Braziliyada toshqinlar qurbonlari soni 107 kishiga yetdi

Jahon 12:27 / 11.05.2024 2127

Braziliya janubidagi Riu-Grandi-du-Sul shtatidagi suv toshqini qurbonlari soni 107 kishiga yetdi. Bu haqda 10 may, juma kuni mahalliy fuqaro mudofaa xizmatiga tayanib, Reuters xabar berdi. 136 kishi hamon bedarak yo‘qolgan, 165 mingdan ortiq inson suv bosgan uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, toshqinlar yo‘llar va ko‘priklarni vayron qilib, Portu-Alegri shahriga kirishni to‘sib qo‘ygan. U yerda, Reuters yozganidek, supermarketlar javonlari bo‘m-bo‘sh, tunda o‘g‘irliklar sodir bo‘lyapti.

Riu-Grandi-du-Sulda suv toshqini aprel oxirida boshlangan

Braziliyaning Urugvay bilan chegaradosh shtatida suv toshqini aprel oyi oxirida boshlangan. O‘shandan beri jabrlanganlar va qurbonlar soni doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Shu tariqa, 4 may kuni suv toshqini qurbonlari soni 50 kishidan oshgani xabar qilingan edi. Shtat gubernatori Eduardu Leyte suv toshqinlarini shtat tarixidagi «eng yomon ofat» deb atadi.

Yuzlab braziliyalik askarlar qutqaruv ishlarida qatnashmoqda

Avvalroq Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva tabiiy ofat munosabati bilan bayonot bergan edi. «Braziliya tarixida hech qachon bir joyda bunchalik ko‘p yomg‘ir yog‘magan», dedi u poytaxt Braziliyada Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

Mamlakat Fuqaro muhofazasi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joylarda 2000 dan ortiq qutqaruvchi ishlamoqda. Shuningdek, qidiruv-qutqaruv ishlariga 900 dan ortiq harbiy xizmatchi, Mudofaa vazirligining 9 ta samolyoti va 98 ta kateri jalb etilgan.

Anormal issiqlik va Tinch okeanidagi suv haroratining o‘zgarishi

Braziliya so‘nggi oylarda bir necha bor ekstremal ob-havo hodisalari, jumladan, jazirama va kuchli yomg‘irlardan aziyat chekdi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda ekstremal ob-havo hodisalari El-Nino iqlim fenomeni - Tinch okeani ekvatorial kamarining markaziy va sharqiy zonalarida suv harorati o‘zgarishi tufayli kuchaymoqda, deb ta’kidlaydi iqlimshunoslar.

Ko‘proq yangiliklar: