8-may kuni “Davlat siyosatini shakllantirishda imkoniyatlarni kengaytirish: ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish” mavzusida suhbat qilishdi. Tadbirda vazirlik va idoralar xodimlari, davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Seminar Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Jahon banki hamda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar, hamdo‘stlik masalalari va taraqqiyot vazirligi ko‘magida tashkil etildi.
Ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish dalili bor ma’lumotlar va axborot tahliliga asoslangan bo‘lib, qaror qabul qiluvchilarga dolzarb masalalar bo‘yicha asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Bunday yondashuv taxminlar yoki sub’yektiv tajribaga asoslangan holda qarorlar qabul qilinishining oldini oladi.
Jarayon muayyan xulosalar va ma’lumotlarni shakllantirish uchun turli manbalardan ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va sharhlashni o‘z ichiga oladi. Olingan natijalar turli soha rahbarlariga qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirishga yordam beradi, masalan turli tarmoqlarda davlat siyosatini amalga oshirishda, biznesni boshqarishda yoki ijtimoiy sohalarda.
Ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish jarayoni bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi: ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va sharhlash, qarorlar qabul qilish, natijalarni kuzatish va turli sohalarda erishilgan progressni baholash. Shuningdek, u manfaatdor tomonlardan olingan yangi ma’lumotlar va fikr-mulohazalar asosida tegishli rejalar va harakatlarni tuzatishni ham o‘z ichiga oladi.
Davlat organlari rahbarlari tegishli ma’lumotlardan foydalangan holda yanada aniqroq va samarali qarorlar qabul qilishlari mumkin bo‘ladi, bu esa salbiy oqibatlar ehtimolini kamaytiradi. Ma’lumotlarga asoslanish ularga mavjud resurslarni oqilona boshqarishga va turli yo‘nalishlarda innovatsion yechimlarni tatbiq etishga yordam beradi. Pirovardida, bunday yondashuv ularga jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan asosli qarorlar qabul qilish va fuqarolar, iqtisodiyot va butun mamlakat uchun yaxshiroq natijalarga erishish imkonini beradi.
Seminar doirasida ishtirokchilar turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqishda katta ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha dolzarb tendensiyalar va xalqaro tajribani o‘rganishdi. Davlat xizmatchilarining bu boradagi malakasini oshirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga sifatli xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda elektron hukumatning rolini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Katta ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro ekspertlar ma’lumotlar asosida qaror qabul qilishning turli jihatlarini o‘z ichiga olgan taqdimotlar bilan chiqish qilishdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga yangi hukumat navigatsiya portali va “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasi doirasidagi vazifalar ijrosini kuzatish imkonini beruvchi ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha dasturiy majmua andozasi taqdim etildi.