Saudiya Arabistonining SPA News milliy axborot agentligi rasmiy sayti va Swift News elektron nashrida "O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Maqolada qayd etilishicha, 2 may kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida energetika sohasidagi munosabatlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qilindi.
"Muzokaralar chog‘ida tomonlar O‘zbekiston hukumati va Saudiya Arabistoni hukumati o‘rtasida energetika sohasida uzoq muddatli ikki tomonlama hamkorlikning asosiy jihatini tashkil etishini tan olishi haqidagi qo‘shma bayonotni e’lon qildi, – deyiladi maqolada. – Tomonlar har ikki davlat global energiya bozorlarini barqarorlashtirish muhimligi to‘g‘risida kelishib oldi".
Shuningdek, vazirlar O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida energiya sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan hamkorlik yo‘nalishlarini samarali amalga oshirishga qaratilgan energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni imzoladi.
Maqola yakunida "Tomonlar "yashil" va toza vodorod qiymat zanjiri bilan bog‘liq imkoniyatlarni aniqlash hamda ushbu sohada hamkorlik qilish, jumladan, ishlab chiqarish, tashish va saqlash, shuningdek, texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish, ayniqsa texnik mutaxassislar va muhandislar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot, ta’lim sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi", – deb yozgan Saudiya OAV.