Sankt-Peterburg shahri markazida ichida o‘nlab yo‘lovchilar bo‘lgan avtobus Moyka daryosiga quladi. Holat aks etgan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
«Fontanka» nashri guvohlarga tayanib bergan xabarga ko‘ra, sohil bo‘ylab harakatlangan avtobus ikki avtomobilga urilgan, to‘siqni buzib o‘tgan va suvga tushib ketgan.
Politsiyadagilar avtobusda 20 nafar atrofida odam bo‘lganini xabar qilgan. Hozirda voqea joyida qutqaruv amaliyoti davom ettirilmoqda — odamlar avvaliga salondan avtobus tomiga chiqarilmoqda, keyin esa quruqlikka olib o‘tilmoqda.
Dastlab «112» telegram-kanali manba keltirmasdan besh kishi halok bo‘lgani haqida xabar berdi — keyinroq post tahrirlab qo‘yildi, endi u yerda faqat bir qurbon haqida gap ketadi.
TASS agentligi operativ xizmatlardagi manbasiga asoslanib, qurbonlar soni uch nafarni tashkil etayotgani, yana olti kishi shifoxonaga yotqizilganini xabar qilgan.
«Fontanka» ma’lumotida esa, qurbonlar soni 6 nafar ekani aytilgan.
«Ostorojno, novosti» nashri guvohlarga tayanib xabar berishicha, birinchi bo‘lib yaqin atrofda bo‘lgan mehnat muhojirlari avtobus yo‘lovchilariga yordam ko‘rsatishga oshiqqan va bir necha kishini avtobusdan chiqarib olishgan.
Avtobus haydovchisi qo‘lga olingan, holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.