Yangi tartib hozir grantda o‘qiyotganlarga ta’sir qilmaydi - vazirlik

O‘zbekiston 20:12 / 08.05.2024 8616

8 may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilishning yangi tartibiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Kun.uz muxbiri yangi tartib jamoatchilik bilan muhokama qilingani yoki yo‘qligi, grant o‘rinlari har yili qayta taqsimlanishining OTMlardagi korrupsiyaga ta’siri haqida savollar berdi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyevning tushuntirishicha, loyiha hali ishlab chiqish jarayonida. Takliflar huquqiy hujjat shakliga keltirgach, jamoatchilik muhokamasiga chiqariladi.

“Bu yerda siz aytayotgan xavf [korrupsiya] masalasi bor. Hozir hujjat tayyorlanyapti. Bu Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi tarzida ishlab chiqiladi. Tegishli nizomi bo‘ladi va belgilangan tartibda biz uni muhokamaga joylashtiramiz”, – dedi Daliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat grantlari bo‘yicha joriy etilayotgan yangi tartib hozir grant asosida o‘qiyotganlarga taalluqli bo‘lmaydi.

“Yoshlarimiz qo‘rqishi kerak emas: amaldagi tartib bo‘yicha kim qanday o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, shu bo‘yicha bitiradi, bu masalada muammo bo‘lmaydi”, – dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Mas’ullar yangi tartib umumiy grant kvotalarining kamayib ketishiga sabab bo‘lmaydimi degan savolga yo‘q deb javob berishdi.

Vazirlik mutaxassisi Abduvali Xoliqovning aytishicha, yo‘nalishlar bo‘yicha umumiy grant kvotalari tasdiqlanganida, ularning soni ko‘paysa ko‘payadiki, lekin kamaymaydi.

“Masalan, 1 yilda 20 ta 100 foizlik grant o‘qiyotgan bo‘lsa, ikkinchi yilda shu 10 taga tushsa, yana 20 ta 50 foizlik grant yana 20 taga ko‘payadi, umumiy grant o‘zgarmaydi. Faqat 100 foizlik va 50 foizlik grantlar soniga ta’sir qiladi. Grantda o‘qiydigan talabalar soni ko‘payadi”, – dedi Abduvali Xoliqov.

U amaldagi tartibda grantga kirgan talabalarning bitirguniga qadar qanday o‘qishidan qat’i nazar grant olib yurishi noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, jamoatchilikdan yangi tartibga ishonch bildirishni so‘radi.

“Agar shu jarayonni korrupsiyaga olib keladi deb joriy qilmasak, korrupsiyaga olib keladigan boshqa omillardan qutulolmaymiz. Jarayonga ishonishimiz kerak. Bizda 4 yil pul to‘lab, o‘sha professor-o‘qituvchilarga ishonib, diplomini olib jamiyatga chiqib ketyapti. Nimaga oddiy jarayonga ishonmasligimiz kerak?” – dedi vazirlik vakili.

Oliy ta’lim bo‘yicha e’lon qilingan so‘nggi o‘zgarishlar bilan batafsil ushbu havolada tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: