Istilo qilingan Avdiyivkadan kadrlar va Kiyevda yana bir «azovchi»ning dafn marosimi. Urush suratlari

Jahon 16:16 / 08.05.2024 8854

Ukrainada urushning 804-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Vladimir Putin beshinchi muddatga prezidentlik lavozimiga kirishdi va o‘z nutqida urush ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirdi.
  • Olaf Shols Yevroittifoqdagilar Rossiya aktivlaridan keladigan daromadlarni Ukrainaning harbiy ehtiyojlari uchun foydalanish bo‘yicha kelishib olishganini ma’lum qildi.
  • Rossiya bosh prokuraturasi Freedom House huquq himoyachilari tashkilotini «istalmagan» tashkilot deb e’lon qildi.
  • The Independent gazetasi xabar berishicha, Rossiya Qrim ko‘prigidan qurollar tashishda foydalanishni to‘xtatgan.
  • Ukraina xavfsizlik xizmati FSB josuslari tarmog‘i fosh etilgani haqida xabar berdi. Maxsus xizmatlar tasdiqlashicha, ular Volodimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishga tayyorlanishgan.
  • Belarusda taktik yadroviy qurollarni «to‘satdan tekshirish» boshlandi.

Okkupatsiya qilingan Avdiyivkadagi vayrongarchiliklar

Rossiya qo‘shini Donetsk oblastidagi Avdiyivka shahrini fevral oyi oxirida egallab olgandi. Bir necha oy davomida olib borilgan janglar vaqtida Avdiyivka jiddiy zarar ko‘rgan. Ko‘plab binolar to‘liq vayron bo‘lgan. Mart oyida RF vitse-premeri, hukumatda boshqa sohalar qatori qurilish kompleksini nazorat qiladigan Marat Xusnullin Avdiyivka haqida shunday degandi: «Shahar xuddi Mariupol kabi shikastlangan. Ishonchim komilki, bizning jasur harbiy xizmatchilarimiz to‘qnashuv chizig‘ini ortga surishi bilan barchasini tezkorlik bilan tiklash imkoni bo‘ladi». Avdiyivkani «tiklash» ishlari hali boshlanmagan, ammo allaqachon Rossiyaning unga «otaliq» qiladigan regioni belgilab olingan — bu Chelyabinsk oblasti bo‘ladi. Quyida Avdiyivkaning bugungi kundagi manzaralari aks etgan suratlar keltiriladi.

Dmitriy Yagodkin / TASS / Profimedia
Dmitriy Yagodkin / TASS / Profimedia
Dmitriy Yagodkin / TASS / Profimedia
Dmitriy Yagodkin / TASS / Profimedia

Orixiv atrofidagi ukrain harbiy xizmatchilari

Orixiv Zaporijjya oblastidagi front chizig‘i yaqinida joylashgan. Xuddi Avdiyivka kabi u ham ko‘p oylik janglar davomida deyarli to‘liq vayron bo‘lgan. 2023 yil noyabrida Ukraina tomonida turib jang qilayotgan «Rossiyaga ozodlik» legioni Orixivda olingan videoni e’lon qilib, «shaharning 80 foiz qismi „rus dunyosi“ tomonidan vayron qilingani»ni bildirgandi. Rossiya shturm qilishi kutilayotgan Orixivda 141-alohida piyodalar brigadasi mudofaalanmoqda.

Andriy Andriyenko / AP / Scanpix / LETA
Andriy Andriyenko / AP / Scanpix / LETA

Donetsk oblastida Marder jangovar piyodalar mashinasi

Germaniya Ukrainaga harbiy yordam tariqasida boshqa vositalar qatorida Marder jangovar piyodalar mashinalarini ham yuborgan, DW nashriga ko‘ra, u dunyodagi eng samarali va ishonchli BMP hisoblanadi. Bunday mashinalarning dastlabkilari Ukrainaga 2023 yil martida yetib kelgandi, buning ortidan yana bir necha partiya yuborildi. Aprel oyida Marder jangovar piyodalar mashinalarini ishlab chiqaruvchi va ta’mirlovchi Rheinmetall konserni Ukraina qurolli kuchlari yil oxiriga qadar yana 10 ta shunday mashina olishini ma’lum qildi. Marder mashinalari Donetsk oblastidagi janglarda ishtirok etayotgan 25-alohida havo-desant brigadasi ixtiyoriga ham berilgan. 

Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA
Oleksandr Ratushniak / Reuters / Scanpix / LETA

Kiyevda «Azov» askarining dafn marosimi

Berdyansklik 23 yoshli Ondriy Levashov Mariupolni himoya qilgan «Azov» alohida topshiriqli brigadasida xizmat qilgan. «Koldun» chaqiruv belgisidan foydalangan Levashov may oyi boshida Donetsk oblasti Liman shahri atrofida halok bo‘lgan. 7 may kuni jangchini Kiyevdagi Lukyanovskiy qabristonidagi Qahramonlar xiyobonida dafn etishdi. Quroldoshlari u bilan mash’alalar yoqqan holda xayrlashishdi.

Sergey Dolzhenko / EPA / Scanpix / LETA
Ko‘proq yangiliklar: