Rossiyada soliq idoralari Aleksey Navalniydan qarz undirishni talab qildi

Jahon 10:37 / 10.05.2024 3725

Federal soliq xizmatining Moskva bo‘yicha 23-sonli inspeksiyasi marhum rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniydan qarz undirishni talab qildi. Bu haqda «Mediazona» nashri 9 may, payshanba kuni Moskva shahar sudyalarining yagona axborot makoni portalida chop etilgan ish kartochkasiga tayanib yozdi.

Ish kartochkasidan ma’lum bo‘lishicha, Moskva soliq idorasi 8 may kuni Rossiya Federatsiyasi poytaxtidagi 257-sonli sud okrugiga tegishli ariza bilan murojaat qilgan. Shu kuni sudya Danara Sangajiyeva soliq organlarining ish yuritish uchun arizasini qabul qilishdan bosh tortdi. 

Aleksey Navalniy Rosfinmonitoringning «terrorchilar va ekstremistlar» reyestrida qolishda davom etmoqda

Avvalroq «terrorchilar va ekstremistlar» reyestrini yurituvchi Rosfinmonitoring Aleksey Navalniyni undan chiqarib tashlashdan bosh tortgandi, chunki «uning o‘limi haqida ma’lumot olmagan». Bu haqda departament aprel oyi boshida Rossiyaning SOTA nashri so‘roviga javoban ma’lum qildi. 

Federal jazoni ijro etish xizmatining Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha boshqarmasi 16 fevral kuni tushdan keyin Aleksey Navalniy Xarpdagi koloniyada vafot etgani haqida xabar berdi. Uning o‘limi haqidagi xulosada aytilishicha, siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra hayotdan ko‘z yumgan. Siyosatchining tarafdorlari uning o‘ldirilganiga ishonyapti. 

Ko‘proq yangiliklar: