RF qo‘shini 8 mayga o‘tar kechasi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘lladi, deb xabar qildi Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi. Ukrain harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, tinch aholi vakillari yaralangan, ko‘p qavatli uylar va boshqa fuqarolik hamda energetika infratuzilmalari obektlari vayron bo‘lgan yoki shikastlangan.
Rossiya qo‘shini Poltava, Kirovograd, Zaporijjya, Lviv, Ivano-Frankovsk va Vinnitsa oblastlaridagi elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish obektlariga hujum qilgan, deb xabar berdi Ukraina energetika vaziri German Galushchenko. DTEK energetika kompaniyasi Rossiya uchta issiqlik elektr stansiyasiga hujum qilgani va uskunalar jiddiy shikastlanganini ma’lum qilgan.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shini Ukrainaning jami yettita regioniga hujum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, energetika obektlari, 30 ga yaqin turar joylar, jamoat transporti, avtomobillar, shuningdek Zaporijjyadagi o‘t o‘chirish-qutqarish qismi shikastlangan. Uch kishi yaralangani ma’lum: Kiyev oblastida ikki kishi, Kirovograd oblastida bir bola jabrlangan.
Kiyev oblasti ma’muriyati rahbari Ruslan Kravchenkoning ma’lum qilishicha, oblastda turar joy obektlari yoki o‘ta muhim infratuzilma obektlariga zarbalar kelib tushmagan. «Shu bilan birga, oblastning to‘rt hududida parchalar tushishi holati kuzatildi», — deya xabar qilgan Kravchenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan ikki nafari yaralangan. Ular fuqarolik infratuzilma obektidagi yong‘in vaqtida jarohatlangan, deb xabar beradi Brovari shahri meri Igor Sapojko. Kravchenkoning aniqlik kiritishicha, oblastda elektr tarmoqlari liniyasi shikastlangan, qishloqlardan birida elektr o‘chgan. Parchalar tushishi oqibatida 14 ta xususiy uyl va bir avtomobil shikastlangan.
Lviv oblastida Rossiya qo‘shini energetika infratuzilmasining ikki obektiga hujum qilgan, deb xabar beradi region harbiy ma’muriyati boshlig‘i Maksim Kozitskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, ertalabki soat besh atrofida rossiyaliklarning qanotli raketalari Chervonograd rayonidagi elektr energiyasi ishlab chiqarish obektiga kelib urilgan, ikki joyda yong‘in chiqqan. Bundan tashqari, rossiyaliklar raketasi urilishi oqibatida Striysk rayonida energetika infratuzilma obekti shikastlangan. Oblastda ertalabki soat 06:27 da e’lon qilingan takroriy havo trevogasi chog‘ida Rossiya qo‘shini «Kinjal» raketalarini qo‘llagan. Kozitskiyning so‘zlariga ko‘ra, kritik va turar joy infratuzilmalari shikastlanmagan. Jarohatlanganlar yo‘q.
Kirovograd oblastida raketa hujumi oqibatida Aleksandriysk rayonida kritik infratuzilma obekti shikastlangan, deb xabar beradi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Andrey Raykovich. Uning so‘zlariga ko‘ra, 13 ta xususiy uy va 30 ga yaqin garajlar shikastlangan. Sakkiz yoshli bola yaralangan.
Poltava oblastida shu nomli rayonda energetika infratuzilma obektiga zarba berilgan, deb xabar qilgan region harbiy ma’muriyati rahbari Filipp Pronin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, oblast hududida jarohatlanganlar yo‘q.
Vinnitsa oblastida ham kritik infratuzilma obektlari zarba qanotli raketalar zarbalariga uchragan, deb xabar bergan hudud rahbari Sergey Borzov.
Zaporijjya oblastida hujum oqibatida kritik va fuqarolik infratuzilma obektlari vayron bo‘lgan, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jarohat olganlar yo‘q, degan oblast ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov.
Ivano-Frankovsk oblastida energetika infratuzilma obekti raketa zarbasiga uchragan, yong‘in kelib chiqqan, uni tezda bartaraf etishgan, degan oblast rahbari Svetlana Onishchuk.
Rossiya 8 may tongida Xersonda fuqarolik temiryo‘l infratuzilmasiga zarba berdi, deb xabar qilgan «Ukrzalіznitsya» kompaniyasi. Zarbalar oqibatida temiryo‘l va vokzal shikastlangan. Kiyev va Xerson oralig‘ida poyezdlar harakati vaqtincha Mikolayivga qadar to‘xtatilgan, yo‘lovchilar bu yerdan Xersonga qadar avtobuslarda eltib qo‘yiladi. Bundan tashqari, Xerson shahar harbiy ma’muriyati rahbari Roman Mrochkoning xabar qilishicha, shahar o‘qqa tutilishi tufayli kontakt tarmog‘i shikastlangan, shu tufayli elektr energiyasi uzatishda uzilishlar bo‘lishi mumkin.
Rossiya qo‘shini Ukrainaga havo hujumining 76 ta vositasi — 55 ta raketa va «Shohid» tipidagi 21 ta zarbdor dron bilan hujum qilgan, dedi Ukraina QK havo kuchlari qo‘mondoni Mikola Oleshchuk. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF qo‘shini bitta «Kinjal» raketasi, «Iskander-M» kompleksidan uchirilgan ikkita ballistik raketa, «Kalibr» rusumli to‘rtta qanotli raketa, «Iskander-K» kompleksidan uchirilgan raketa, X-59/X-69 rusumli ikkita boshqariluvchi aviatsiya raketalari, shuningdek X-101/X-555 rusumli 45 ta qanotli raketalardan foydalangan. Oleshchukning tasdiqlashicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari havodagi 59 ta nishonni urib tushirgan: X-101/X-555 rusumli 33 ta qanotli raketalar, «Kalibr» rusumli to‘rtta qanotli raketalar, ikkita X-59/X-69 raketalari, shuningdek 20 ta uchuvchisiz uchish apparatlarini.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yopirilma zarbalar yuzasidan munosabat bildirib, RF prezidenti Vladimir Putinni natsist deb atadi. «Ikkinchi jahon urushi davrida natsizm ustidan g‘alaba qozonilgan G‘alaba va xotira kunida natsist Putin tomonidan raketa zarbasi. <…> Butun dunyo kim aslida kimligini aniq tushunishi kerak. Butun dunyoning natsizmga yana bir imkon berishga haqqi yo‘q», — degan Zelenskiy.