O‘zbekiston hududining katta qismida aprel oyida o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 1−2 darajaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va respublikaning cho‘l hududlarida me’yordan 3−5 darajaga yuqori bo‘ldi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy qismi bo‘yicha o‘tgan oy meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq aprel oylari beshligiga kirdi.
Oy davomida kunduzgi harorat +15…+20 daraja iliqdan +27…+32 daraja iliqqacha o‘zgarib turdi. Respublika shimolida, eng chekka janubida va cho‘l hududlarida eng iliq kunlarda havo ba’zi joylarda +34…+35 daraja iliqqacha isidi. Harorat kechalari +10…+15 daraja iliq atrofida, ba’zi joylarda +17…+20 daraja iliqqacha bo‘ldi va faqat eng salqin kechalarda +4…+9 daraja iliqqacha pasaydi.
Metrologik kuzatuvlar tarixida maksimal havo harorati uchun rekord ko‘rsatkichlar hududning katta qismi bo‘yicha +36…+37 daraja iliqni, minimal harorat −4…−6 daraja sovuqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida −7…−11 daraja sovuqni, Surxondaryo viloyatida 0…-2 daraja sovuqni tashkil etadi.
Aprel oyi quruq bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida aprel oyida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam bo‘lishi kuzatildi. Shunga qaramay, qator tumanlarda ayrim kunlarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘di, bunda oylik yog‘ingarchilik miqdoridan uchdan bir qismigacha yoki undan ko‘prog‘i bir kecha-kunduzda yog‘di.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda kuchli jala yog‘ishi sel-suv toshqin hodisalarining rivojlanishiga sabab bo‘ldi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida sel va suv toshqinlari kuzatildi.
2024 yilning aprel oyi harorat tartibi bo‘yicha iqlimiy qiymatlardan iliqroq bo‘ldi.