Bu yil Amudaryo va Sirdaryoda suv hajmi yaxshi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev parlament eshituvida gapirdi.
Qayd qilinishicha, parlament quyi palatasi deputati Muqaddas Tirkasheva suv xo‘jaligi vaziridan asosiy daryolarga suv kelish prognozlari bilan qiziqqan.
«Markaziy Osiyo davlatlari bilan har yili suv limitlari kelishiladi. Bugungi kunda saylovchilar bilan uchrashganimizda suv tanqisligi haqida ko‘p murojaat qilishadi. Qo‘shtepa kanali qurilishining Amudaryo suviga ta’siri bo‘layaptimi, degan xavotirlar bildiriladi. Umuman olganda, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolarida suv kelish prognozlari avvalgi yillarga nisbatan necha foizni tashkil qilmoqda? Iqtisodiyot tarmoqlarini kafolatli suv ta’minoti bilan ta’minlash borasida qanday choralar ko‘rilmoqda?», deb so‘radi Tirkasheva.
Bunga javoban Shavkat Hamroyev shunday dedi:
«Darhaqiqat, 5 ta davlat suv limitlarini o‘zaro kelishadi. Oxirgi yig‘ilishimiz Chimkentda bo‘lib o‘tdi. Unda suv havzalaridagi suv holati muhokama qilindi. Bu yilgi yog‘ingarchiliklar natijasida Amudaryo va Sirdaryo daryolarida suv hajmi yaxshi bo‘lishi bashorat qilinyapti. Hozirgi holatda o‘tgan yilgi daraja kutilyapti. Ko‘p yillik me’yorlarga nisbatan esa Sirdaryoda 85-90 foiz, Amudaryoda 90-95 foizgacha suv bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Bugungi kunda suv omborlarimizda o‘tgan yilga nisbatan 1,5 milliard kub ortiqcha suv zaxirasi yaratilgan».
Shuningdek, vazir so‘nggi yillardagi ochiqlik siyosati natijasida qo‘shni davlatlar bilan ko‘p masalalarda, jumladan, suv masalasida ham yaqin hamkorlikda ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
«Suv bizni dushman qilib emas, do‘st qilib, manfaatli hamkorlik qilishga, Xudoning bergan ne’matidan samarali foydalanishga undaydi», dedi Hamroyev.