Panamada «Panama hujjatlari» mojarosining markazida bo‘lgan Mossack Fonseca yuridik firmasi asoschisi, huquqshunos Ramon Fonseka vafot etdi. Bu haqda Panama Milliy advokatlar assotsiatsiyasi 9 may, payshanba kuni xabar berdi.
Fonsekaning advokatiga ko‘ra, huquqshunos Panama kasalxonasida pul yuvish ishi bo‘yicha hukmni kutayotgan vaqtda vafot etgan. Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, u 8 aprel kuni boshlangan sud majlisida aynan sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli ishtirok etmagan.
Prokuratura Ramon Fonseka, shuningdek, uning sobiq biznes sherigi, germaniyalik Yurgen Mossakni 12 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qildi.
2009 yildan 2014 yilgacha hokimiyatda bo‘lgan Panamaning sobiq prezidenti Rikardo Martinelli 71 yoshli Fonsekaning o‘limi munosabati bilan u «shafqatsiz ta’qiblar» qurboni bo‘lganini aytdi. «Buyuk inson, huquqshunos, yozuvchi va siyosatchi», - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Pul yuvish ishi bo‘yicha hukm iyun oyi boshidan kechiktirmay e’lon qilinishi kutilmoqda.
«Panama hujjatlari»: yuzlab taniqli shaxslar
2016 yilning aprel oyida dunyoning bir qator yirik ommaviy axborot vositalari ofshor kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullangan Panamaning Mossack Fonseca yuridik firmasi ichki hujjatlari tahlili asosida surishtiruvni e’lon qildi. Hujjatlarda siyosatchilar, ishbilarmonlar va dunyoning boshqa mashhur shaxslariga shubhali tranzaksiyalardan o‘nlab milliard dollar ishlab olish imkonini beruvchi kompaniyalar haqida ma’lumotlar bor edi. Umuman olganda, «Panama hujjatlari»ga 140 ta davlat rahbarlari va taniqli siyosatchilar, shuningdek, 200 ta davlatdan 240 ming ofshor kompaniyalar kiritilgan.
2019 yilda Germaniyaning NDR, WDR ijtimoiy-huquqiy mediakompaniyalari va Süddeutsche Zeitung gazetasi olib borgan hisob-kitoblarga ko‘ra, «Panama hujjatlari»ning e’lon qilinishi natijasida yuzaga kelgan ofshor mojarosi tufayli jami 1,07 milliard yevro jarima va qo‘shimcha soliqlar sifatida to‘langan.
«Panama hujjatlari»ning eng ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan biri o‘zini Rossiya prezidenti Vladimir Putinning do‘sti deb atagan violonchelchi Sergey Roldugin edi. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, u shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan bir necha milliard dollarlik aylanmaga ega uchta ofshor kompaniyaga egalik qilgan.