Qishloq xo‘jaligi kooperativlari haqidagi uzoq kutilgan qonun imzolandi. Sohada nima o‘zgaradi?

Iqtisodiyot 21:22 1243

Kooperativlarga birlashgan fermerlar qator davlatlarning iqtisodiy tayanchiga aylangan. Endi O‘zbekistonda ham kooperativlar tashkil bo‘lishi va rivojlanishi, fermer va dehqon xo‘jaliklari ixtiyoriy tarzda o‘z resurslarini birlashtirib, yuqori samaraga intilishlari uchun huquqiy zamin yaratildi. Xo‘sh, kooperativ o‘zi nima, yangi qonun qanday ishlaydi?

Kun.uz jurnalisti Shokir Sharipov bu mavzuda Qishloq xo‘jaligi vazirligi departament direktori Soatmurod Qulmirzayev va vazirlik boshqarma boshlig‘i Sunnatilla Rashidov hamda Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari Kamoliddin Ikromov bilan suhbat qurdi.

Sh.Sharipov: Birinchi savolim, kooperativ o‘zi nima?

S.Qulmirzayev: Avvalambor barcha dehqonlarimiz va fermerlarimizni qishloq xo‘jalik kooperativi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani bilan tabriklaymiz. Kooperativ degani bir guruh yuridik yoki jismoniy shaxslarning bir maqsad sari kuch va resurslarini birlashtirgan holda muvaffaqiyatga erishishidir. Masalan, oxirgi uch-to‘rt yilda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 270 mingdan ortiq yer maydonlari tarqatildi. Bu yer maydonlarida 800 mingdan ortiq, salkam 900 mingta dehqon va dehqon xo‘jaliklari tashkil etildi, ya’ni kichik ishlab chiqaruvchilar.

Demak, kichik ishlab chiqaruvchilar o‘zaro ixtiyoriy ravishda birlashib, mahsulotlarni sifatli va jahon talabiga javob bera oladigan darajada ishlab chiqarish, saqlash, qayta ishlash uchun hamkorlik qila boshlaydi. Ular resurslarda tejamkorlikka erishib, kam xarajat bilan yuqori daromadni ta’minlash maqsadida o‘zaro birlashadi. Bu jarayonga nafaqat fermer va dehqonlar, balki ta’minotchilar, qayta ishlovchilar, eksportyor korxonalar va boshqa agro tadbirkorlik sub’yektlari ham a’zo bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi bir maqsad sari, kooperativ a’zolarning manfaati uchun ishlaydi.

Sh.Sharipov: Men ikki yil oldin nemis mutaxassisi Karl Krugdan kooperativlar to‘g‘risida intervyu olgandim, u davlatimizga ushbu qonunni ishlab chiqishda yordam bergan bo‘lib, kooperativ huquqi bo‘yicha xalqaro ekspert hisoblanadi. U aytdiki, fermerlarning birlashuvi degani fermerlar batamom birlashib ketadi degani emas, har bir fermer o‘z faoliyatini davom etaveradi, faqat kerak bo‘lganda resurslarni birlashtiradi, degan edi.

S.Qulmirzayev: Shunday. Masalan, kimdir mahsulotni saqlovchi omborxonaga ega, boshqa birining esa mahsulotni qayta ishlovchi korxonasi bor, ular imkoniyatni birlashtirishadi. Bundan tashqari, kimdir turli xil xizmatlar ko‘rsatadi, masalan, o‘g‘itlarni va urug‘larni yetkazib beradi. Bu jarayonda hamma manfaat topadi.

Deylik, 50 ta kichik dehqon xo‘jaligi bir kooperativga birikdi. Eksportyor korxona bu kooperativga taklif qiladi, masalan, “menga sabzi yetishtirib beringlar” deydi. Kooperativ mahsulotni yetishtirib, saqlab, qayta ishlab beradi. Fermerlar birlashishadi, kimdir texnikaga ega, kimdir mablag‘ga. Qonunchiligimizda “investitsiya kirituvchi a’zolar” degan yangi institutlar qo‘shilgan, ular o‘z mablag‘i bilan kooperativ faoliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

K.Ikromov: Hali aytilganidek, 270 ming gektar dehqonlarga yer ajratildi. Shu yerda ta’kidlash kerakki, mazkur dehqonlarda “bizlarni majburiy birlashtirib, kooperatsiyalarga qo‘shishadi, yoki yerimiz ketib qoladi” degan xavotir paydo bo‘lishi mumkin. Yo‘q, unday emas. Ular kooperativga birlashib ishlashlari ham mumkin. Qulay tomoni – misol uchun, qirq sotix yeri bor bitta dehqon yerini haydatmoqchi bo‘lsa, yerini bir million so‘mga haydashadi. Ammo o‘n gektar yerni katta texnikada haydatganda, 300 ming so‘mdan haydaydi gektarini...

Xuddi shunday boshqa ishlar ham bor, birlashib buxgalter olishlari mumkin, iqtisodchi, yurist yollashlari mumkin, qayta ishlash zanjirlarini o‘tkazish uchun muzlatkichlar qo‘yishlari mumkin. Bular birlashib qilinganida arzon va qulay bo‘ladi, o‘zlariga yaqin joyga qo‘yishadi, bu esa daromadlarining o‘sishiga olib keladi.

Sh.Sharipov: Kooperativlarning aynan joriy vaziyatdagi ahamiyati haqida gaplashsak.

S.Rashidov: Bugungi kungacha ham tabiiy ravishda birlashib kelgan kooperativlarimiz bor edi. Lekin huquqiy asos fundamenti yo‘q edi. Ma’lum bir qarorlarning qanaqadir qismida ko‘rsatib ketilgandi yoki normativ huquqiy hujjatlarda ko‘rsatib berilgandi faoliyatni qanday tashkil etish. Birja orqali xomashyoni sotish boshlandi. Hamma narsa birja orqali amalga oshirilmoqda. Lekin bitta muammo fermerlarni qiynab kelmoqda: xalqaro tajribadagi kabi kooperativlarga birlashgandan keyin fermerlar oxirgi qayta ishlangan mahsulotdan ham o‘zining ulushiga ega bo‘lmayapti. Bizning fermerlar faqatgina yetishtirgan mahsulotini sotadi, xolos. Ya’ni foydasi chegaralanadi. Endilikda kooperativga birlashadigan bo‘lsa, mahsulotini birlamchi qayta ishlashdan ham ma’lum darajada foyda olishni boshlaydi.

Paxtachilikni misol qilib aytadigan bo‘lsak, kooperativga qo‘shilgan fermer paxta xomashyosini tergandan keyin, tolasini va chigitini alohida qilib qayta ishlab sotadigan bo‘lsa, xomashyoni sotishdan ko‘ra yuqoriroq daromad olish imkoni paydo bo‘ladi.

Bunda davlat tomonidan berilayotgan imtiyozli kreditlarni kamaytirish mumkin bo‘ladi. Bora-bora kooperativlarga birlashgan fermerlar o‘z mahsulotlarini mustaqil yetishtirishni boshlaydi, o‘z texnikasi bo‘ladi, o‘z agronomi bo‘ladi va hokazo. O‘n gektardan o‘nta fermer birlashsa, faqat bitta agronomga mablag‘, ya’ni oylik to‘laydi. Agar ular alohida harakat qilmoqchi bo‘lsa, juda ko‘p xarajatlar qilishi kerak bo‘ladi.

Dunyo bozorida raqobat juda katta. Mahsulotimiz raqobatbardosh bo‘lishi uchun eng birinchi o‘rinda xarajatni kamaytirishimiz kerak. Xarajatni kamaytirish uchun kooperativ – haqiqiy yechim deb ayta olamiz, ya’ni kooperativlarga birlashish.

S.Qulmirzayev: Yana bir muhim jihati shuki, fermerlar birlashib yil davomida zaruriy resurslarni ham birja orqali sotib olishlari mumkin. Kam miqdordagi zaruriy resurslarni sotib olib, olib kelish bir fermerga qimmatga tushadi, turli qiyinchiliklar ham yuzaga keldi.

Tajribadan aytish mumkinki, fermerlar moddiy resurslarni birlashib sotib olish va saqlash orqali o‘ttiz besh-qirq foizgacha xarajatlarni qisqartirishga erishilyapti. Biz buni Germaniya tajribasida tahlil qilganmiz.

Ikkinchi muhim masala shundaki, fermerlarimiz jahon bozoriga sekin-sekin o‘z mahsulotlari bilan kirib borishadi. Jahon bozoriga kirib borishdagi eng muhim qadam bu – kooperativlarga birlashish. Jahon bozori talab qiladigan har qanday sertifikatlarni bitta fermer qo‘lga kirita olmaydi. GLOBALG.A.P. deysizmi, boshqasimi, jahon bozorida talab qilinadigan sertifikatlarni olish kerak. Ellikta fermer kooperativga birlashganda, bu osonlashadi.

Bu yoqda marketing va logistika bor, kompleks loyihalar ishlab chiqish bor – bularni ham birlashib qilish oson.

Sh.Sharipov: Xorijdan mutaxassislarni jalb qilish mumkin...

S.Qulmirzayev: Ha. Qonunchilik bo‘yicha endilikda tajribali menejerlarni, xorijiy ekspertlarni va yetakchi mutaxassislarni yollash boshqaruvda, masalan, ijrochi direktor sifatida misol keltirish mumkin.

Kooperativlar xalqaro grantlar va moliya institutlaridan mablag‘ jalb qilishda xalqaro aloqalarini boyitadi. Huquqiy yordam ko‘rsatish kooperativning asosiy faoliyatidan biridir. Bu ham muhim hisoblanadi. Davlat aralashmasligi kerak. Kooperativ tijorat tashkiloti sifatida tan olinadi va erkin faoliyat qiladi, mahsulotni yetishtiradi, qayta ishlaydi, sotadi va eksport qiladi. Xizmat ko‘rsatish asosan o‘z a’zolariga yo‘naltirilgan.

Fermerlar moliyaviy boshqaruv tushunchalaridan bexabar bo‘lishi mumkin. Zamonaviy savdo jarayonlarini qanday boshqarish kerakligini tushunish uchun o‘qitish talab etiladi. Elektron tizimga o‘tganimiz sababli elektron kalitlardan qanday foydalanishni bilish muhimdir. Ishlarning moliyaviy tomonini, mablag‘lar aylanmasini, uning tekshiruvlarini, shaffofligini ta’minlashga alohida mutaxassislar jalb qilinishi mumkin bo‘ladi. Bu xarajat va daromad hisob-kitobi o‘z vaqtida yuritilishiga, o‘z vaqtida soliq organlariga, davlat tashkilotlariga hisobotlar topshirilishida juda muhim ahamiyatga ega.

Sh.Sharipov: Besh, o‘n yoki yigirma fermerlar birlashib, kooperativ tuzaylik, dedi. Ularning birinchi harakati nimadan iborat bo‘lishi kerak, nima qilishlari kerak bo‘ladi?

S.Qulmirzayev: Qonunchilikda ko‘zda tutilgan, kooperativni tashkil etish uchun alohida belgilangan ma’lumotlar asosida harakat qilishlari kerak. Birinchi qadam – kooperativ tashkil etishni istagan tashabbuskorlar, xoh jismoniy yoki yuridik shaxslar bo‘lsin, kooperativning ta’sis hujjatlarini tayyorlashlari kerak.

Dastavval o‘zlarining ichidan, o‘zlari istagan holda, rahbar saylaydi. Rahbar tomonidan ta’sis hujjatlari imzolanadi, va kooperativning nizomi ishlab chiqiladi. Kooperativning asosiy masalalari nizomda bo‘ladi. Ta’sischilar tomonidan ishlab chiqilgan ustav joylardagi davlat xizmatlari markazlaridan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu jarayonda tuman hokimining qarori kerak emas, aksincha, qonunda keltirilganidek, qishloq xo‘jaligi kooperativi ixtiyoriy ravishda birlashgan jismoniy yoki yuridik shaxslarni ifodalaydi.

Shu paytgacha tugab ketgan kooperativlar faoliyatni tekshirganimizda, omadsizlik sababi boshqaruvdagi yoki ta’sis hujjatlardagi xatoliklar ekanini ko‘rishimiz mumkin. Shu uchun qonunda ikir-chikirigacha batafsil belgilandi.

Uchtaga organlar bo‘ladi. Umumiy yig‘ilish (oliy organ), kuzatuv kengashi (nazorat organi) va ijro organi – boshqaruvda muhim ahamiyatga ega. Ro‘yxatga olingandan keyin, bu organlar o‘z ishlash tartibini belgilaydilar. Umumiy yig‘ilishda ular o‘zlarining uch yillik, besh yillik maqsadlarini, yo‘nalishini belgilaydilar.

Bu yilgi reja mahsulotni saqlab sotish bo‘lsa, kelasi yil dastlabki qayta ishlab sotish, undan keyingi yilda chuqur qayta ishlab sotish va hokazo.

Eng asosiysi, bu yerda teng huquqlilik bo‘ladi: har bir a’zo bitta ovozga ega, u yuz gektar yeri bo‘lsa ham, o‘n gektar yeri bo‘lsa ham bir xil ovozga ega. Kooperatorlarning tugab ketishiga aynan shu sabab bo‘lgan – ichidan yuqoriroq ulushga ega bo‘lgan operativ a’zosi doim boshqalarni bosim ostida ushlashga harakat qilgan. Shundan kelib chiqqan holda, har bir a’zo bitta ovozga ega bo‘lish qonunda belgilandi. Majburiy paybadal ham bor. Majburiy paybadali ham teng miqdorda belgilangan.

Kooperativning nizomida bo‘lishi kerak: har bir a’zoning kirishi, chiqishi, qabul qilinishi, kooperativdan chiqarilishi, paybadallar, bo‘linmas jamg‘armalar, zaxira jamg‘armalardan qanday foydalanish, zararlarni qanday taqsimlash, foydani qanday taqsimlash, barchasi ustavda o‘z aksini topadi. Ustavda a’zolarga qo‘yiladigan talablar ham bor, talabiga javob berish kerak. Bu talablar ham muhim hujjat hisoblanadi.

K.Ikromov: Ustavni sodda dehqoncha tilda aytadigan bo‘lsak, qonunni buzmagan holda o‘zaro kelishib ish yuritish usuli bu. Kelishuv ustavda aks etadi, bu kelishuv qonunda ko‘rsatilgan barchasini o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, qonunni buzmagan holda o‘zaro shartlarni yozib qo‘yib kelishib ishlashadi, o‘zaro sherikchilik shartnomasidek. Teng ovozga egalik foydani taqsimlashda teng olaman degani emas. Sof foyda taqsimotida o‘sha yer maydoniga mutanosib ravishda taqsimot qilinadi.

S.Rashidov: Yuz gektar yerga ega bo‘lgan a’zo olgan hosiliga qarab foiz oladi, o‘n gektarlik yeri bor a’zosi o‘n gektarga mutanosib ravishda foydasini oladi. Ya’ni hamma teng huquqli bitta ovozga ega, lekin foydani taqsimlashda kimda ko‘proq yer bo‘lsa, o‘shanga mutanosib ravishda foyda olinadi. Bu narsa ham ustavda aniq ko‘rsatilishi kerak. Boshqa holatlar nazarda tutilishi kerak bo‘lsa, uni ham yozish imkoni bor. Ya’ni ustavda chegaralarni belgilamaganmiz. Qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa yo‘nalishlarda ham bemalol ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Sh.Sharipov: Kooperativ rahbarni saylash bu – a’zolardan qaysidir fermer saylanadimi rahbar qilib yoki chetdan ish yurituvchi yollanishi mumkinmi?

S.Qulmirzayev: A’zolar ichidan saylanadi. Siz aytayotganday, menejerlarni va boshqa mutaxassislarni yollash ijro organining vakolatida. Umumiy yig‘ilishga masala qo‘yiladi: "Kooperativimizga tajribali menejer kerak". Qonunchilikda bunga taqiqlov qo‘yilmagan.

Kuzatuv kengashi ham kooperativ a’zolari ichidan saylanadi. O‘nta fermer kooperativ tuzmoqchi, ta’sis yig‘ilishini o‘tkazmoqda. O‘n kishi yig‘ilishida kelishib oladi va aytadi: "Endi kimdir hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak". O‘n kishi hujjatni ko‘tarib yurmaydi-ku, ichidan bir kishini tayinlaydi. Hujjatga imzo qo‘yish va uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun vakolat beradi. O‘n kishi nomidan vakolat beriladi.

Ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin, birinchi qilinadigan ish: umumiy yig‘ilish chaqiriladi, yana o‘sha o‘n kishi yig‘iladi. Endi ular aytadi: "Mana, tashkilotni, ya’ni kooperativni ro‘yxatdan o‘tkazdik. Qishloq xo‘jaligi kooperativi tashkil etildi". O‘n kishi ta’sischi. Endi, mana shu o‘n kishi ham ta’sischi, ham a’zo.

Kooperativning umumiy yig‘ilishi – eng oliy organ. Bu hamma a’zolar tomonidan o‘tkaziladigan yig‘ilish bo‘lib, hamma teng ovozga ega. Keyin umumiy yig‘ilishda bitta ijrochi direktor, yoniga buxgalter, agronom, masalan, tayinlashi mumkin. Bu tashkil etilgandan keyingi qilinadigan ishlardir. Kuzatuv kengashi esa usha aynan kooperativ a’zolarining ichidan tayinlanadi. Ular o‘sha kooperativdagi ijrochi direktorni kuzatib boradi: o‘tkazmalar, pul bilan muomala, hisobotlar topshirishi.

K.Ikromov: Kooperativlar 250 yillik tarixga ega. Yaponiya, Xitoy yoki Amerikada kooperativlar juda ham rivojlangan tizimdir. Sababi – xarajatlarni kamaytirish va daromadni oshirish ilinji. Moliyaviy muammolarni hal qilish maqsadida birlashganlar. Keyinchalik moliyaviy jihatdan rivojlanib ketganlar. Qishloq xo‘jaligi yuqori tavakkalchilikka asoslangani uchun banklar juda yuqori foizlarda kredit bergan. Shu sababli ular o‘z banklarini tashkil etishgan. Ko‘pgina davlatlarda kooperativlar o‘z banklariga ega. Ular arzon kreditlar orqali rivojlanishni keyingi bosqichga o‘tkazishgan.

Misol uchun, Germaniyada Raiffeisen Bank degan bank bor. U dunyo bo‘yicha top o‘ntalikka kiradi. Yaponiyada ham shunday bank mavjud bo‘lib, top yigirmatalikdagi banklardan biri hisoblanadi. Kooperativlar faqat qishloq xo‘jaligi bilan cheklanib qolmasdan, ijtimoiy masalalar bilan ham shug‘ullanadi. Kooperativlar mavjud bo‘lgan joyda maktablar va boshqa ijtimoiy obektlar rivojlanadi. Ya’ni ko‘plab ijtimoiy masalalarni hal qilishadi.

Kooperativlar sanoatlashtirishni yo‘lga qo‘yib, zavodlarini qurib bo‘lishgan. Endi qishloq rivojlanishi, infratuzilmasini yaxshilash va odamlarning farovonligini oshirishga harakat qilishmoqda.

S.Qulmirzayev: Xorijiy davlatlarda kooperativlarda ijtimoiy g‘amxo‘rlik prinsipi asosiy tamoyillardan biri sifatida kiritilgan. Bu prinsip bizning qonunimizdan, yangi qonundan ham joy olgan.

K.Ikromov: Germaniya, AQSh, Kanada, Xitoy, Yaponiyada kichik ishlab chiqaruvchilarning 70 foizdan ortig‘i resurslarni kooperativ orqali olishadi, mahsulotni ham kooperativ orqali sotishadi. Shuni ko‘rishimiz mumkin, 70 foiz kishilik ishlab chiqaruvchilar kooperativlar orqali resurslar va mahsulotlarni sotishadi.

S.Qulmirzayev: Yaponiyada, Germaniyada kooperativlarning uyushmalari mavjud. Bu uyushmalar yon-atrof tuman, viloyat va milliy darajada tashkil qilinadi. Ular asosan ijtimoiy masalalarni hal qilish, uy-joy bilan ta’minlash, kooperativ a’zolariga kreditlar berish, sog‘lomlashtirish maskanlari va shuningdek ularning kasalxonalari bilan shug‘ullanadi. A’zolar va ularning oila a’zolariga xizmat ko‘rsatadigan maktablar, hammasi kooperativlar orqali amalga oshiriladi.

Sh.Sharipov: Muhimi, bu jarayonda hammasi ko‘ngilli ravishda amalga oshiriladi, majburlov bilan emas.

K.Ikromov: Tabiiy va ixtiyoriy ko‘rinishda. Tizim dehqonning o‘ziga nima va qachon qilish kerakligini bilish imkonini beradi. Kooperativ buyurtma beradi va mahsulotlarni yetkazib beradi. Mahsulotning narxidan xavotirlanmaydi, sababi kooperativ kerakli vaqtda qulay narxda mahsulotni sotadi.

S.Qulmirzayev: Kooperativlar aniq yo‘nalishlarga asoslangan: meva-sabzavotchilikda olma kooperativlari, guruch ishlab chiqaruvchilar kooperativlari misol bo‘ladi. Yaponiyada guruch ishlab chiqaruvchilar kooperativini o‘rganib, boshqaruvi bilan hamkorlikda ishlashini ko‘rdik. Guruch yetishtirilgandan keyin kelishilgan narxda ichki bozorda shakllangan narxda a’zolariga yetkaziladi. Guruch saqlanib, jahon bozorida sotiladi.

Jahon bozorida sotilgandan keyin, a’zolarni yana bir marta yig‘ib, “biz guruch uchun o‘n so‘mdan bergan edik, lekin jahon bozorida yigirma so‘mdan sotdik, besh so‘mni kooperativning faoliyatini rivojlantirishga, zaxiraga, jamg‘armalarga va hokazolar uchun olamiz, har bir a’zoga ulushi bo‘yicha besh so‘mni taqsimlab chiqamiz yoki agar qayta ishlangan bo‘lsa, oxirgi daromaddan ulushni taqsimlab beramiz”, deyiladi.

Sh.Sharipov: Demak, qanday mahsulot yetishtirish masalasini hal qilayotganda pragmatik yondashiladi, kimdir "buni ekasan" demaydi.

K.Ikromov: Nafaqat “paxta, g‘alla yoki daraxt ekasan" degan narsa bor, hattoki navlarni kelishib tanlashadi. Masalan, o‘n yil oldin olma o‘stirishgan bo‘lsa, “bu nav eskirdi” deb, yangi nav ekib yuborishadi kelishib. Asosiysi, bir xil nav ekishadi, chunki “obyom” kerak. Mahsulotni katta savdo tarmoqlariga yetkazib berish maqsadida tez-tez navlarini o‘zgartirib turishadi va ishlariga hech kim aralashmaydi.

Sh.Sharipov: Kooperativda qarorlar kollegial tarzda qabul qilinadi. Kvorum masalasi qanday bo‘ladi?

K.Ikromov: Bu ustavda belgilab ketiladi. O‘zaro kelishilgan holda hal qilinadi.

Sh.Sharipov: Hamma jihatlarni hisobga olish kerak, kelgusi xavotirlar haqida, kimda qanday xavotirlar bor?

K.Ikromov: Dehqonlarda xavotir bo‘lishi mumkin. Ular bu yangi tizimni eski kolxoz deb o‘ylashlari mumkin. Lekin kooperativga majburlanmaydi. Kooperativga o‘tganda ham yerlar o‘zlarida qoladi, uzoq muddatli ijara ular uchun saqlanib qoladi. Hisob raqamlari o‘zlarida qoladi. Istasa kooperativga kiradi, xohlasa chiqib ketadi. Ustavlarda belgilangan chiqish muddati bor, mavsumning oxirida chiqib ketib qolinsa, jarimalar qo‘llanishi mumkin.

Boshqa kooperativlar bilan ishlash imkoni ham bor. Agarda klaster tizimi qulay bo‘lsa, ularga qo‘shilib ishlash mumkin. Joylarda yaxshi klasterlarimiz ham bor va ular bilan ishlash qulay bo‘lsa, kooperativlar o‘z ishlarini bemalol davom ettirishadi. Ular bilan ham ishlayveradi, unda hech qanday muammo yo‘q.

Sh.Sharipov: Karl Krug bilan gaplashganimda aytdi bu klasterlarning ham manfaatiga to‘g‘ri keladi, chunki kooperativ mahsulotni tayyor qilib beradi.

S.Qulmirzayev: Shu yeri juda muhim: kooperativlar mahsulotlarni tayyor holda yoki birlamchi qayta ishlagan holda klasterlarga yetkazib berishi mumkin. Bu jarayonda klaster umuman ishlab chiqarishga mablag‘ tikishi yoki qandaydir mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatishi shart emas. Klaster boshqa majburiyatlarni bajarishga majbur bo‘lmaydi. Klaster kooperativdan birja orqali mahsulotni sotib olishi mumkin. Ya’ni klaster o‘zining faoliyat yo‘nalishi bilan shug‘ullanadi, har bir fermer bilan alohida ishlash o‘rniga.

S.Rashidov: Klaster uchun qulaylik tomoni shundaki, katta hajmdagi mahsulot tayyorlanadi, sifatini ko‘radi, narxini kelishadi, olib ketadi. Vaqtdan yutiladi: ham dehqon vaqtdan yutadi, ham klaster vaqtdan yutadi. Vaqt juda qimmat narsa. Eng asosiysi klaster o‘z yo‘nalishini rivojlantira oladi, chunki u mahsulot yetishtirishga o‘zini chalg‘itmaydi.

Italiya tajribasini o‘rganganimizda, ularda o‘zlarining "MOF" degan bir tajribasi bor. Har bir kooperativning supermarketda joyi bor. Bu qo‘shma kooperativlarning natijasi. Shu darajaga yetishgan. Italiya tajribasida katta-katta ishlab chiqaruvchilarning, qayta ishlovchi korxonalarning kooperativga qo‘shilishi natijasida uch ming-to‘rt ming a’zo shakllangan. Natijada, mayda ishlab chiqaruvchilar o‘sha qayta ishlovchi korxonalar sotgan mahsulotidan ham ma’lum ma’noda o‘z foydasini olishga erishgan, qo‘shilgan qiymatdan foyda olishni boshlagan. Bu juda katta motivatsiya bergan ishlab chiqaruvchiga.

Endilikda bizning klasterlarda ham imkoniyat bor, fermer bilan bemalol birlashib bitta kooperativda ishlashi mumkin. Klasterlar uchun hech qanday chegara qo‘yilmagan, ular bemalol hududidagi fermerlar bilan bitta kooperativda bo‘lishi mumkin. Bu yangi bir ko‘rinish, ya’ni yangi bir tizim shakllanishiga olib keladi. Men o‘ylaymanki, bu klasterlarga ham juda katta imkoniyat ochib beradi, ya’ni kooperativlarning shakllanishi va rivojlanishi ertaga kattaroq korporatsiyalarda birlashishga olib keladi.

Bilasiz, viloyat doirasida katta-katta qayta ishlovchi korxonalarimiz ham mavjud. G‘allachilikda yoki paxtachilikda beshta bosqichga ega bo‘lgan, to‘rtta bosqichdan o‘tib tayyor mahsulotgacha yetkazadigan zavodlarga ega korxonalar mavjud.

Dunyodagi eng yaxshi rivojlangan davlatlardan, Germaniya, Italiya, Amerika, Koreyadan kooperativlar bo‘yicha andazalarni o‘zlashtirdik va o‘zimizga mos modul yaratdik.

Sh.Sharipov: Deylik, kooperativ paxta yetishtirdi, hosil tayyor bo‘ldi, sotish masalasi kelib chiqadi...

S.Rashidov: Oddiy tajribadan oddiy qilib tushuntiraman: bugungi kungacha ko‘plab kooperativlar tabiiy ravishda shakllandi, fermerlar paxta yetishtirgan holda kooperativ sifatida ro‘yxatga turib, saqlash punktlarini tayyorlashdi, o‘zlarining tarozi va laboratoriyalarini o‘rnatishdi. Paxtani saqlaydigan punktlar xavfsizlik talablariga javob beradigan holatga keltirildi.

Shundan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Agroinspeksiya, qishloq xo‘jaligi bo‘limi va boshqa tashkilotlar kelib, kooperativning saqlash punktini tekshirganlari va tayyorligini tasdiqlagach, ular paxtani saqlashga ruxsat oldilar. Endi ular o‘z paxtalarini erkin holda, ya’ni spot-shartnomalari va birja savdolari orqali ixtiyoriy tadbirkorlik sub’yektlariga sotishi mumkin. Bu Vazirlar mahkamasining 680-sonli qarorida ham belgilangan.

S.Qulmirzayev: Aynan bir muddatda sotish talab etilmaydi. Misol uchun, saqlayotgan xomashyosini bozordagi narxning ko‘tarilishiga qarab xohlagan paytda sotish mumkin va uni qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat qo‘shib sotish mumkin. Deylik, paxtani tola sifatida, chigitini ajratib, qayta ishlab, shrot va boshqa turdagi mahsulotlarni ham sotishi mumkin. “Dovalicheskiy” tolani ham ip-kalava qilib sotishi mumkin. Xohlasa xomashyo sifatida, xohlasa qayta ishlab sotadi. Pul zaruratiga qarab.

K.Ikromov: Nega kooperativ, MChJ emas degan savol tug‘ilishi mumkin. Mas’uliyati cheklangan jamiyat bilan kooperativning nima farqi bor, desa: kooperativda har bir a’zo o‘zining bitta ovoziga ega, mas’uliyati cheklangan jamiyatda esa kim ko‘proq ulush kiritgan bo‘lsa, o‘sha asosiy ovozga ega. Masalan, 51 foiz ulush kiritgan odam asosiy qarorlarni qabul qiladi. Kooperativda esa bu demokratik prinsiplarga asoslangan bo‘lgani uchun har bir a’zo yeridan yoki o‘sha qo‘shgan paybadalidan qat’i nazar bittadan ovozga ega. Mahsulotni kimga sotishni, masalan, o‘zaro kelishgan holda ovoz berish yo‘li bilan hal qilishadi.

S.Qulmirzayev: Keyingi bosqichdagi eng muhim maqsadimiz – O‘zbekistondagi kooperativlarni xalqaro darajaga ko‘tarish. Keyingi bosqichda bizning kooperativlarimiz xalqaro kooperativlar alyansiga a’zo bo‘lishi kerak. Xalqaro kooperativ alyansiga a’zo bo‘lishning juda muhim sabablari bor: xalqaro moliya bozoridan arzon kreditlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish, jahon bozorida o‘rin topish, xalqaro alyanslar tomonidan berilayotgan imtiyozlardan foydalanish va xalqaro grantlarni faoliyatga jalb qilish.

Bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi va tegishli vazirlik idoralari bilan muhim ishlar amalga oshiriladi. Tegishli qonunosti hujjatlari qabul qilinadi va umuman mamlakatimizda qishloq xo‘jalik kooperativlari faoliyati jahon talablari asosida rivojlanishi uchun muhim tadbirlar amalga oshiriladi. Mazkur qonunning qabul qilinishi ham bir qadam oldinga siljish bo‘ldi. Endi buning ko‘ngildagidek ishlashi yo‘lida fermerlarning roli katta, ya’ni fermerlar o‘z ustidan ishlab, qonunlar bilan tanishib, o‘zlashtirishiga bog‘liq bo‘ladi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: