Stokholm sudi Greta Tunbergni mart oyida Shvetsiya parlamentiga asosiy kirish yo‘lini ikki marta to‘sib qo‘ygani uchun 6000 shved kronasi (taxminan 512 yevro) miqdorida jarimaga tortdi. Jarimaning o‘zidan tashqari, 21 yoshli atrof-muhit faoli yetkazilgan zarar uchun tovon sifatida 85 yevro to‘lashga majbur bo‘ladi. Bu haqda 8 may, chorshanba kuni AFP xabar berdi.
Politsiya ikki marta, 12 va 14 mart kunlari Tunberg va uning «Kelajak uchun juma» (Fridays For Future) harakatidan bo‘lgan bir qancha tarafdorlarini Shvetsiya parlamentining kirish eshigidan uzoqlashtirishga majbur bo‘ldi, ular eshik oldida o‘tirib olgan edi. Sud jarayonida faol politsiyaga bo‘ysunmasligini davom etayotgan iqlimdagi favqulodda vaziyat bilan izohladi, unda «barcha harakat qilishi kerak».
«Qonunlar odamlar va sayyorani emas, tog‘-kon kompaniyalarini himoya qiladi», dedi qiz sud binosidan chiqib ketayotib.
Tunberg vatanida bundan oldin ham jarimaga tortilgan
Greta Tunberg avvalroq Shvetsiyada shu kabi namoyishlarda qatnashgani uchun ikki marta jarimaga tortilgan edi. U o‘z vatanidan tashqarida ham namoyishlar tashkil qiladi. 6 aprel kuni u Haagadagi norozilik namoyishida qo‘lga olingandi, aksiya Extinction Rebellion (XR) harakati tomonidan tashkil etilgan va Niderlandiya hukumati tomonidan uglevodorodlarni qazib olish uchun subsidiyalar ajratilishiga qarshi qaratilgan. O‘shanda faollar Haagani mamlakatning boshqa yirik shaharlari bilan bog‘laydigan A12 avtomagistralini to‘sib qo‘yishga harakat qilib ko‘rdi.
2 fevral kuni London sudi 2023 yilda Britaniya poytaxtida jamoat tartibini buzganlikda ayblangan Tunbergni oqladi. O‘shanda shved faoli va uning tarafdorlari Energy Intelligence Forum konferensiyasi yaqinidagi namoyishda ushlandi. Ular norozilikni rasmiylar bilan kelishilgan joyga ko‘chirishdan bosh tortdi. Biroq sud Britaniya politsiyasining talablarini noqonuniy va aniq shakllantirilmagan deb topdi.