9 iyulga qadar hibsga oldi. U ehtiyotsizlik oqibatida ikki yoki undan ortiq odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzishda ayblanmoqda. 

Rahmatshoh Qurbonov bilan gaplashgan tarjimonning aytib berishicha, 9 may kuni smena yakunlangach u keyingi kuni soat 5:30 da ishga chiqish to‘g‘risida xabar olgan, deb yozadi «Fontanka».

Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, 10 may tongida unga uchta avtobusdan birini tanlash taklif qilingan. Haydovchi birinchi bo‘lib tanlagan avtobusda burilish chiroqlaridan biri ishlamagan. Shunda u ta’mirlash ustaxonasiga borgan, ammo u yerdan uni parkka qayta chaqirib olishgan. 

Avvalroq haydagan avtobusini tanlagan Qurbonov mahalliy vaqt bilan ertalabki soat sakkizlarda yo‘nalishga chiqqan. Uch soat vaqt o‘tganidan keyin u avtobus tormozidagi nosozlikni payqab qolgan. Haydovchining aytishicha, avtobus darhol to‘xtamagan — faqat qo‘shimcha bir necha metr yurganidan keyin to‘xtagan.

Bu vaqtda Tergov qo‘mitasi ushbu ish doirasida ikkinchi gumonlanuvchi qo‘lga olingani haqida e’lon qildi.

Idoraning ma’lum qilishicha, avtobus haydovchisidan tashqari odamlarni tashish xizmatini ko‘rsatgan «Taksi» MChJ avtokolonnasi boshlig‘i ushlangan. Uning shaxsi ochiqlanmagan.

«Lavozimiga ko‘ra, ushbu shaxs mehnat va transport intizomi, jumladan, „Taksi“ MChJda ishlovchi haydovchilarning mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, daryoga qulagan avtobus haydovchisi bir necha kun mobaynida zarur dam olish vaqti berilmagan», — deyiladi TQ press-relizida.

  • 10 may kuni kunduzi Peterburgda yo‘nalishli avtobus Potseluyev ko‘prigidan Moyka daryosiga qulagan, natijada yetti kishi halok bo‘lgandi. Tergov qo‘mitasi ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atgan: ikki yoki undan ortiq shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish haqidagi modda (RF JK 264-moddasi 5-qismi, maksimal jazo — yetti yilga ozodlikdan mahrum etish) va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmat ko‘rsatish haqidagi modda bo‘yicha (RF JK 238-moddasi 3-qismi, maksimal jazosi — o‘n yilga ozodlikdan mahrum etish) bo‘yicha. Tergov doirasida avtobus haydovchisi ikki yil muqaddam Rossiya fuqaroligini olgan 44 yoshli tojikistonlik Rahmatshoh Qurbonov qo‘lga olingandi.
Ko‘proq yangiliklar: