«Ukraina bilan bog‘liq inqiroz qanchalik uzoq davom etsa, uning Yevropa va dunyoga yetkazadigan zarari shunchalik katta bo‘ladi, Xitoy Yevropa qit’asi tez orada tinchlik va barqarorlikka qaytishiga umid qiladi va xalqaro hamjamiyat, jumladan, Fransiya bilan inqirozni hal qilishning oqilona yo‘lini topishda hamkorlik qilishga tayyor», - deyiladi Xitoy yetakchisi Si Jinpingning Fransiyaga tashrifi munosabati bilan e’lon qilingan maqolasida. U 5 may, yakshanba kuni Xitoy hukumati saytida, shuningdek, Fransiyaning Le Figaro gazetasida chop etildi.
Matnda ta’kidlanganidek, «Xitoy Ukraina inqirozining manbayi ham, uning tomoni yoki ishtirokchisi ham emas», ammo XXR «bu inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishda konstruktiv rol o‘ynadi». So‘nggi dalil munosabati bilan, Si bir necha bor «BMT Nizomining maqsadlari va asoslari, barcha mamlakatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish hamda barcha tomonlarning qonuniy xavfsizlik manfaatlarini hisobga olish»ga, yadro qurolidan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirganini eslatdi.
Makron va Si o‘rtasidagi muzokaralarning ehtimoliy mavzulari
Ayni paytda, AFP yozganidek, Si Jinpingning Parijga tashrifi chog‘ida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchun asosiy ustuvor vazifa uni «Rossiyani (Ukrainaga qarshi urushda) qo‘llab-quvvatlash qanchalik xavfli» ekani haqida ogohlantirish bo‘ladi.
O‘z navbatida, inson huquqlari tashkilotlari, xususan, Human Righs Watch (HRW) Makronni Xitoyda uyg‘urlarga nisbatan munosabat va jurnalistlarning qamoqqa olinishi masalasini ko‘tarishga chaqirmoqda.
Makronning o‘zi 4 may kuni The Economist nashriga bergan intervyusida «Xitoyni xalqaro tartib barqarorligini ta’minlashda ishtirok etishga majburlash» G‘arb manfaatlariga mos ekanini aytdi. O‘sha intervyuda Fransiya prezidenti Xitoyni xalqaro savdo qoidalarini buzayotganlikda aybladi va Yevropa «strategik manfaatlarini hurmat qilishi» kerakligini aytdi, deb eslatdi AFP.
Si Jinping Yevropaga safari davomida tashrif buyuradigan boshqa ikki davlat - Vengriya va Serbiya kuzatuvchilar tomonidan Yevropada Rossiyaga nisbatan eng do‘stona davlatlar sifatida ko‘riladi.