Pulning narxini boshqarish: Asosiy stavka nima?

Iqtisodiyot 21:51 / 07.05.2024 14793

Asosiy stavka – pul-kredit siyosatining asosiy instrumentlaridan biri

— Avvalambor, har bir Markaziy bank pul-kredit siyosatini amalga oshirishda o‘z oldiga ma’lum instrumentlarni belgilab oladi. Bu instrumentlar orqali Markaziy bank yalpi talab darajasiga, iqtisodiyotdagi investitsion faollikka, umuman iqtisodiy munosabatlarga ta’sir qilib boradi. Bu ta’sir mamlakat rivojlanishiga qarab turlicha bo‘ladi. Ba’zi mamlakatlarda asosiy stavka o‘zgarishi bilan moliya bozorlari rivojlangani uchun yakuniy instrumentlarga tezkor ta’sir qilsa, rivojlanayotgan davlatlarda bu ta’sir ma’lum vaqt talab qiladi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy bank o‘zining pul-kredit siyosatini yuritishda har xil turdagi instrumentlar to‘plamini belgilab oladi. Shunday instrumentlardan biri – pul-kredit siyosatini belgilovchi, aniqlashtiruvchi foiz stavkasi.

Bu Markaziy bankning asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘lib, mamlakatdagi pul muomalasini tartibga soladi. Shu bilan birga, pul bozoridagi foiz stavkalariga ta’sir etish uchun Markaziy bank o‘z oldiga siyosiy instrumentlarni belgilab oladi. Bu instrumentlarga asosiy stavka va foiz koridori, likvidlikni jalb qilish instrumentlari, shu bilan birga kommunikatsion siyosat kiradi.

2019 yildagi prezident farmoni bilan inflyatsion targetlash rejimiga o‘tganimizdan keyin barcha pul-kredit siyosati takomillashtirilib, jahon andozalariga moslashtirilyapti. Inflyatsion targetlashga o‘tgan davlatlarda kuzatiladigan instrumentlarning barchasi bizda ham bor. Pul-kredit siyosati orqali Markaziy bank iqtisodiy munosabatlarning yo‘nalishi va yalpi talab darajasiga ta’sir qiladi, shu bilan birga investitsion faoliyatni muvofiqlashtiradi.

Asosiy stavka – bir kunlik pul narxi

— Pul-kredit siyosati prognozlashtirish va tahliliy tizim, kommunikatsion siyosat va pul-kredit siyosatining operatsion mexanizmlarini o‘z ichiga oladi. Operatsion mexanizmning asosiy instrumenti – asosiy stavka. Asosiy stavka bir kunlik pul narxini belgilaydi. Asosiy stavkani belgilash orqali pul bozoridagi operatsiyalarga yo‘nalish beramiz. Bizda banklararo pul bozori, davlat qimmatli qog‘ozlari bozori, o‘rta muddatli resurslar bozori va iste’mol instrumentlari bozori bor. Bizga ko‘proq aholidan iste’mol yoki investitsion instrumentlar bozori borasida savol keladi. Ulargacha esa juda katta bozorlar bor: har bir bank o‘z to‘lovlarini amalga oshirish, to‘lov tizimida faol bo‘lish uchun banklararo pul bozoridan foydalanadi. Qolaversa, davlat qimmatli qog‘ozlari bozori ham bor. Bunda banklar tomonidan resurslar jalb qilinadi va qayta taqsimlanadi. Mana shu bozorga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiluvchi instrument asosiy stavka hisoblanadi.

Inflyatsion targetlashga o‘tganimizning yana bir muhim yo‘nalishi – pul bozorini rivojlantirish. Agar 2020 yilda pul bozorining yalpi ichki mahsulotga nisbati 5 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozir qariyb 40 foizga yetdi. Asosiy stavka mana shu bozordagi narxlarga ta’sir qiladi. Agar umumiy aytsak, Markaziy bank asosiy stavkani belgilash orqali qisqa muddatli pulning narxini belgilaydi. Pul narxi qisqa muddatli bo‘lgani uchun xatardan biroz yiroq, risksiz hisoblanadi – bir kunlik yoki bir haftalik pul narxi asosiy stavkaga yaqin shakllanadi. Odatda, bularni biz risksiz foiz stavkasi deymiz. Banklar bir-biriga mablag‘larni taqsimlaganda MB belgilagan asosiy stavka doirasida yoki uning koridorida taqsimlaydi.

Qisqa muddatli pul narxlari juda yuqori bo‘lib ketmasligi uchun MB asosiy stavkasining yuqori koridori bor: 14+2. Bu bilan Markaziy bank aytadi: “Banklar, agar sizlarga pul kerak bo‘lsa, Markaziy bank 16 foizdan sizlarga bir kunlik resurs beradi. Yoki xuddi shuning teskarisi, agar bir-biringizga pul joylashtirish imkoni bo‘lmasa, Markaziy bank pullaringizni bir kunga 12 foizga oladi, ertasi kuni shunga foiz to‘lab beradi.

Bu yerda muhim jihati – pulning vaqt doirasidagi qiymati. Qanchalik vaqt uzoq bo‘lgan sari pulning narxi qimmatlashib, ustiga foiz qo‘shiladi. Bu inflatsiya prognozidan kelib chiqadi. Bugungi 100 mln so‘mingiz 1 yildan keyin 100 mln bo‘lib turishini xohlamaysiz, chunki bir yil davomida pulning qadrsizlanishini bor, inflatsiya jarayonlari bor iqtisodiyotda.

Undan keyin pul bozorida oylik segment bor: bir haftadan ikki haftagacha bo‘lgan segmentlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga qaysidir ma’noda muddat bo‘yicha risk va likvidlik bo‘yicha risk qo‘shadi. Tranzaksiya amalga oshirish muddati qancha uzoq bo‘lsa, shunchalik unga xatar mukofoti qo‘shiladi. Xatar mukofoti muddatga qarab yuqorilaydi va iqtisodiyotda pulning davr nuqtayi nazardan turli xil narxlari shakllanadi.

MB asosiy stavka bilan pulning qisqa muddatli narxini belgilaydi va bu stavka banklararo pul bozorida indikator bo‘lib xizmat qiladi. Shunga qarab banklar bir-biriga pul joylashtiradi. Bundan butun iqtisodiyotga signal tarqaladi. Keyin bir yillik, ikki yillik pullar va qimmatli qog‘ozlar bozori bor. 2022 yilda 20-22 trln so‘mlik Markaziy bank obligatsiyalari muomalaga chiqarilib, hammasining narxi asosiy stavkaga bog‘langan bo‘lgan. Xuddi shunday joriy yil aprel yakunlari bo‘yicha 26 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari muomalaga chiqarilgan. Shu obligatsiyalarning ham, qimmatli qog‘ozlarning ham narxlari asosiy stavkaga bog‘langan.

Keyingi bozor – banklarning mijozlar bilan munosabatlar bozori. Bu qisqa va uzoq muddatli depozitlar hamda kreditlar bozorini anglatadi. Xulosa qilsak, MB asosiy stavkani belgilash orqali qisqa muddatli pul bozorida pul narxini belgilaydi.

2017 yildagi o‘zgarishlar

— Asosiy stavka shakllanishining asosiy omillaridan biri iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlar va kutilmalar. 1990-yillarda 300 foizgacha yuqori ko‘rsatkichlar bo‘lgan, bu ko‘proq o‘sha davrdagi inflyatsion jarayonlar bilan bog‘liq. Davlatimiz mustaqil bo‘lganidan keyin yangi pul muomalasini joriy qilish davrida juda kuchli inflatsiya kuzatilgan. Chunki tarmoqlarda ishlab chiqarish salohiyati pasayib ketgan, so‘m-kupon muomalaga kiritilganidan keyin iqtisodiyotda narxlarda o‘suvchi dinamika kuzatilgan. Shu yuqori inflatsiyaga mos ravishda asosiy stavka (o‘sha paytda qaytda moliyalash stavkasi deb nomlangan) darajasi ham ko‘tarib borilgan.

2015 yilda eng past nuqtagacha pasaygan – 9 foiz, lekin 2017-2018 yillardan boshlab asosiy stavkani inflatsiya darajasi bilan bog‘lagan bo‘lardim. Sababi, iqtisodiyotda erkinlashtirish boshlanganidan keyin, 2017 yil 5 sentabrdan valuta bozori erkinlashtirilishi, undan keyin barcha O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini ochish bo‘yicha davlat rahbarining tegishli farmoyishi bo‘lgan. Biz Xalqaro valuta jamg‘armasining ma’lumotlarni tarqatish tizimiga ulanganmiz, bu borada majburiyat olganmiz.

2017 yilgacha xalqaro valuta zaxiralari yoki iqtisodiyotga ajratilgan kreditlarning jami hajmi kabi ma’lumotlar maxfiy ma’lumotlar bo‘lgan. Shu jumladan, oltin-valuta zaxiralari – qancha oltin bor, qancha ishlab chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar ham. 2017 yildagi prezident qaroridan keyin barcha ma’lumotlardan xizmat doirasida foydalanish grifi va maxfiylik belgisi olib tashlangan. Shundan keyin barcha tashkilotlarga har bir e’lon qilinadigan ma’lumotlar shaffofligini ta’minlash va shu bilan birga, Xalqaro valuta jamg‘armasining ma’lumotlarni tarqatish tizimiga ulanish topshirig‘i berilgan. Shu davrda alohida topshiriq bilan idoralar o‘z ma’lumotlar bazasini xalqaro standartlar asosida shakllantira boshlagan.

Xalqaro standart deyilganda har bitta sohaning Jahon banki yoki xalqaro statistika agentligi tomonidan tasdiqlangan umumqabul qilingan metodologiyasi bor. Deylik, YaIM nuqtayi nazaridan statistika ko‘p qo‘llanadi. Bu milliy hisoblar tizimi deyiladi. Markaziy bank ham pul-kredit siyosatini xalqaro standartlarga moslashtira boshlagach, hamma tashkilotlar to‘lov balansi haqidagi ma’lumotlarni shakllantira boshladi. 2017 yilda Statistika agentligi tomonidan inflatsiyani hisoblashning yangi metodikasi joriy qilindi. Unga ko‘ra, inflatsiyani hisoblash bo‘yicha metodologiya o‘zgartirildi. 2016 yilgacha inflatsiya hisob-kitobida suzuvchi vaznlar qo‘llangan va shu bois inflatsiya turg‘un turgani – 5,8-6 foiz atrofida shakllanganini ko‘rish mumkin.

Suzuvchi vaznlar deganda, tanlab olingan mahsulotlarning iste’mol savatidagi vaznlari oylar davomida o‘zgartirib borilgan, qaysidir oylarda mahsulotlar narxlari arzonlashsa, umumiy inflatsiyaning pasayishiga hissa qo‘shgan. Qaysidir oylarda esa yuqori oshib ketgan mahsulotlarning vaznlari kamaytirilgan va umumiy inflatsiya o‘zgarishsiz qolgan. Shunaqa hisob-kitoblar ayrim mamlakatlarda bugungi kunda ham qo‘llanadi. Lekin bu inflyatsion jarayonlarni xolis va shaffof aks ettirmaydi. Yil davomida vazn bir xil turadigan bo‘lsa, inflyatsion omillarni aniq ko‘rsatadi. Statistika agentligi ham raqamlarni o‘zgarmas vaznlarda e’lon qilib borishga o‘tgach, 2018 yil yanvar oyida O‘zbekiston tarixida ilk bor rasmiy inflatsiya 20,5 foizgacha ko‘tarilgan. Shu nuqtayi nazardan asosiy stavka darajasi ham ko‘tarilgan, keyin esa inflatsiya pasayib borishiga qarab stavka 14 foizgacha tushirilgan.

Ichki pul bozori va valuta bozorimiz bir-biriga bog‘liq

— 2022 yil mart oyida valuta bozoridagi o‘zgarishlar, qo‘shnilarda boshlangan geosiyosiy voqealar va shu bilan birga pul o‘tkazmalari, import va eksportdagi o‘zgarishlar tufayli valuta bozoridagi ma’lum bir tebranishlar yuzaga keldi. Shu paytda asosiy stavka 17 foizga oshirildi. Bu pul bozorida ham o‘z aksini topgan. Ichki valuta bozorimiz bilan ichki pul bozorimiz bir-biriga juda bog‘liq, sababi har qanaqa valutani xarid qilish uchun so‘mdagi likvidlik kerak. Valuta xarid qilish uchun Markaziy bankda ma’lum miqdorda so‘m bo‘lishi kerak. 2022 yilda juda katta bosim bo‘lgani sababli asosiy stavka 14 foizdan 17 foizga ko‘tarilgan.

Yuqorida aytdim, 2020 yildan beri qabul qilinayotgan qarorlarning aksariyati makroiqtisodiy tahlil va prognozlar asosida berilgan takliflar bilan qabul qilinyapti. Boshqaruvga olib chiqiladigan turli ssenariylar bo‘lishi mumkin, lekin boshqaruvda kollegial tasdiqlanadigan har bir ssenariy tagida tizimli tahlil va prognozlar yotadi. 2023 yil mart oyida asosiy stavka 14 foizga pasaytirildi va bugungi kunda ham o‘zgarishsiz qolmoqda.

Ko‘p savollar tushadi, asosiy stavka o‘zgarishsiz saqlab qolinsa, shuncha muhokama nimaga kerak? Har bir o‘zgarishsiz saqlab qolingan darajaning orqasida ham shuncha muhokama bor. Odatda, o‘zgarishsiz saqlab qolish haqida qaror qilingan majlislarda ko‘proq muhokama bo‘ladi. Nega tushirmaslik kerak, degan savolga ekspertlar guruhi keng ko‘lamli tahlillarni berib, o‘z javoblarini asoslashi kerak bo‘ladi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: