O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida ichimlik suvi hali ham muammo. Holbuki 2017-2022 yillar uchun ishlab chiqilgan rejalar uchun kattagina summalar ajratilgan edi. Nega suv hammayoqqa bormadi? Nega 2017-2022 yillarda amalga oshirilgan 68 ta loyiha, 2023 yilda amalga oshirilgan 200 dan ziyod loyiha samarasiz bo‘ldi?
Misol sifatida ikkita holatni keltiramiz:
- Toshkent viloyati, O‘rtachirchiq tumani, “Do‘ng‘on” mahallasi: suv minorasi qurilgan, ammo keyin kesib tashlangan.
- Yangiyo‘l tumani, «Umid» maxallasida yer osti suvlari yaroqsiz holda. Ichimlik suvi sotib olinadi. O‘y ishlari uchun ariqdan suv ishlatiladi.
Muammo nimada: hisob-kitobda xatolik bormi, qurilish me’yorlari va qoidalariga amal qilinmaganmi, yakuniy ishlarni kim qabul qilgan?
Strategik islohotlar agentligi “O‘zsuvta’minot” AJ bilan birgalikda 2 milliard 350 million dollarlik reja ishlab chiqqan. Shundan 1 milliard 980 million dollar – xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobidan. So‘m emas, dollar haqida gap ketyapti – ichimlik suvi yetib bormagan mahallalarga suv yetkazish uchun shuncha pul ajratilyapti. Ammo...
Ammo yuqorida sanab o‘tganimizdek holatlar takrorlanmasligi uchun, buncha pul to‘g‘ri saflanishi uchun jamoat nazorati kerak. Ya’ni siz bilan bizning nazoratimiz.
Strategik islohotlar agentligining bizga bildirishicha, avval qilingan ishlarning samara keltirmagani sababi aynan – jamoat nazorati bo‘lmagani.
Qayerda, qachon va qancha quvur yotqizilayotgani haqida ma’lumotlar ochiq emas, natijada ularni nazorat qilish deyarli imkonsiz.
Amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining sifat nazorati pastligi samarasiz loyihalar paydo bo‘lishiga, sarflangan harajatlar o‘zini oqlamasligi va natijada aholiga suv yetib bormasligiga olib kelmoqda.
Rejalar va olib borilayotgan ishlar haqida aholi xabardor emas.
Shu uchun ham fuqarolarni o‘z mahallarida suv o‘tkazilishi ishlari nazoratiga jalb qilish kerak.
Bu uchun maxsus Telegram-bot yaratildi. Bu botga har bir vatandosh o‘zi yashayotgan hududda ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo haqida xabar qoldirishi hamda o‘zi turgan joyning geopozitsiyasini jo‘natishi mumkin.
Telegram-botga kelib tushgan murojaatlarning geografik joylashuvi shu tarzda ko‘rinib turadi.
Telegram-bot quyidagi funksiyalarga ega:
- lokatsiya yuborish orqali o‘z mahallangizda ketayotgan ichimlik suvi yoki oqava suv loyihalari haqida mahlumot olish.
- aniqlangan qoidabuzarlik haqida murojaat yuborish (fotosurat majburiy) va yechimini nazoratga olish.
- ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik haqida so‘rovnomada ishtirok etish.
- ichimlik suvining berilish grafigi haqida ma’lumot va tasdiqlash uchun so‘rovnoma.
- oqava suv tarmoqlari bilan ta’minlanganlik haqida so‘rovnomada ishtirok etish.
Strategik islohotlar agentligi, Qurilish va uy-joy kommunal ho‘jaligi vazirligi va “O‘zsuvta’minot” birlashib, ichimlik suvi o‘tkazilishi jarayoni ustidan jamoat nazoratini o‘rnatish uchun maxsus qo‘llanma ishlab chiqildi.
Qo‘llanmada aholi nimaga e’tibor berishi kerakligi sodda va oddiy tarzda ko‘rsatilgan.
Ta’kidlanishicha, Telegram-botdan maqsad – odamlardan qoidabuzarliklar haqidagi murojaatlarni qabul qilish. Murojatlar Qurilish vazirligi va “O‘zsuvta’minot”ning inspeksion bo‘linmalariga yuboriladi va nazoratga olinadi.
Qoidabuzarlik bartaraf etilgandan keyin murojat yuborgan shaxsga foto va videolavhalar yuboriladi va u murojaatchi tomonidan tasdiqlangach, murojaat yopiladi.
Ichimlik suvi ta’minoti loyihalari bo‘yicha fuqarolar quyidagilarga haqli:
- loyiha pasporti mavdjudligini bilishga va undagi ma’lumotlar bilan tanishishga;
- quvur va handaqlar o‘rnatilish tarkibi va tartibini bilishga;
- quvur yotqazish va handaqlar o‘rnatishdagi standart yechim va talablar bilan tanishishga.
Quvur sifatini tekshiring va unga bo‘lgan talablarni biling
Quvur yotqizish
Kuruvchidan ko‘changizga diametri nechilik quvur qo‘yilganligini so‘rang yoki o‘zingiz loyihaga qarang!
Quvurda havorang chiziq bo‘ladi. Agar quvur moviy chiziq bilan qoplanmagan yoki boshqa rangda bo‘lsa, quvurlarni ichimlik suvi uchun ishlatilishi mumkinligini tasdiqlovchi sertifikatini (SeS) quruvchidan talab qiling.
Quvurdagi markirovkaga e’tibor bering – sifatli quvur silliq va bo‘rtmalarsiz bo‘ladi.
Handaq haqida
Xandaq (transheya) parametrlari va quvur ko‘mish texnologiyasi:
Xandaqning chuqurligi kamida 120 santimetr, kengligi kamida 70 santimetr bo‘ladi.
Ustiga xandaqdan chiqqan tuproq tashlanadi.
Quvur ustiga va yon-atroflariga toza kum yoki mayin tuproq (elangan bo‘lishi kerak) tashlanadi. Tosh, chaqir tosh, shag‘al yoki qattiq jism bo‘lmasligi kerak.
Xandaqning pastki qismiga 10 sm mayin tuproq ("yostiq") tashlanadi.
Quduqlar qanday o‘rnatilishi kerak?
Yig‘ma quduqlar osti va usti 2 marta gidroizolyatsiya qilinadi;
Kuvurni quduqqa ulashda maxsus metall quvur yoki mufta bilan himoyalanadi;
Usti standartlarga javob beradigan qopqoq (lyuk) bilan yopiladi.
Quvurlar yo‘llar bilan kesishma qismlarida mahsus g‘ilof bilan qoplanishi kerak
Kuvurlar temir yoki avtomobil yo‘li ostidan o‘tkazilsa, temir qolip (g‘ilof) yoki beton plita bilan o‘rab qo‘yiladi.
G‘ilofning ikki cheti avtomobil yo‘lidan kamida 1,5 metr chiqib turishi kerak.
Quvurlar bosim ostida sinalishi kerak
Kuvurlarning bosimi ikki marta monometr bilan tekshiriladi. Bir marta yuqori, bir marta ishchi bosimda tekshiriladi. Agar bosim pasaysa kuvurda oqizoq – "utechka" borligini bildiradi.
Quvur yotqizish ishlari tugallanganidan keyin yo‘lning buzilgan qismidagi qoplamalar qayta tiklanilishi kerak
Yo‘l qoplamasi quruvchi tomonidan tiklanadi.
Quvur yotqazish ishlari tugagach, agar yo‘l qoplamasiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, quruvchilar tomonidan mavjud yo‘l qoplamasi tiklab berilishi shart.