Kanadada sobiq adliya vaziriga suiqasdning oldi olindi

Jahon 21:44 604

Kanada huquq-tartibot organlari sobiq adliya vaziri, taniqli huquq himoyachisi Irvin Kotlerga suiqasd uyushtirilishining oldini oldi, deb xabar beradi BBC.

Sobiq vazir suiqasdga tayyorgarlik ko‘rilayotgani bo‘yicha Kanada Qirollik otliq politsiyasidan 26 oktyabr kuni xabar topgan. Politsiyachilar hujumga tayyorgarlik ko‘rishga aloqador kamida ikki kishining iziga tushgan. Huquq-tartibot organlari hodisa bo‘yicha biror tafsilotlarni ochiqlamadi va gumonlanuvchilar qo‘lga olinganmi yoki yashirinishga muvaffaq bo‘lganmi — bu bo‘yicha ham xabar bermadi. Faqat Kotler o‘zining hayotiga nisbatan tahdid bartaraf etilgani to‘g‘risida boxabar qilingan.

Kotler Kanada Adliya vazirligi va Bosh prokuraturasini 2003-2006 yillarda boshqargan. 1999 yildan 2015 yilga qadar Kanada parlamenti a’zosi bo‘lgan. O‘nlab yillardan beri u inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanib, advokat sifatida Erondagi siyosiy mahbuslar manfaatlariga xizmat qiladi va Isroil bilan qalin aloqalarga ega.

Kotler Islom inqilobi muhofizlari korpusi terrorchilik tashkiloti sifatida tan olinishi kerakligiga oid g‘oyani faol ilgari surib kelgan. U Raul Uollenberg Inson huquqlari markazi raisi, antisemitizmga qarshi kurash bo‘yicha bir qancha tashkilot va tashabbuslarni boshqaradi.

Kanada razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq vazir Eron uchun ustuvor nishonlardan biri hisoblanadi. 2023 yil 7 oktyabr voqealaridan keyin Kotler tunu kun qo‘riqlanishga o‘tgan bo‘lib, bu hozirga qadar yechilmagan. Unga zirhli avtomobil, qurolli qo‘riqchilar va boshqa himoya vositalari taqdim etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: