Korrupsiyaga qarshi kurash, Ukrainadagi vaziyat va uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikdagi sa’y-harakatlar 9 may, payshanba kuni boshlangan Venetsiyada «katta yettilik» mamlakatlari adliya vazirlarining ikki kunlik yig‘ilishida muhokama qilingan mavzular bo‘ladi. Tadbirning italiyalik tashkilotchilari aytishicha, gap Ukrainada demokratik institutlarni mustahkamlash va mamlakatni qayta qurish uchun ajratilgan pullardan noqonuniy foydalanish oldini olish haqida ketmoqda.
Germaniya adliya vaziri Marko Bushman Ukrainada korrupsiya bilan bog‘liq uchta asosiy muammoni aytib o‘tdi. Birinchidan, armiyaga sarflanishi kerak bo‘lgan, ammo korrupsiyaga ketayotgan har bir yevro Ukrainani Rossiyadan himoya qilishda zaiflashtiradi, deya tushuntirdi u dpa nashriga.
Ikkinchidan, Bushmanga ko‘ra, Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zolik yo‘lida yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi kurashishi kerak. Uchinchidan, agar yordamning katta qismi korrupsiyaga ketsa, potensial donor davlatlar Kiyevga keyinchalik yordam berishni xohlamay qoladi.
Germaniya vazirining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu muammodan xabardor va shuning uchun korrupsiyaga qarshi kurashni o‘z faoliyati asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylantirgan. «Biz uni bu borada qo‘llab-quvvatlamoqchimiz», deb ta’kidladi Marko Bushman.
Kiyev mahbuslardan 10 ming askar yollashga umid qilmoqda
Ukrainadan Venetsiyada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda adliya vaziri Denis Malyuska, uning Yevropa integratsiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Lyudmila Sugak, shuningdek, bosh prokuror Andrey Kostin ishtirok etdi.
Malyuska «katta yettilik» mamlakatlaridagi hamkasblari bilan suhbatda mamlakatni tark etib, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan erkaklarni qanday oqibatlar kutayotganini Oliy rada hal qilishi kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rasmiylari bu odamlarning o‘z vatanlarida uzoq vaqt yo‘q bo‘lishini istamaydi, chunki ular o‘sha yerda kerak.
Ukraina Adliya vazirligi rahbari, shuningdek, Kiyev yaqinda qabul qilingan mahbuslarning bir qator toifalarini ixtiyoriy safarbar etishni nazarda tutuvchi qonun tufayli 10 minggacha qo‘shimcha askar yollashga umid qilayotganini ta’kidladi.
Denis Malyuskaning so‘zlariga ko‘ra, uning Venetsiyadagi muzokaralari asosiy yo‘nalishlaridan biri muzlatilgan Rossiya kapitalidan olingan foydadan Ukraina ehtiyojlari uchun foydalanish bo‘lgan.