AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 400 million dollar miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishni buyurdi, deya xabar berdi Oq uy.
«AQSh Konstitutsiyasi va qonunlari bilan prezident sifatidagi vakolatlarimdan foydalangan holda, Davlat kotibiga 400 mln dollar ajratish topshirig‘ini berdim. Bu mablag‘lar Mudofaa vazirligi xarajatlari, harbiy tayyorgarlik, shuningdek, Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi», deyiladi relizda.
Politico nashrining yozishicha, yordamning yangi paketiga Amerika harbiy omborlaridagi qurollar: Patriot tizimlari uchun raketalar, Stinger zenit-raketalari, tankka qarshi Javelin tizimlari, Bradley jangovar mashinalari kiradi.
24 aprel kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga 61 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha moliyaviy yordam ko‘rsatishni o‘z ichiga olgan qonun loyihasini imzolagan edi.