Yerevanda minglab namoyishchilar Pashinyanning iste’fosini talab qildi

Jahon 08:23 / 10.05.2024 3999

Armaniston poytaxti Yerevan markazidagi Respublika maydonida 9 may, payshanba oqshomida o‘tkazilgan mitingga 20 mingdan ortiq odam yig‘ildi, deb xabar bermoqda mahalliy telegram-kanallari. Namoyishchilar Armaniston hukumatining Ozarboyjon bilan chegarani demarkatsiya qilishga kelishib olgani munosabati bilan bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qildi.

Mahalliy pabliklar va ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, norozilik mitingida ko‘pchilikni Arman Apostol cherkovi Tavush yeparxiyasi rahbari, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan boshchiligidagi «Vatan uchun tavush» harakati tarafdorlari tashkil etdi. Miting chog‘ida u namoyishchilar «bo‘ysunmaslik harakatlari» boshlaganini va Pashinyanda bosh vazirlikdan ketishi uchun bir soat vaqt borligini aytdi. Belgilangan muddat Moskva vaqti bilan soat 19:00 da tugadi. Pashinyan uchrashuv o‘tkazish va iste’foga chiqish haqidagi talablarga javob bermadi. Shundan so‘ng, arxiyepiskop Milliy assambleyada (Armaniston parlamenti) impichment orqali bosh vazirning iste’fosini talab qilishini ma’lum qildi.

Galstanyan maydonda qolishga qaror qildi va barchani undan o‘rnak olishga chaqirdi. «Biz kechiktirmaymiz, aniq harakatlar qilamiz va natijalarga erishamiz, faqat birgalikda», dedi arxiyepiskop namoyishchilarga. 

Yerevan 4 ta hududiy birlikni Bokuga boy berdi 

Avvalroq Armaniston tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku chegaraning alohida uchastkasi bo‘yicha demarkatsiya, jumladan, Tavush viloyati va Ozarboyjonning shimoli-g‘arbiy G‘azax viloyati o‘rtasidagi to‘rtta qishloqning hududiy mansubligi haqida kelishib olganini ma’lum qilgandi. 1990-yillarning boshidan bu hududlar Armaniston tomonidan nazorat qilingan, biroq 2020 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy mojaro natijasida ular Ozarboyjonga o‘tadi. 

Mahalliy aholi bu qarorga keskin qarshi chiqdi va norozilik namoyishini boshladi. Yerevan markazidagi mitingda namoyishchilar 4 may kuni boshlab, chegaradagi Kirans qishlog‘idan chiqib, 9 may kuni poytaxtga yetib borgan yurish yakunlandi. Xususan, namoyishchilar M6 magistralining Armaniston-Ozarboyjon chegarasiga yaqinroq joylashgan Voskepar qishlog‘iga olib boradigan qismini to‘sib qo‘ydi. 

May oyi boshida Armaniston hukumati qishloqqa kirishni to‘sdi va bir necha o‘nlab namoyishchilarni qo‘lga oldi. Shundan so‘ng, VVS ta’kidlashicha, arxiyepiskop Bagrat Galstanyan «Vatan uchun tavush» norozilik marshini e’lon qilgan. 

Armaniston va Rossiya bir qator mintaqalardan harbiy xizmatchilarni olib chiqish bo‘yicha kelishib oldi 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida 8 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida rossiyalik harbiylar va chegarachilarni Armanistonning bir qancha viloyatlaridan olib chiqib ketishga kelishib olindi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Peskovning so‘zlariga ko‘ra, «Armaniston tomoni iltimosiga ko‘ra» rossiyalik chegarachilar Armanistonning Turkiya va Eron bilan chegarasi uchastkalarida qoladi. 

Avvalroq Armanistonda hukmron «Fuqarolik kelishuvi» partiyasining parlamentdagi fraksiyasi rahbari Ayk Konjoryan Pashinyan va Putin 2020 yildan keyin Armanistonning beshta hududi - Tavush, Syunik, Vayotsdzor, Gegarkunik va Araratda joylashgan barcha Rossiya chegara va harbiy nazorat punktlari faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. 

G‘arb Armanistonga grant va sarmoya va’da qildi

Aprel oyi boshida Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen YeI va Armaniston o‘rtasida «ambitsiyali yangi hamkorlik dasturi»ni e’lon qildi, jumladan, Yerevanga to‘rt yil davomida «iqtisod va jamiyatni barqarorlashtirish uchun 270 million yevro miqdorida grantlar ajratadigan reja» bor.

Ushbu mablag‘lar biznesni qo‘llab-quvvatlash, bozorlarni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, Yevrokomissiya rahbari qator infratuzilma loyihalariga yangi sarmoya kiritish va Gurjiston bilan munosabatlarni yaxshilashga va’da berdi. Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, YeI va Armaniston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik allaqachon yarim milliard yevrodan ortiq sarmoyani jalb qilish imkonini berdi. 

Ko‘proq yangiliklar: