Badavlat ayolning so‘nggi tuni – Denovdagi mudhish qotillik tafsiloti

Jamiyat 17:09 / 08.05.2024 98264

“O‘tiring, kuyov”

2023 yilning 13 sentabr kuni Denovda dabdabali to‘y bo‘ladi. Ancha yillardan beri ulgurji narxda sement savdosi bilan shug‘ullanib keladigan tadbirkor ayol Saliya Nabiyeva qizini turmushga uzatadi.

Ayrim hududlarda, jumladan Surxondaryoda ham nikoh to‘yi marosimlarida qiziq odat bor: ko‘yovjo‘ralar bilan kelinni olib kelgani borgan kuyov kelinnikida o‘tirmasdan tik oyoqda turadi. Shunda qizning onasi yoki dadasi kelib, kuyovga biror mulk ataydi va “O‘tiring, kuyov” deydi. Kuyov o‘tirmasa, atalgan narsaga yana qo‘shiladi. Bu shunchaki odat: kimdir kuyoviga ataganini keyinchalik imkoniyatidan kelib chiqib olib beradi, kimdir esa yo‘q.

Tadbirkor ayol o‘tirmayotgan kuyoviga qarata “Toshkent shahridan bitta va Denovdan bitta uy hamda topganimning 40 foizi kuyovimniki. O‘tiring, kuyov” deydi. Toshkent shahridan uchta, Surxondaryoning o‘zida bir nechta uylari hamda ko‘plab ko‘chmas mulklari bo‘lgan ayol bu gapni shunchaki aytmagandi, u rostdan ham atagan mulklarini kuyoviga bermoqchi edi.

Janozaga kelmagan ona

To‘y bo‘lib o‘tadi. Bir o‘g‘li va bir qizi bo‘lgan tadbirkor ayol kuyovini chindan hurmat qilar va o‘z o‘g‘li kabi yaxshi ko‘rardi.

2023 yil 30 noyabr kuni tadbirkor ayolga kuyovining otasi vafot etgani xabari keladi. Bu vaqtda kuyovi ish bilan Toshkent shahriga ketgandi.

Soat 21:30larda Saliya Nabiyeva o‘g‘li Umidjon Amanqulov bilan qudasining uyiga boradi. Marhumning yaqinlariga ta’zim bildirib, qiziga ko‘p yig‘lamaslikni, bu holat homilasiga ta’sir qilishi mumkinligini aytadi.

“Kuyovim bilan gaplashdim, seni uyga olib ketishimni aytgandi. O‘zi ham yo‘lga chiqibdi. Janoza ertaga, yetib keladi ungacha” deydi ayol. Biroq qizi ketishga ko‘nmaydi va ahvoli yaxshiligini bildirib, qolishini aytadi. Shu tariqa ayol ertalab janozaga kelishini aytib, o‘g‘li bilan uyiga qaytib ketadi.

 Ikki oylik kelin yarim tunda Toshkent shahridan qaytayotgan turmush o‘rtog‘idan qayerga kelganini bir necha bor so‘raydi. Birinchisida Samarqandga, ikkinchisida Qarshiga yetib kelishganini bildiradi kuyov. Shu bilan tong otadi, janozaga hozirlik boshlanadi. Marhumning barcha yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilar, qishloq ahli janozaga kela boshlaydi.

Ammo kelib-ketuvchilar orasida tadbirkor quda ko‘rinmasdi. Kelin akasiga qo‘ng‘iroq qilib, onasi bilan kelib, janozaga qatnashishini aytadi. Akasi gapni qisqa qilib, xo‘p deb qo‘yaqoladi.

Kelin onasini ko‘p kutadi, biroq ayol janozaga kelmaydi...

Tundagi qotillik

Qiz onasi nega ta’ziyaga kelmaganiga hayron edi. Janozaga kelgan odamlar biroz kamaygach, qaynonasi uning yoniga keladi va sabrli bo‘lishini, onasi ham vafot etganini aytadi. Shunda qiz onasi tunda pichoqlab o‘ldirilganini biladi. Bu xabarni eshitish u uchun dahshatli edi.

Tadbirkor ayol o‘z yotoqxonasida vahshiylarcha pichoqlab o‘ldirilgandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor tergov harakatlari boshlanadi. 

Qotil kim?

Jinoyat xabarini eshitgan ko‘pchilikni shu savol o‘ylantirardi. Kuyovmikan, deya taxmin qilardi ko‘pchilik. Ammo qo‘li qonga botgan qotil na kuyov, na boshqa odam, balki ayolning o‘z o‘g‘li edi.

2000 yilda tug‘ilgan, ikki farzandning otasi bo‘lgan Umidjon Amanqulov doim onasi bilan mulk masalasida tortishib yurardi. “Shuncha uyingiz, mulkingiz bor, ammo birortasini mening nomimga o‘tkazib bermagansiz”, derdi u. O‘g‘liga ishonmagan ayol esa indamay qo‘yaqolardi.

Singlisini turmushga uzatgach, onasining kuyovga nisbatan mehribonligi o‘g‘ilni o‘ylantira boshlaydi. Buning ustiga onasi Toshkent shahridagi uchta kvartiradan bittasini kuyovi nomiga o‘tkazib berish hamda yangi mashina sovg‘a qilish harakatiga tushgandi. Bu esa o‘g‘ilni yashirin jinoiy reja tuzishga undagandi.

Qo‘li qonga botgan o‘g‘il

Qudasining uyidan qaytayotgan tunda ona va o‘g‘il yo‘lda yana tortishib qoladi.

“Uyni kuyovingiz nomiga o‘tkazib bermaysiz. Unga mashina ham olib bermaysiz” deydi o‘g‘il. Ayol esa rad javobini aytib, shunday qilishini bildiradi.

Janjal uyga kelgach yana davom etadi: Umidjon onasining xonasiga kirib, mening nomimda nega mulk yo‘q, men ko‘chada qolaymi, deya tortishuvni davom ettiradi. Onasi esa bu masalani ertalab gaplashishini aytadi.

Bu badavlat ayolning so‘nggi tuni edi: mol-mulkni begonaga berib yuborayotganidan jahli chiqqan o‘g‘il onasini o‘ldirish va bu ishni kuyovi bo‘yniga qo‘yib, jamiki mulkka ega chiqishni reja qiladi. U ushbu jinoiy rejasini amalga oshirish maqsadida o‘sha tunning o‘zidayoq – soat 2:00larda pichoq ko‘tarib, onasining xonasiga kiradi. Bu paytda onasi uxlab yotgandi.

Qotil o‘g‘il o‘z onasiga 3-4 marta pichoq uradi. Keyin uni o‘lgan deb o‘ylab, qo‘shni xonaga o‘tayotganida ichkaridan ovoz eshitiladi. Qaytib kirsa, onasi o‘rnidan turishga harakat qilayotganligini ko‘radi. U onasining bo‘yin sohasiga yana 3-4 marta pichoq bilan zarba beradi va uni shu tariqa qasddan o‘ldiradi. So‘ngra qotil avvaliga pichoqni, o‘g‘il qon sachragan kiyimlarini yuvib qo‘yadi. U jinoyat izlarini yashirishga kirishgandi.

Umidjon Amanqulov atrofda go‘yoki onasini boshqa odam o‘ldirib ketgandek tasavvur uyg‘otish maqsadida hech narsa ko‘rmagandek turmush o‘rtog‘ining oldiga kirib yotadi.

Xato

O‘g‘il qotillik qilib, hammani chalg‘ita olishi qiyin edi. Tergov xodimlari ishni o‘rganishni boshlashi bilan undan shubhalana boshlaydi. Sababi, u xato qilgandi.

Ertalab hech narsa bo‘lmaganiday tez tibbiy yordamga telefon qiladi.

Sudda guvoh sifatida so‘ralgan qo‘shnisi shunday ko‘rsatma bergan:

“Saliya opaning uyi bilan uyimizni bir yo‘l ajratib turadi. 2023 yil 30 noyabrdan 1 dekabrga o‘tar kechasi odatdagidek yotib uxladim. Biror shovqin yoki janjalni eshitmadim. Ertalab soat 7:00larda bomdod namozini o‘qib, uydan chiqdim. Qarasam ko‘chamizga profilaktika inspektorining mashinasi va tez tibbiy yordam mashinasi kirib kelayotgan ekan. Ularni Umid kutib turardi. Undan nima bo‘lganini so‘radim. Umid “onamni kimdir pichoqlab ketibdi”, dedi. Lekin onasi o‘lganligini aytmadi. Unda achinish yoki yig‘laganlik holatini ko‘rmadim, odatda qanday yuradigan bo‘lsa, o‘zini shunday tutib turgandi”.   

 Ha, aynan mana shu holat – yuzida achinish yoki musibat yo‘qligi unga bo‘lgan shubhalarni oshirib yuborgandi. Keyinchalik uning qilmishi ko‘plab ekspertiza xulosalari, guvohlarning ko‘rsatmalari bilan o‘z tasdig‘ini topadi.

Jazo

2024 yilning 1 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Umidjon Amanqulov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v,i” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Sud hukmi bilan unga nisbatan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud hujjatlari asosida tayyorlandi.

Ko‘proq yangiliklar: