O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning KK Group of Companies faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
"Dunyo" xabariga ko‘ra, Malayziya kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Kin Chay KK Group of Companies’ga tegishli bo‘lgan binoda o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazma savdo uyini tashkil etish niyati bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda yetishtiriladigan sarxil mevalarni o‘z tarmog‘i orqali sotishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv davomida Kin Chay kompaniya xodimlari va mehmonlari uchun mo‘ljallangan KK Super Mart’ning 24/7 rejimida to‘liq raqamlashtirilgan texnologiya asosida savdo xizmatini ko‘rsatuvchi "aqlli" shoxobchaning ishlash jarayoni bilan tanishtirdi. Kelajakda ushbu turdagi smart savdo shoxobchalarini Kuala-lumpur shahri va keyinchalik butun Malayziya bo‘ylab ko‘paytirish mo‘ljallangan.
Kompaniya ijro direktori mamlakat ishbilarmon doira vakillari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini bildirib, KK Super Mart brendi ostida ish yuritayotgan supermarketlar tarmog‘i O‘zbekistonda ham muvaffaqiyatli faoliyat olib borishi mumkinligini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash, eksportini tashkil etish va KK Super Mart savdo do‘konlari tarmoqlarini respublika hududlarida tashkil etish loyihalarini muhokama qilish uchun Malayziya kompaniyasi vakillarining joriy may oyida O‘zbekistonga biznes missiyasini amalga oshirishga kelishildi.