Rossiya hukumati prezident Vladimir Putinning beshinchi muddatga lavozimga kirishishi munosabati bilan iste’foga chiqdi. Tegishli buyruqni bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.
Qonunga muvofiq, yaqin kunlarda Putin Davlat Dumasiga yangi bosh vazir nomzodini taqdim etishi lozim, bu kim bo‘lishi hozircha noma’lum. Nomzod tasdiqlanadigan Duma yig‘ilishi 10 mayga belgilangan.
Yangi bosh vazir tasdiqlanmaguncha, avvalgi hukumatning butun tarkibi o‘z vazifasini bajaruvchi sifatida ishlashda davom etadi.
Duma tomonidan tasdiqlanganidan keyin bir hafta ichida yangi bosh vazir prezidentga yangi hukumat tuzilmasi bo‘yicha takliflar kiritishi kerak.
Mishustin boshchiligidagi vazirlar mahkamasi to‘rt yildan sal ko‘proq ishladi.
7 may kuni Kremlda Vladimir Putinning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.
Rossiya prezidenti saylovida Vladimir Putin 87,28 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan edi.